Breaking News

Apachi qabilasi ham koronavirusdan aziyat chekmoqda


Apachi qabilasiga qarashli yerlar, Arizona shtati

Arizona shtatida jazirama issiq hukmronlik qilar ekan, sahro aholisi salqin Oq tog’ hududlariga intilmoqda. Shtatda COVID-19 pandemiyasi dahshati tobora ortib borayotgan bir paytda Oq tog’ni vatan deb bilgan Apachi qabilasi ziyoratchilarning kelishidan xavotirda.

Qabila 13500 kishilik aholisini virusdan himoya qilish uchun keskin choralarni qo’llamoqda. Shu paytga qadar qabilla vakillarining 13 foizida koronavirus aniqlangan.

Apachi yetakchilari mamlakatda boshqa qabilalar joriy etgan cheklovlardan namuna olmoqda. Xususan, pandemiya girdobidan chiqib keta olgan Navaxo qabilasidan.

Apachi qabilasi doira raqsi
Apachi qabilasi doira raqsi

Arizona shtatining shimoli-sharqida joylashgan apachi qabilasi qo’riqxonasiga borgan ziyoratchilar ikki hafta mobaynida belgilangan dam olish zonasidan chiqmasligi shart. Aks holda, jarima va choralar qo’llaniladi. Fort Apachi qo’riqxonasi baliq ovi, sayr va qayrag’ochlar orasida chodirda tunash maqsadida keladigan ziyoratchilar uchun yopilgan.

Qabilaning 20 nafar vakili koronavirus tufayli vafot etgan. Kuniga 3000 dan ziyod bemor aniqlanayotgan shtatda Oq tog’ aholisi ham jiddiy yo’qotishlar bilan yuzlashmoqda. Arizona shifoxonalarida bemorlarga joy yetishmayapti.

Qabila koronavirusga chalingan uysiz aholi vakillarini ayni damda yopiq bo’lgan mehmonxonalarga joylashtirmoqda. Joriy yil oxiriga qadar spirtli ichimliklar savdosi va iste’moli taqiqlangan. Mast holatda karantin tartiblari va masofa saqlash qoidasiga hech kim amal qilmaydi, deydi qabila vakillari.

Bu orada AQSh Prezidenti Donald Trampning Mustaqillik bayrami arafasida Rashmor tog‘iga tashrif buyurish rejasi ba’zi jamoatchilik vakillari, xususan, tub amerikaliklar tomonidan keskin tanqid ostiga olinmoqda.

Apachi qabilasi o'z udumlarini saqlab qolgan lekin boshqa tub jamoalar singari kambag'al
Apachi qabilasi o'z udumlarini saqlab qolgan lekin boshqa tub jamoalar singari kambag'al

Janubiy Dakotadagi Rashmor tog‘ida Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnning 18 metrli haykali joylashgan bo’lib, Amerikaning siyosiy ahamiyatga ega yodgorliklaridan biri sanaladi.

Tub amerikaliklarning fikricha, qulchilikni yoqlagan Konfederatsiya yetakchilarining haykallari buzib tashlanganday, bu monumentlar ham vayron etilishi kerak. Sababi, yodgorlik tub amerikaliklarning yerini tortib olgan oq tanli istilochilarni ulug'laydi. Oq tanlilarning boshqa irqlardan ustunligiga ishoradir.

“Tub amerikaliklarning yerini tortib olib va yana huddi shu yerning o’zida genotsid amalga oshirgan bosqinchilar sharafiga haykal qo’yish adolatdan emas”, - deydi Oglala Lakota qabilasi vakili Nik Tilsen.

Apachi qabilasi qizi etnik kiyimda
Apachi qabilasi qizi etnik kiyimda

Ba’zi oq tanli amerikaliklar ham AQSh asoschilari hisoblanmish Jorj Vashington va Tomas Jeffersonni ulug’lash xato ekanligini, sababi ular ham quldor bo’lganligini ta’kidlaydi.

Lekin Avraam Linkoln quldorlikka qarshi kurashgan ilk prezident hisoblanadi, qul saqlamagan. Ammo u ham Minnesotaga yangi ko’chirilgan oq tanli kishilarga qarshi chiqqan tub aholini osishga buyruq bergani aytiladi.

Prezident Donald Tramp yodgorlikni Mustaqillik kunidan bir kun avval - 3-iyulda ziyorat etishi kutilmoqda.

Bir paytlar Donald Tramp ham Rashmor tog‘ida uning portreti tushirilishini orzu qilishi aytilgandi.

Lekin mutaxassislar fikricha, “Rashmor to‘rtligi”ni “beshlik”ka aylantirishning imkoni yo‘q, chunki beshinchi portret uchun tog‘ qiyaligida yetarli joy yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG