Breaking News

Ruminiyadagi AQSh harbiy bazasi "qo'ylar hujumi"ga yo'liqdi

  • Amerika Ovozi

Ruminiyada qurilgan AQSh harbiy bazasi uchun kutilmagan dushman paydo bo'ldi. Baza devorlari yaqinida o'tlab yurgan qo'ylar podasi signalizatsiya tizimini bezovta qilib, xavfsizlikka rahna solmoqda. Cho'ponni bu hududdan haydash esa oson kechmayapti.

Janubiy Ruminiyaning Deveselu shahrida qurilgan 800 million dollarlik inshoot NATO a'zolarini ballistik raketa hujumlaridan himoya qilishga qaratilgan mudofaa tizimining bir qismi. U 2016-yil may oyida ishga tushgan. Ammo bundan bir necha yil oldin uning yonidagi o'tloq maydonni dehqonlardan biri qo'ylarini boqish uchun sotib olgan edi.

AQSh rasmiylari ruminiyalik hamkasblariga shikoyat bilan chiqdi: hayvonlarning bazaga yaqin kelishi xavfsizlik tizimiga putur yetkazadi.

"Qo'ylar odamga o'xshamaydi. Qoidalarga rioya qilmay, chegaradan oshib o'tishadi va xavfsizlik sensorlari o'rnatilgan hududlarga kirib ketishadi. Devorlarga tegsa, ogohlantiruvchi sistema ishga tushadi", - deydi shahar meri Aleksandru Damian.

Fermer qo'ylarini bu yerdan olib ketishni istamayapti. Rasmiylar esa bu yerdagi og'il maxsus ruxsatsiz qurilganini va u buzilishi kerakligini aytmoqda. Agar bu joy buzilsa, fermer sud orqali 20 ming dollardan ortiq tovon puli so'rashi haqida ogohlantirgan.

"Amerikaliklar bilan bitim tuzganimizda ayrim va'dalarni berganmiz. Qo'yxonaga ega bir janob bunchalik qaysar bo'lishini kutmagan edik. Va'dalar esa bajarilishi kerak. Bular xalqaro bitimlar", - deydi Damian.

Ruminiya Mudofaa vazirligi va fermer o'rtasida uch yildan beri huquqiy kurash davom etmoqda. Ish Oliy sudgacha yetib borgan. Mahalliy aholi fermerni qoralashdan o'zini tiymoqda, ammo uni asossiz oyoq tirab turib olishda ayblayotganlar yo'q emas.

"Deveselu harbiy bazasi yaqinida qo'yxonaga ega odam bilan bog'liq vaziyat juda murakkab. U o'zi talab qilayotgan summa juda katta ekanini tushunishi kerak. Hatto yer o'ziniki bo'lganda ham buncha pul olishi juda qiyin bo'ladi", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Rossiya o'z chegarasi yaqinida NATO bazasining paydo bo'lishiga keskin qarshi. Ammo hozircha harbiy alyans istehkomi uchun eng katta tahdid hayvonlardan kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG