Breaking News

Tojikiston: koronavirus haqida ishonchsiz ma'lumot tarqatganlar jazolanadi


Tojikiston
Tojikiston

Tojikistonda jamoat joylarida niqob taqmaganlar hamda yuqumli kasallik haqida ishonchsiz maʼlumot tarqatganlar maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, yuqumli kasallik tarqatganlar esa 10 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda maʼmuriy va jinoyat kodekslariga kiritilgan oʻzgarishlarni parlamentning har ikki palatasi qabul qildi. Jamoatchilik orasida norozilik bo’lishiga qaramay, prezident ham yangi choralarni qoʻllab-quvvatladi.

Jamoatchilik nega qarshi?

Maʼmuriy va jinoyat kodekslariga kiritilayotgan oʻzgarishlarni 10-iyun kuni parlament qonunchilik palatasi qabul qilishi ortidan 17 ta fuqarolik jamiyati tashkiloti, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va huquqshunoslar o’z e’tirozini bildirdi. Shunga qaramay, 26-iyun kuni parlament yuqori palatasi aʼzolari ham “bir yoqadan bosh chiqarib”, oʻzgarishlarni maʼqulladi. Buning ortidan hatto xalqaro tashkilotlar ham norozilik bayonotlari bilan chiqa boshladi. Jumladan, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Tojikiston prezidentini yangi qonunga imzo qoʻymaslikka chaqirdi. Ammo 4-iyul kuni mamlakat prezidenti uni imzoladi.

Bu toʻgʻrisida huquqshunoslik fanlari doktori Shokirjon Hakimov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shunday dedi:

“Jamoatchilik faollari va fuqarolik jamiyatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning parlament yuqori palatasi va Tojikiston prezidentiga murojaatlariga qaramay, shuningdek, Kodeksga kiritilayotgan oʻzgarishlarni chuqur tahlil qilmay va fuqarolik jamiyati fikrini inobatga olmay, afsuslar boʻlsinki, Milliy majlis uni qabul qilishga ovoz berdi. Prezident ham belgilangan tartibda uni imzoladi, yaʼni veto huquqidan foydalanib, uni rad etmadi”.

Jamoatchilik va tahlilchilar fikricha, karantin eʼlon qilinmagan davlatda niqob taqmaslik uchun jarima tayinlash gʻalati holat. Shuningdek, oʻrtacha maosh 1600 somoniyni (taqriban $150) tashkil etadigan Tojikistonda belgilangan jarima miqdori ham juda katta. Qolaversa, bu oʻzgartirishlar shundoq ham soʻz erkinligining holati achinarli boʻlgan Tojikistonda oʻz-oʻzini cheklashning (ichki senzura) yana ham ortib ketishiga olib keladi. Chunki har qanday maʼlumotning “yolgʻon” yoki “rost” ekanligini “belgilash” davlat organlarining oʻz qoʻlida, deydi kuzatuvchilar.

Oʻzgarishlar nimadan iborat?

Tojikiston jinoiy va maʼmuriy kodekslariga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, yuqumli kasalliklarni ongli ravishda tarqatgan fuqarolarga 2 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi, jamoat joylarida niqobsiz yurganlarga esa 116 somoniydan 290 somoniygacha jarima, shuningdek, koronavirus haqida ishonchsiz maʼlumot tarqatish holati kuzatilganda, jismoniy shaxslarga 580 somoniydan 1160 somoniygacha, yuridik shaxslarga, jumladan, OAVga 8700 somoniydan 11 600 somoniygacha jarima solinishi belgilangan.

Ishonchsiz maʼlumot tarqatish toʻgʻrisida Tojikiston maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 374-moddasi 1-qismiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, “Ommaviy axborot vositalari, internet yoki boshqa elektron aloqa tarmoqlaridan foydalangan holda odamlar uchun xavfli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi yoki karantin – cheklovchi choralar koʻrilganda haqiqat bilan bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni tarqatganligi uchun jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn kundan oʻn besh kungacha maʼmuriy qamoqqa tortishga, yuridik shaxslarga esa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”.

Huquqshunos Shokirjon Hakimov fikricha, hukumat Covid-19 bemorligiga qarshi kuchli iroda bilan ustuvor kurashayotganligini xalqaro moliyaviy tashkilotlar va iqtisodiy jihatdan iqtidorli mamlakatlarga koʻrsatish va ularning ishonchini qozongan holda mamlakat iqtisodiyotiga imtiyozli moliyaviy yordam olish va xorijiy investitsiyalarni ham jalb etish maqsadida bu oʻzgarishlarni qabul qilayotgan boʻlishi mumkin.

Rasmiylar nima deydi?

Tojikiston Adliya vaziri Muzaffari Ashuriyonning mamlakat qonunchilik palatasida har ikki kodeksga kiritilayotgan oʻzgartirishlar bo’yicha shunday dedi:

“Bu qonun loyihasining qabul qilinishidan asosiy maqsad sanitariya-gigiyena va sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilmaslik uchun maʼmuriy jazolarni kuchaytirishdan iborat. Odamlar uchun xavfli boʻlgan kasallikning tarqalishi yoki cheklangan karantin choralarini yoki himoya choralarini va aholining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha boshqa tadbirlarni amalga oshirish, bunda haqiqatdan uzoq boʻlgan maʼlumotlar tarqalishining oldini olishdan iborat”.

Parlament quyi palatasining qonunchilik va inson huquqlari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ravshan Rajabzodaning aytishicha, ishonchli maʼlumotlar bu haqiqatga mos keladigan maʼlumot.

“Agar pandemiya haqidagi maʼlumotlar haqida gap ketadigan boʻlsa, u holda vakolatli organlar, masalan, Koronavirusga qarshi kurash bosh shtabi yoki Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi taqdim etadigan maʼlumotlar ishonchli hisoblanadi”, - deydi u.

Tojikiston prezidentining jamoatchilik bilan aloqa masalalari boʻyicha yordamchisi Abdujabbor Rahmonzodaning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, yangi oʻzgarishlar jamiyatda talqin qilinayotganidek, soʻz erkinligini boʻgʻishga qaratilmagan.

“Ozod fikrlovchi odamlarni javobgarlikka tortishga hech qanday harakat yoʻq. Hammadan oldin Covid-19 bemorligining oldini olish, maqsad tezroq odamlar bu kasallikdan qutulsinlar va Tojikiston muhitida vaziyat tinch boʻlsinu, odamlar hayot va faoliyatlarini odatdagidek davom ettirsinlar”, - deydi u.

Huquqshunos va tahlilchilar qonun loyihasining, jumladan, maʼlumotlarni ishonchli yoki asossiz ekanligini aniqlash mexanizmining nomukammalligiga ham eʼtibor qaratmoqda. Ular fikricha, Kodeksga kiritilgan oʻzgarishlar asosida Sogʻliqni saqlash vazirligi yoki boshqa davlat masʼullarining oʻzi asl haqiqatni yashirishi va jurnalistlar uni oshkor etishi ortidan OAV yoki jurnalistning oʻzi javobgarlikka tortilishi mumkin. Chunki Covid-19 kabi bemorlikni maxsus uskunalarsiz aniqlab boʻlmaydi. Uskunalar esa toʻliq davlat nazorati ostida. Yaʼni, jurnalist yoki OAV aslida rost boʻlgan maʼlumotlarni tarqatganligiga qaramay, “yolgʻon maʼlumot tarqatgan”likda ayblanib, javobgarlikka tortilishi mumkin.

Endi nima boʻladi?

Huquq himoyachisi Jamshed Yorovning aytishicha, jurnalist yoki OAV tomonidan tarqatilgan “maʼlumotlarning ishonchliligi yoki asossizligi tergov davomida aniqlanadi, asosan, ushbu maʼlumotni davlatning rasmiy versiyasi bilan taqqoslash orqali.

Ammo “notoʻgʻri maʼlumotlar” va “toʻliq boʻlmagan maʼlumotlar” atamalari qanday boʻlinadi?

Yorovning aytishicha, bunday qonunlar keng talqin qilinadi va har bir tergovchi oʻz xohishi yoki yuqoridan berilgan buyruq bilan ularni oʻzicha izohlashi mumkin.

Shokirjon Hakimov fikricha, yangi kiritilgan oʻzgarishlarning jamiyat uchun foydasidan zarari koʻproqligi aniq.

“Kodeksga kiritilgan oʻzgarishlardan muayyan doira vakillari korrupsion maqsadlarda foydalanishi ehtimoli ham bor. Shuningdek, yangi qoidalar davlat byudjetiga qoʻshimcha mablagʻlar tushirish maqsadida ham ishlatilishi mumkin. Ammo asosiy masala, bu yangi kiritilgan oʻzgarishlar soʻz erkinligi va axborot maydoni subyektlarining faoliyatini sustlashishi, axborot tarqatishni noqonuniy cheklash (senzura) va oʻz-oʻzini cheklashning kuchayishiga olib kelib, umuman, axborot resurslari faoliyatiga manfiy taʼsir koʻrsatishi aniq”, - deydi suhbatdosh.

Aksariyat mahalliy tahlilchilar fikricha, Tojikiston jinoiy va maʼmuriy kodekslariga kiritilayotgan yangi oʻzgarishlar mamlakatda soʻz erkinligining yana ham cheklanishiga olib keladi. Ammo aynan koronavirus haqida soʻz ketayotganida, bu katta oʻzgarishga sabab boʻlmaydi. Chunki bugungi internet asrida axborot oqimini cheklash imkonsiz. Senzura va oʻz-oʻzini cheklashdan xoli boʻlgan, shuningdek, Tojikistonda koronavirusga chalinganlar va oʻlimlar boʻyicha norasmiy maʼlumotlarni yigʻish va tarqatish bilan shugʻullanib kelayotgan aksariyat resurslar xorijda, mamlakatdan tashqarida, ularni xalqaro talablar asosida javobgarlikka tortish esa, imkonsiz. Buning uchun hukumatning oʻzi, avvalo, xalqaro talablarga rioya qilishi lozim.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG