Breaking News

Uysizlar koronavirusdan qanday himoyalanmoqda?


Koronavirusga qarshi kurash va uysizlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00

Koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurash vositalaridan biri odamlarni uyda o’tirishga majburlash. Ammo AQShda soni 600 mingga yaqin ekani aytiladigan uysizlar uchun bunday chora foydasiz.

Adekson odatdagi uysizlarga o’xshamaydi. Bir paytlar u tarbiyasi og’ir yoshlarga murabbiylik qilgan. Hozir esa o’zi qiyinchilikka yuz tutib, ko’chalarda tunamoqda.

“Ham jismonan, ham ruhan oson emas. Doim nonushta, tushlik, kechki ovqat, kiyim va yotoq topish haqida qayg’urishingiz kerak”, - deydi u.

Koronavirus vaziyatni yanada qiyinlashtirdi.

“Tozalash vositalari yo’q ekan yoki joylar dezinfeksiya qilinmas ekan, odamlarga virus yuqish ehtimoli oshadi”, - deydi Adekson.

Adekson kabi uysizlar AQShda 600 mingga yaqin. Pandemiya davrida, ayniqsa, ular hayoti xavf ostida.

Vashingtonda koronavursdan o’lgan 527 odamning 20 tasi uysiz bo’lgan. Ular orasida o’lim holati boshqalarga qaraganda ikki barobar ko’p.

“Odamlar kelib, kasallik simptomlari borligini aytadi. Biz ularni boshqalardan ajratib olib, karantin hududiga olib boramiz va testdan o’tkazamiz. Agar natija musbat chiqsa, ular bilan aloqada bo’lganlarni aniqlab, ulardan ham o’zlarini karantinga olishini so’raymiz”, - deydi Vashingtonning koronavirusga qarshi kurash jamoasi rahbari Kris Geldart.

Rasmiylar uysizlar qoladigan markazlarni nazoratga olishga harakat qilmoqda.

“Pandemiya boshlanishi bilan o’tgan ikki hafta ichida uysizlar boshpanasida virus juda tez tarqalayotgani aniqlandi. Odamlarni bu joylardan chiqarib, kattaroq hududlarga o’tkazishdi. Ba’zi joylarda sport maydonlari va mehmonxonalar ijaraga olindi”, - deydi tadqiqotchi Samanta Batko.

61 yoshli Meri Montalvo parkda yashaydi. Yordam tashkilotlari va cherkovdan oziq-ovqat va gigiena vositalarini oladi, ammo niqob topish qiyin.

“Har ikki-uch kunda berishadi, lekin ko’pchilik niqobini yo’qotib qo’yadi. Qo’l yuvish ham muammo. Ba’zan cherkovga kiraman, lekin o’zim bilan sumkamda tozalovchi vosita ham olib yuraman”, - deydi Meri.

Maykl Uilyams kabi ish qidirayotganlar uchun hozir yanada qiyin.

Markazlarda uzun navbatlar hosil bo’lgan.

“Biror xizmat olish juda qiyinlashdi. Bir paytda bitta odamni qabul qilishadi. Orada masofa saqlash kerak. Ishlarga topshira olmayapman. Daromadim yo’q”, - deydi Maykl.

AQShda ishsizlik 14 foizga yetgan. Kolumbiya universiteti taxminiga ko’ra, bu yil uysizlar soni 40-45 foziga o’sishi mumkin.

“Agar ishsizlik uzoq vaqt davom etsa, ijara haqlarida pasayish kuzatiladi, keyin odamlarni uydan chiqarib yuborish holatlariga guvoh bo’lamiz”, - deydi Samanta Batko.

Uy va shaharsozlik vazirligi uysizlarga yordam berish uchun uch milliard dollar yordam ajratdi. Ammo bu vaqtinchalik chora.

“Poytaxtda uylar juda qimmat. Uy-joy narxiga yaqin maosh to’lanadigan ishlar soni barqarorlashmasa, uysizlik inqirozi davom etadi”, - deydi nodavlat yordam tashkiloti rahbari Adam Rokep.

Meri Montalvo 20 yil ichida sakkiz marta uysizlikka yo’liqdi.

“AQShda uysizlarga yordam berish uchun yetarli darajada pul bor. Shunchaki, u noto’g’ri taqsimlangan. Boylar yanada boyimoqda, qashshoqlarga e’tibor berishmaydi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG