Breaking News

Vashington Tog'li Qorabog'da qon to'kilishiga qarshi


Tog'li Qorabog' to'qnashuvlarida Ozarbayjon artilleriyasi o't ochmoqda. 29-sentabr, 2020.
Tog'li Qorabog' to'qnashuvlarida Ozarbayjon artilleriyasi o't ochmoqda. 29-sentabr, 2020.

BMT Xavfsizlik kengashi 29-sentabr kuni Ozarbayjon va Armaniston kuchlari to’qnashayotgan Tog’li Qorabog’ masalasini muhokama qiladi.

Yopiq eshiklar ortida o’tishi kutilayotgan majlis Britaniya, Belgiya, Estoniya, Fransiya va Germaniya murojaatiga javoban bo’lib o’tadi. Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida kuchayib borayotgan qurolli to’qnashuvlarga diplomatik yechim topish, tomonlarni murosaga chaqirish va qon to’kilishining oldini olish kun tartibiga kiritilgan asosiy mavzu bo’ladi.

Vashington 27-sentabr kuni tomonlarni harbiy operatsiyalarni zudlik bilan to’xtatishga chaqirgan. Davlat departamenti so’zlovchisi Morgan Ortegus maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda qon to’kilishiga sabab bo’layotgan to’qnashuvlar qoralangan. Tomonlar muzokaralarni boshlashda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi bilan birga ishlashga chaqirilgan.

Fransiya va Rossiya bilan birga AQSh ham Minsk guruhining raislaridan. Guruh 28-sentabr kuni qo’shma bayonot e’lon qilib, Tog’li Qorabog’ nizolariga tinch yo’l bilan yechim topish va behuda qon to’kilishining oldini olishga chaqirdi.

Tog'li Qorabog' janglarida Armaniston harbiysi. 29-sentabr, 2020.
Tog'li Qorabog' janglarida Armaniston harbiysi. 29-sentabr, 2020.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning matbuot kotibi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan suhbatlashgan. Tomonlarni zudlik bilan jangni to’xtatishga, hech qanday shartlarsiz muzokaralarni boshlashga chaqirgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, har ikki tomondan harbiylar va tinch aholi vakillari qurbon bo’lgan. Armanistonda besh nafar, Ozarbayjonda esa 10 nafar fuqaro halok bo’lgani ma’lum qilingan. Ozarbayjon qurbonlar bo’yicha rasmiy bayonot bermagan. Yerevan 28-sentabr kuni yakunida Armaniston 84 harbiysidan ayrilganini e’lon qilgan.

Armaniston tomonining ma’lum qilishicha, 29-sentabr kuni Ozarbayjon armiyasining 11 droni, bir harbiy muhandislik mashinasi, to’rt zirhli mashinasi va besh tanki yo’q qilingan.

Armaniston armiyasi Ozarbayjon tankini yo'q qildi. 29-sentabr, 2020.
Armaniston armiyasi Ozarbayjon tankini yo'q qildi. 29-sentabr, 2020.

Ikki tomon ham bir-birini og’ir artilleriyadan foydalanganlikda ayblamoqda. Ozarbayjon Mudofaa vazirligiga ko’ra, Armaniston Tartar shahriga hujum qilmoqda.

Tanglikning ortishi to’qnashuvlarga mintaqaning yetakchi kuchlari Rossiya va Turkiya aralashishi mumkinligi borasidagi xavotirlarga sabab bo’lmoqda. Moskva Armaniston bilan mudofaa bo’yicha ittifoqchi. Anqara esa Ozarbayjonni dastaklaydi.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov 28-sentabr kuni tomonlarni zudlik bilan urushni to’xtatishga chaqirdi. Tanglik bo’yicha Rossiya va boshqa mamlakatlar xavotiri kuchayayotganini ta’kidladi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an Armaniston kuchlari Ozarbayjon hududidan chekinsagina, tinchlik o’rnatilishi mumkin, deya keskin so’zladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG