Breaking News

Demokratlar qurultoyida respublikachilar Baydenni yoqlab chiqdi


Prezidentlik uchun sobiq respublikachi nomzod Jon Keysik demokratlar qurultoyida nutq qildi, 2020-yil, 17-avgust.

Ogayo shtatining sobiq respublikachi gubernatori Jon Keysik dushanba kuni Demokratik partiya milliy konvensiyasida demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jo Baydenni qo'llab-quvvatlashini e’lon qildi.

"Men bir umrlik respublikachiman, lekin mening mamlakat oldidagi mas'uliyatim oldida bu ikkinchi darajali masala. Shuning uchun men ushbu anjumanda qatnashishga qaror qildim. Oddiy paytlarda bunday narsa hech qachon ro'y bermasligi mumkin, ammo hozir oddiy kunlar emas”, - dedi Keysik to'rt kunlik Demokratik partiya qurultoyining ochilish marosimida so'zlagan nutqida.

2016-yilgi prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasi ichki nomzodlari orasida Donald Trampning eng ashaddiy raqiblaridan biri bo'lgan va poygadan oxirgi bo’lib chiqib ketgan Keysik Trampning qayta saylanishiga qarshi chiqqan va Baydenni qo'llab-quvvatlagan eng taniqli respublikachi ekani aytilmoqda.

Uning nutqi Bayden kampaniyasi tomonidan olqishlandi, konservativ respublikachilar esa uni xoinlikda aybladi. Hatto ba’zi progressiv demokratlar ham qurultoyning birinchi kechasida Keysikka katta o’rin ajratilganidan norozi bo’ldi.

Trampga qarshi konservativ respublikachi

90-yillarda kongressmen bo'lib ishlagan Keysik o’ta konservativ qarashlari bilan tanilgan edi. U Vakillar palatasining sobiq spikeri, respublikachi Nyut Gingrich davrida Byudjet qo'mitasi raisi bo'lgan va o'sha paytdagi demokratik prezident Bill Klinton bilan ijtimoiy farovonlik dasturlari, soliqlarni qisqartirish va muvozanatli byudjetni yaratish ustida bahsli muzokaralar olib borgan.

Keysik, shuningdek, 2010-yilda Choychlar harakatini qo'llab-quvvatlagan, sobiq demokrat prezident Barak Obamaning kam ta'minlanganlarga tibbiy yordam beruvchi “Medicaid” dasturini kengaytirish harakatiga qarshi chiqqan.

Keyinchalik Ogayo shtatida ikki muddat gubernatorlik qilgan Keysik qarashlari mo’tadillashdi; qonunlarni qabul qilishda muxolifat bilan kelishib ishladi va oxir-oqibat o’z shtatida “Medicaid”ning kengaytirilishiga rozi bo’ldi.

Keysik Trampning “Amerika birinchi” siyosati, ayniqsa, proteksionist savdo amaliyoti, immigratsiyani cheklovchi qarorlari va mamlakatda siyosiy qutblanishni kuchaytirgan ayrimachi chiqishlarini keskin qoralab keladi.

U o’tgan yili Trampga qarshi boshlangan impichment ishida prezidentga qo’yilgan ayblovlarni qo’llab-quvvatladi. 5-fevralda yakunlangan Senat sudida Trump oqlandi.

2016-yilgi saylovda Keysik Trampga ovoz bermaganini, ammo demokrat nomzod Hillari Klintonni ham qo'llab-quvvatlamaganini aytadi. Ular o'rniga 2008-yilda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo'lgan sobiq senator Jon Makkeynga ovoz berganini ta’kidlaydi. Makkeyn 2018-yil avgustda saraton kasalligidan vafot etdi.

Ushbu hafta Demokratik partiya qurultoyining ochilishida Keysik yana boshqa respublikachilar - Nyu-York Kongressining sobiq a'zosi Syuzan Molinari, Nyu-Jersi shtatining sobiq gubernatori Kristin Todd Uitman, “Quibi” kompaniyasi bosh direktori Meg Uitman bilan birga Baydenni qo'llab-quvvatlab chiqdi.

"Jo Bayden o'zining tajribasi, donoligi va odob-axloqi bilan to’g’ri yo'lni topishda bizni birlashtirishiga ishonaman", - dedi Keysik.

Trampga qarshi respublikachilar tashkil etgan Linkoln loyihasi ham Baydenning saylov kampaniyasini qo'llab-quvvatlovchi reklamalar tarqatmoqda.

"Ular respublikachi bo’la turib, respublikachi nomzodga ovoz bermaslik mumkinligini ko’rsatib bermoqchi", - deydi respublikachi strateg Rob Shtuttsman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Hech bir respublikachi shu paytgacha Keysik mansub Ogayo shtatida g'alaba qozonmasdan turib prezidentlikni qo’lga kirita olmagan. 2016-yilgi saylovda Tramp Ogayo shtatida Klintondan 8 foiz ko'proq ovoz olgan edi. Ogayoda o'tkazilgan so'nggi so'rovlarga ko’ra, Bayden va Tramp o’rtasidagi tafovut hozir 1-2 foizni tashkil etmoqda.

Keysikning tanqidchilari

Tramp kampaniyasi Keysikning demokratlar tomoniga o’tib ketganini ahamiyatsiz voqea sifatida ko’rsatishga urinmoqda. Tanqidchilar Keysikning bu qarorini u hanuz prezidentlik ambitsiyasidan voz kechmagani bilan izohlamoqda.

"U biror marta prezidentlik uchun kurashni to'xtatganmidi? U 2016-yilda rasman iste'foga chiqdimi yoki hali ham ishlayaptimi?" – deydi konservativ tok-shou boshlovchisi Ben Shapiro yaqinda “Associated Press” bilan o’tkazgan suhbatda.

Bir necha ogayolik respublikachilar bilan ishlagan respublikachilar maslahatchisi Barri Bennetga ko’ra, Keysik "auditoriya e’tiboriga zor ishsiz siyosatchi”dir.

Ba'zi progressiv demokratlar ham Keysikning chiqishini norozilik bilan kutib oldi. Ularga ko’ra, abortni cheklashni qo'llab-quvvatlaydigan, universal sog'liqni saqlash tizimi va iqtisodiy yordam dasturlariga qarshi chiqqan konservativga demokratlar anjumanida nutq so'zlash uchun katta vaqt ajratilishi noto’g’ri.

Demokratik partiyaning o'sib kelayotgan progressiv yulduzi, Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortesga qurultoyda gapirish uchun faqat bir daqiqa vaqt ajratildi. Uning aytishicha, Keysik Baydenni qo'llab-quvvatlagani yaxshi, ammo ayollar huquqlariga qarshi kurashadigan respublikachi Demokratik partiya ovoziga aylanmasligi kerak.

Qarshi tomonga o’tuvchilar

Partiya qurultoylarida raqib tomon vakillarining ishtiroki juda kam uchrasa-da, ilgari ham bunday holatlar yuz bergan.

2004-yil Jorjiya shtatidan demokrat senator Zell Miller respublikachi prezident Jorj Bushning qayta saylanishini ma'qullab, respublikachilar qurultoyida chiqish qilgan edi.

Konnektikutlik senator, 2000-yilgi saylovda vitse-prezidentlik uchun nomzod bo’lgan Jo Liberman 2012-yilgi respublikachilar qurultoyida senator Jon Makkeynni qo'llab-quvvatlagan.

2016-yilda esa Nyu-York shahrining respublikachi meri Maykl Blumberg Hillari Klintonni yoqlab, Demokratik partiya milliy konvensiyasida nutq so'zlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG