Breaking News

O’zbekistonda uch yillik o’zgarishlar siyosiy erkinlikka yetakladimi?


Freedom House (Ozodlik uyi) dunyo mamlakatlaridagi erkinlikka doir e’lon qilgan yangi hisobotida O’zbekistonda rejim avtoritar qolayotganini ta’kidlaydi. Avtoritar rejim qonunlar, hokimiyat bo’g’inlari, fuqarolik institutlari ham yagona rahbarga, O’zbekiston misolida prezident Shavkat Mirziyoyevga bo’ysunishi va xizmat qilishini anglatadi.

Bunday rejimda prezident hokimiyatni raqobatsiz boshqaradi, muxoliflar siyosiy maydonga kiritilmaydi.

Sharhlovchilar bu tashxis O’zbekistonda muxolafatsiz o’tgan parlament saylovlari jarayonida isbotlaganini aytishadi, yaqinlashayotgan navbatdagi prezidentlik saylovlari davomida esa avtoritar rejim yanada yaqqol namoyon bo’lishi ehtimol qilinadi.

"Ozodlik uyi" nazarida O’zbekistonda parlament ham, sud huquq tizimi ham markaziy hokimiyat ixtiyoridagi vosita, islohotlar tepadan berilgan ko’rsatma asosida qilinadi, mamlakatdagi matbuot hamon keskin nazorat va bosim ostida.

Hukumatning islohotlarga, yangilanishga doir chaqiriqlariga qaramasdan qamoqxonalarda hamon ko’plab diniy va siyosiy motivlar bilan qamalgan mahbuslar qolmoqda, deyiladi hisobotda.

195 mamlakatdagi siyosiy erkinlikni o’rgangan xalqaro tashkilot O’zbekistondagi vaziyatni mavjud 100 balli tizimdan o’nga baholaydi, mamlakat erkin emas degan xulosa beradi.

Qiyos uchun qo’shni Turkmanistondagi vaziyat 2 ballga baholangan, O’zbekistonda siyosiy huquqlarning 40 dan 2 tasi, fuqarolik huquqlarini 60 dan 8 tasiga amal qilinayotgani ta’kidlanadi.

Siyosiy erkiniklar darajasida Turkmanistondan nisbiy farq qilish, Tojikiston (9 ball) bilan deyarli tenglik, Qirg’iziston (39 ball), Qozog’istondagi (23 ball) vaziyatdan orqada bo’lish yangi O’zbekiston shiori bilan qudratga kelgan Shavkat Mirziyoyevning haqiqatda o’zgarishlarga, ayniqsa siyosiy islohotlarga moyil emasligidan ham darakdek.

O’zbekiston hukumati inson huquqlari, siyosiy erkinliklarga doir bu hisobotga hozircha biror munosabat bildirmagan.

Ammo mamlakatda siyosiy erkinliklar cheklangani, siyosiy muxolafatga ruxsat berilmayotganiga doir qarashlarni hukumat rasmiylari, prezident Mirziyoyev tomonidan ham izohlab o’tilgan.

Shavkat Mirziyoyevning bu bordagi, xususan o’zbek muxolafatiga doir qarashlari o’ta keskin; foydasiz, samarasiz, chetdagi muxolafat qaytishiga yo’l qo’yilmaydi.

“Menga xalqim ishonch bildirsa, men hech qachon tashqaridan oppozitsiyani qo’ymayman. Biz ichkaridan tayyor bo’lishimiz kerak. O’zimizning milliy urf-odatlarimiz, xalqimiz manfaati bilan tayyor bo’lishimiz kerak”, - degan edi prezident shu yil boshida Oliy Majlisga qilgan murojaatida.

Mirziyoyevga ko’ra, muxolifat chetdan kelishi mumkin emas, mamlakat ichkarisida shakllanishi kerak. Hukumat rasmiylari, shuningdek qonunchilik hokimiyati vakillarining bu boradagi qarashlari ham prezident mulohazalarini to’ldiradi.

Avvalroq parlament raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev muxolifat xorijda bo’lishi mumkin emasligi, u mamlakat ichida yetilishi lozimligiga haqida gapirib otgan edi.

Eng demokratik deb hisoblangan 41 davlatdan 25 tasida erkinlik darajasi pasaygan
Eng demokratik deb hisoblangan 41 davlatdan 25 tasida erkinlik darajasi pasaygan


Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi muxolafat kelishiga yo’l qo’ymaslikka doir bayonoti nisbatan yaqinda qilinganiga qaramasdan bu ko’rsatma u hokimiyatga kelganidan buyon amalda ekanligi kuzatiladi.

Hokimiyat o’zgarishini, prezident Mirziyoyev islohotlarini yoqlab chiqqan xorijdagi muxolafatning yangi hokimiyat bilan muloqot o’rnatishga doir tashabbuslari inobatsiz qoldi.

Mirziyoyev hokimiyati mamlakatdagi parlament saylovlarida qatnashish da’vosi bilan chiqqan muxolifatchilarga ham e’tibor bermadi, xoirijdagi faollarning siyosiy kurashga qo’shilishga doir arizalari ko’rib chiqilmadi.

Xorijdan O’zbekistonga borgan muxolafat faollari esa Toshkent aeroportidan ortga qaytarildi, va nihoyat prezident Mirziyoyevning o’zi chetdagi siyosiy muxolifat bilan muloqot bo’lmasligiga doir aniq ishora bilan chiqdi.

Mirziyoyev boshqaruvidagi o’zgarishlarni baholashda mamlakat matbuotidagi nisbiy o’zgarishlar, axborot olishga doir cheklovlar bo’shashganiga diqqat qaratiladi.

Mamlakatda uzoq yillar to’siqda bo’lgan mustaqil ommaviy axborot vositalariga qo’yilgan to’siqlarning olinishi, matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy chiqishlar ko’payishi shunday o‘zgarishlar sirasidan.

Ammo bu o’zgarishlar davomli rivojlanmoqda deyish qiyin, mahalliy hokimiyatlarni tanqidga olgan blogerlar, jurnalistlar bosimdan, hibslardan xoli emas. Mamlakatda hozirgacha o’ndan oshiq bloger, jurnalistlar ma’muriy qamoq jazosini o’tadi, turli jarimalarga tortildi.

Matbuotdagi tanqidiy chiqishlar esa prezidentga, markaziy hukumatga daxl qilmaydi, ijtimoiy muammolar bilan cheklangani kuzatiladi.

O’z hisobotida O’zbekistondagi matbuot erkinligi darajasiga ham to’xtalgan Freedom House fikricha, mamlakat hukumati matbuot ustidan keskin nazoratni ushlab qolmoqda.

O’zbekiston inson huquqlari, siyosiy, diniy erkinliklar, korrupsiyaga doir xalqaro hisobotlarda muntazam vaziyat eng yomon bo’lgan davlatlar qatoridan bo’lib kelgan.

Mamlakatda hokimiyat almashishi, islohotlar e’lon qilinishi ortidan bu vaziyatda nisbiy siljishlar kuzatildi. Ammo hokimiyat, shaxsan prezident Mirziyoyev tomonidan surilayotgan, va’da qilinayotgan islohotlar ko’lami qarshisida xalqaro hisobotlarda qayd etilayotgan bu siljishlar o’ta zaif ko‘rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG