Breaking News

Koronavirus AQShning xorijdagi harbiy missiyalariga ta'sir o'tkazmoqda


Yaponiyaning Okinava prefekturasidagi Futenma harbiy bazasi

AQShda koronavirus pandemiyasining kuchaygani mamlakatning xorijdagi harbiy missiyalariga ta'sir ko'rsatmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreyadagi Amerika askarlari orasida infeksiya yuqtirganlar soni ko'paygani xabar qilinmoqda.

Yaponiyaning Okinava prefekturasidagi AQShning ikki dengiz bazasida so'nggi ikki hafta davomida 60 dan ortiq koronavirus holati aniqlangan. “Asahi Shimbun” nashrining yozishicha, dushanba kuni Futenma bazasida yana 32 virus holati qayd etilgan.

AQSh harbiylari, ularning oilalari va ishchilarga Okinavadagi bazadan tashqariga chiqishga cheklov qo’yilgan.

Yakshanba kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Okinava gubernatori Denni Tamaki yangi infeksiyalardan "xavotirga tushganini" aytib, virus tarqalishining oldini olish uchun AQSh harbiylari tomonidan yetarli choralar ko'rilayotganiga "qattiq shubha" qilishini ta’kidladi.

Okinavadagi bazalarga virus qayerdan kirib kelganligi noma'lum, ammo Kyodo axborot agentligining yozishicha, AQSh dengiz piyoda kuchlari mahalliy darajada virus yuqtirgan ikki odam bilan aloqada bo’lgan.

AQShdan kelganlar

Janubiy Koreyadagi AQSh xizmatchilari orasida yuz bergan holatlar ko’proq Amerikadan kelganlar bilan bog’liq ekani aytilmoqda.

So'nggi ikki hafta ichida AQShdan kelgan kamida 34 xizmatchi yoki ularga aloqador odamda koronavirus aniqlangan.

Boshqa mamlakatlardan, shu jumladan, Yevropa va Yaponiyadan kelgan yana to'rt kishida ham infeksiya qayd etilgan.

So’nggi oylarda Janubiy Koreyadagi AQSh bazasida virus tarqalishi to’xtagani haqida xabar berilgan edi. So’nggi holatlar yana askarlar orasida infeksiya tarqayotganini ko’rsatgan.

Vaziyat murakkabmi?

Yuqumli kasallikka qarshi muvaffaqiyatli kurasha olgan Janubiy Koreya va Yaponiya uchun AQSh askarlari bilan bog’liq yangi holatlarning qayd etilishi bu mamlakatlarda xavotirlarni oshirmoqda.

Yaponiyada shu paytgacha viruslar bilan bog'liq 1000 ga yaqin o'lim yuz bergan, Janubiy Koreyada esa vafot etganlar soni 300 dan kam. Qo'shma Shtatlarda esa kamida 135,000 odam koronavirusdan o’lim topgan.

AQShda koronavirus bilan kasallanish va o'lim hollari tobora ko'payib borayotgan bir paytda ba'zi tahlilchilar Vashingtonning virusni nazorat qila olmasligi Yaponiya va Janubiy Koreyadagi harbiy missiyalarga salbiy ta’sir qilishini aytmoqda. Bu ikki davlatda AQShning 80 mingga yaqin harbiy xizmatchilari bo'lib, ular Sharqiy Osiyo xavfsizligini ta’minlashda muhim vazifani bajaradi.

"Vashington sog'liqni saqlash siyosatining sustligi va COVID-19 tarqalishini to’xtata olmasligi harbiy tayyorgarlikka ta'sir qildi”, - deydi Seuldagi Troy universiteti eksperti Daniel Pinkston.

"AQSh harbiy qismlaridagi infeksiya ittifoqchilar bilan qo'shma mashg'ulotlar o’tkazishga, shuningdek, AQShning ittifoqdoshlik majburiyatlarini bajarish qobiliyatiga ta'sir qilishi mumkin, - deya qo'shimcha qildi u. - Bu ittifoqchilarning ishonchini pasaytirishi va dushmanlar tomonidan har xil talqin qilinishiga olib kelishi mumkin".

Koreyadagi AQSh Qurolli kuchlari bayonotida aytilishicha, harbiylar "yuqori darajadagi tayyorgarlikni to’xtatgani yo’q va askarlarning 1 foizdan kamrog'i COVID-19 bilan kasallangan".

Harbiylar bayonotida xavfsizlik choralari ham ta'kidlangan.

Unda aytilishicha, Janubiy Koreyaga kelgan har bir askar COVID-19 uchun tahlil topshiradi va natijaga qarab 14 kun davomida karantin yoki izolyatsiyaga olinadi. Karantindan chiqish uchun yana bir marta test topshirishlari lozim.

Harbiy mashg'ulotlar yana qoldiriladimi?

Kasalliklar soni ko’payishi ortidan AQSh va Janubiy Koreya yillik harbiy mashg’uloti qoldirilishi mumkin.

O'tgan hafta Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi bergan xabarga ko’ra, tomonlar mashqlarni qisqartirish yoki butunlay bekor qilish haqida o’ylanmoqda.

AQSh va Janubiy Koreya shu yil boshida ham yirik qo'shma harbiy mashg'ulotni bekor qilgan edi.

Mashg'ulotlarning yana bekor qilinishi yoki o'zgartirilishi qo'shma mudofaa holatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, deydi iste'fodagi janubiy koreyalik general-leytenant Chun In-Bum.

"Mashqlar juda muhim. Ular yiliga faqat ikki marta o’tkazilyapti. Ilgari har yili to’rt marta bo’lardi”, - deydi u.

Janubiy Koreyaning Milliy Mudofaa vazirligi vakili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Vashington va Seul bu masala bo'yicha maslahatlashishni davom ettirayotganini, ammo hali hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi.

Fevral oyida Janubiy Koreyada pandemiya keng avj olishi ortidan bahorgi mashg'ulotlar qoldirilgan edi.

Janubiy Koreyada xavotir ko’proq

Koronavirusning yangi o’chog’i Qo'shma Shtatlarga ko'chishi bilan ba’zi janubiy koreyaliklar ko'proq tashvishga tusha boshladi.

Yakshanba kuni bo'lib o'tgan brifingda Janubiy Koreya Bosh vaziri Chon Se Gyun AQSh askarlari orasida kasallanish ko'payayotganidan xavotir bildirib, Janubiy Koreya rasmiylarini AQSh rasmiylari bilan birgalikda karantin choralarini kuchaytirishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG