Breaking News

Tolibonning ayollar huquqi bo'yicha qarashi qanday?


Afg'oniston ayollari
Afg'oniston ayollari

Millionlab afg’onlar Doxada Kobul va Tolibon o’rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini yaqindan kuzatmoqda. Muhokamadagi asosiy mavzulardan biri ayollar huquqlarini himoya qilish. Tolibonning Doxadagi idorasi so’zlovchisi Muhammad Naimning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu masalada guruhning qarashlari farqli.

“Bizning o’z mamlakatimiz va o’z qarashlarimiz bor. Boshqa jamiyatlarning qadriyatlarini bizning jamiyatga majburan o’tkaza olmaysiz. Masalan, biz ayollar huquqlarini AQSh, Yevropa yoki boshqa davlatlardagi mavjud qadriyatlar asosida belgilamaymiz. Millatimiz buni xohlamaydi. Xalqimiz musulmon”, - deydi u.

Boshqalarga ko’ra, o’tgan 20 yil ichida afg’on ayollari islomiy qadriyatlarni saqlab qolgan holda ko’plab yangi huquq va imkoniyatlarga ega bo’ldi.

“Hech bir afg’on ayoli islomiy qadriyatini yo’qotgani yo’q. Har bir ayol islomiy va afg’on qadriyatlari asosida kundalik ishini qiladi, davlat ishida va ijtimoiy, madaniy hamda siyosiy hayotda ishtirok etadi”, - deydi tinchlik muzokaralaridagi Afg’oniston delegatsiyasi a’zosi Sharifa Zurmati.

Afg’oniston bo’yicha AQSh vakili Zalmay Xalilzodga ko’ra, Vashingtonning mavqei qat’iy.

“Inson huquqlari, ayollar huquqlari hamda ozchilik guruhlar, bolalar va barcha fuqarolar huquqlari AQSh uchun juda muhim masala”, - deydi u.

Tolibon hokimiyatga kelganda televideniyeni taqiqlab, radioni qat’iy nazorat ostiga olgan edi.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 29-sentabr
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:58 0:00

2001-yil guruh hokimiyatdan ag’darilgandan keyin mamlakatda o’nlab mustaqil telekanallar, yuzlab radiolar ochildi. Ko’plab jurnalistlar yana so’z erkinligi boy berilishi mumkinligidan xavotirda.

“So’z erkinligi qaysidir davlat qadriyatlarini haqorat qilish huquqini bermaydi. Bu AQShda ham, Yevropa yoki boshqa joyda ham mumkin emas”, - deydi Tolibon vakili Muhammad Naim.

Afg’oniston urushida xalq behisob qurbonlar berdi. BMT ma’lumotiga ko’ra, 100 mingdan ortiq tinch aholi halok bo’lgan yoki yaralangan.

Tolibon uzoq yillar aholi gavjum shahar va bozorlarda xudkushlik hujumlarini amalga oshirgan bo’lsa-da, qurbonlar sonini kamaytirishga harakat qilganini da’vo qiladi.

“Hamma har xil talqin qiladi. Urush tinch aholiga qarshi qaratilmagan. Albatta, urush bor joyda qurbonlar bo’ladi. Tashkilotimizda tinch aholi o’limining oldini olish qo’mitasini tuzganmiz. Biz tomondan oddiy aholining o’ldirilish holatlari kam”, - deydi Muhammad Naim.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi o’rinbosari Favad Minapal bu fikrga qo’shilmaydi.

“Afg’onistonda urush va zo’ravonlikni kuchaytirgan Tolibon bo’ladi. Tolibon xudkushlik hujumlaridan tortib portlatishgacha bo’lgan terror xurujlarini ko’paytirganini afg’on xalqi yaxshi biladi. Tinch aholi har kuni qurbonlar bermoqda”, - deydi rasmiy.

Kelishmovchiliklarga qaramay, Tolibon tinchlikdan umidvor.

“Muzokaralar yechimga olib boradi, degan umiddamiz. Taassufda emasmiz. Amerikaliklar bilan kelishganimizdek, bu yerda ham bitimga erishamiz. Vaqt olishi mumkin, muammolar bor, lekin umidvormiz”, - deydi Muhammad Naim.

Doxadagi muzokaralar qancha davom etishi noma’lum. Bu orada Afg’onistonda zo’ravonliklar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG