Breaking News

Afg'oniston muzokaralarda Pokiston va Eron rolini oshirishga undamoqda


Afg’oniston “Milliy Birdamlik” oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla Pokiston Bosh vaziri Imron Xon qabulida. Islomobod, 30-sentabr, 2020.
Afg’oniston “Milliy Birdamlik” oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla Pokiston Bosh vaziri Imron Xon qabulida. Islomobod, 30-sentabr, 2020.

Afg’oniston “Milliy Birdamlik” oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga doir ayrim mulohazalari bilan bo’lishdi. Rasmiyning ta’kidlashicha, Qatarda o’tgan muzokaralar ochilishida Eron AQSh bilan munosabatlaridagi tanglik tufayli ishtirok etmagan.

“Eron Doxa muzokaralariga taklif etilgan edi. Biroq AQSh bilan sovuq munosabatlar mamlakatning anjumanlarda qatnashish-qatnashmaslik qaroriga jiddiy ta’sir ko’rsatadi”, - dedi Pokistonga uch kunlik tashrif bilan kelgan Abdulla Abdulla “Amerika Ovozi” bilan Islomobodda kechgan suhbatda.

Uning ta’kidlashicha, Eron tinchlik muzokaralarini qo’llab-quvvatlamoqda. O’z hududida millionlab afg’on qochqinlariga boshpana bergan Eronning davlatimizga doir xavotir va manfaatlarga ega bo’lishi tabiiy va u bunga haqli, dedi rasmiy.

Abdullaga ko’ra, Tolibonning ayrim guruhlari bilan aloqasidan foydalanib, Eron sulh muzokaralarini yanada kuchaytirishga muhim hissa qo’shishi mumkin.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod

Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha AQShning maxsus elchisi Zalmay Halilzodning aytishicha, AQSh-Eron munosabatlari Tolibon va Afg’oniston hukumati o’rtasidagi tinchlik muzokaralariga halaqit bermoqda.

“Eron Afg’oniston nizolarida AQShning na g’alaba qozonib, na mag’lubiyatga uchrab besamar qolib ketishini istaydi. Eron bilan murosaga erishmaguncha, AQShni shunday sarson qilish tarafdori ular”, - dedi diplomat.

Eron Islom Respublikasining rasmiy axborot agentligi “IRNA” AQSh dimplomatining bayonotini keskin inkor etdi. Agentlik Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Abbos Arag’chining AQShning Afg’onistondagi tashabbuslariga shubha bilan qarashi haqidagi bayonotini e’lon qildi.

Tolibon delegatsiyasi tinchlik muzokaralarida. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.
Tolibon delegatsiyasi tinchlik muzokaralarida. Doxa, Qatar, 12-sentabr, 2020.

“AQShga aslo ishonib bo’lmaydi. AQSh kuchlarining Afg’onistonda qolishi xavfli. Amerika mintaqadagi ko’plab nizolarga sababchi bo’ladi”, - deya bayonot berdi Arag’chi.

Abdullaning Islomobodda rasmiylar bilan uchrashuvi uning Pokistonga munosabatida keskin o’zgarish yuz berganini anglatmoqda, deydi tahlilchilar. Avval Abdulla Pokistonning uchrashuv takliflarini bir necha bor rad etgan edi.

Afg’oniston hukumati delegatsiyasi va Tolibonning Doxada bir muzokara stoli atrofida jam bo’la olgani mening qarashlarimda ham tub o’zgarish yasadi, deydi u.

Abdulla Abdulla Strategik tadqiqotlar institutida so'zlamoqda. Islomobod, 28-sentabr, 2020.
Abdulla Abdulla Strategik tadqiqotlar institutida so'zlamoqda. Islomobod, 28-sentabr, 2020.

Pokiston Qurolli kuchlari rahbari general Qamar Jovid Bajva bilan suhbatda Abdulla Afg’onistonda tinchlikka erishish uchun to’g’ri yo’l tanlash masalasini muhokama qilgan. Bundan har ikki mamlakat birday manfaatdor, deya ta’kidlagan.

Afg’oniston rasmiysi, shuningdek, tinchlik muzokaralari mintaqada va global maydonda eng ahamiyatli jarayonga aylanganiga urg’u berdi. Biroq qonli to’qnashuv va zo’ravonliklar jarayonlar sur’atini pasaytirishi mumkinligini aytdi. Abdulla Pokiston rasmiylarini Tolibonga maksimal ta’sir ko’rsatish va muzokaralar samarasi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

Abdulla Abdulla Afg’oniston xalqi Tolibonga nisbatan siyosiy jihatdan tarqoq ekaniga doir mulohazalarni inkor etdi. Rasmiyga ko’ra, so’nggi 20 yilda demokratik tamoyillarni o’zlashtira olgan xalq qarashlaridagi farq mafkuraviy emas, texnik xarakterga ega. Biroq fuqarolar vatanda tinchlik o’rnatish rejasida yakdil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG