Breaking News

Tramp farmoni: xorijliklar federal idoralarga ishga olinmaydi


AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh Prezidenti Donald Trump federal agentliklarga xorijlik xodimlarni ishga olmaslik haqida farmon chiqardi. Maqsad amerikaliklar uchun ish o’rinlarini himoya qilish ekani aytilmoqda. Agentliklar bundan buyon chet elliklarni ishga olishdan oldin xuddi shu o’ringa amerikalik mutaxassis topilmaganini isbotlashi kerak.

Oq uyning ta'kidlashicha, ushbu qaror federal agentliklar "amerikalikni arzon narxdagi chet ellik ishchilarga adolatsiz ravishda almashtirishi"ning oldini olishga qaratilgan.

Buyruq AQSh fuqarolari va doimiy rezidentlari ishga olinayotganini tekshirish uchun barcha federal agentliklardan ichki audit o'tkazishni talab qiladi.

Trumpning aytishicha, uning bunday chorani qo’llashiga Tennessi vodiysi ma'muriyati (TVA) texnologik ishlarning 20 foizini “H-1B” vizasi asosida xorijda joylashgan kompaniyalarga berish niyatida ekanini e’lon qilishi qisman turtki bo’lgan.

Bu farmon “Amerika Ovozi”da ishlovchi 80 ga yaqin xorijlik jurnalist Amerikada ishlash huquqini beruvchi “J-1” vizalarining uzaytirilish muddatini kutayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Trump 3-avgust kuni jurnalistlarga TVA rahbari Skip Tompsonni ishdan bo'shatganini aytdi. Chunki u chet ellik ishchilarni yollagan va juda ko'p maosh olgan, dedi prezident.

Tramp, shuningdek, federal darajada tayinlangan mansabdor shaxslarni, agar chet ellik ishchilarni yollashda davom etsa, ishdan bo'shatishini aytdi.

"Agar siz amerikalik ishchilarga xiyonat qilsangiz, ikkita so'zni eshitasiz: Ishdan bo'shatildingiz", - dedi u.

Tennessi vodiysi ma'muriyati 1933-yilgi Buyuk Depressiya davrida qattiq zarar ko'rgan Tennessi vodiysida toshqinlarni boshqarish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash uchun tashkil etilgan federal korporatsiya hisoblanadi.

“Amerika Ovozi”ni o’z ichiga oluvchi AQSh Global Media agentligi rahbarligiga prezident tavsiya qilgan nomzod Maykl Pak tayinlangach, u xorijlik xodimlarning vizalarini qayta ko’rib chiqishni boshladi.

"Amerika Ovozi"da “J-1” vizasi bilan shartnoma asosida 62 ta, doimiy ishchi sifatida esa 14 ta chet ellik xodim ishlaydi.

“Amerika Ovozi” tomonidan Trumpning yangi buyrug'i “J-1” vizasi bilan ishlovchi jurnalistlarga qanday ta'sir qilishi mumkinligi haqida berilgan savolga, Oq uy faqat federal idoralarga fuqaro bo’lmaganlarni ishga olish tartibi aks etgan vebsayt havolasini berish bilan cheklandi.

AQSh Global Media agentligi bayonotida viza holatini qayta ko'rib chiqish agentlik boshqaruvini takomillashtirish, AQSh milliy xavfsizligini himoya qilish va yollash vakolatlari suiiste'mol qilinmasligini ta'minlashga qaratilganligini aytdi.

Jurnalistlar uyushmalari, shu jumladan, “PEN America” tashkiloti va Milliy matbuot klubi viza muddati uzaytirilmasligi natijasida “Amerika Ovozi” jurnalistlari vatanlariga qaytishga majbur qilinsa, so’z erkinligi mavjud bo’lmagan bu davlatlarda ular hibsga olinish xavfi bilan yuzlashishi mumkinligi haqida xavotir bildirdi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli Tramp ma’muriyati tomonidan berilishi to’xtatilgan vizalar qatorida “J-1” ham bor. Ma'muriyat iqtisodiy tanazzul davrida chet ellik ishchilar AQSh fuqarolarining ish joylarini olib qo'ymasligi kerakligini ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG