Breaking News

Qirg'izistonda yangi muvaqqat bosh vazir, yangi spiker


Bishkekdagi namoyishchilardan biri, 6-oktabr, 2020
Bishkekdagi namoyishchilardan biri, 6-oktabr, 2020

Bishkekda, shuningdek, butun Qirg'iziston bo'ylab siyosiy beqarorlik. Prezident Jeenbekov hamon hokimiyatda ekanini eslatib turibdi, lekin parlament spikeri, hokimlar va merlar ishdan ketib, mitinglar davom etmoqda.

Kubatbek Boronov bosh vazirlikdan ketgan. O'tgan hafta xorijdan qaytganida hibsga olingan va kecha namoyishchilar tomonidan ozod etilgan sobiq deputat Sadir Japarov esa muvaqqat bosh vazir, deb e'lon qilingan. Parlamentning Bishkekdagi bir mehmonxonada kechgan favqulodda majlisida shunday qarorga kelingan.

Parlamentning yangi spikeri etib "Bir bol" fraksiyasi vakili Miktibek Abdildayev saylangan. Biroq, mahalliy manbalarning xabar berishicha, to'polonlar avj olib, ular berkinishga majbur bo'lgan.

4-oktabrda o'tgan parlament saylovi natijalari bekor qilingan. Yangidan o'tkazish juda qaltis jarayon bo'ladi, deya ogohlantirmoqda Markaziy saylov komissiyasi.

Komissya a'zosi Gulnar Jurabayeva G'arb matbuoti bilan muloqotda deydiki, ovoz berish jarayonida juda katta xatolarga va jiddiy qonunbuzarliklarga yo'l qo'yilgan.

"Biz muammolar haqida vaqtida ogohlantirdik, lekin tegishli organlar chora ko'rmadi", - deydi rasmiy.

"Saylovni yangidan o'tkazish qiyin bo'ladi. Moliyaviy jihatdan ham og'ir. Hozir mahalliy hokimiyatlar o'zgarmoqda. Hozircha tayansa bo'ladigan, legitim tizim yo'qki, biz ovoz berish jarayoni uchun zarur sharoit haqida biror narsa deya olsak".

Jurabayeva nazarida ayni damda birorta hokimlikka yangi saylov bilan bog'liq masalalar yuzasidan ishonish qiyin.

O'tgan 15 yilda ikki prezident ag'darilgan mamlakatda norozilik namoyishlari yangilik emas, ammo ular qanday o'zgarishlarga turtki berishi muhim.

Bishkekning strategik hamkori Rossiya Qirg'izistonda katta harbiy bo'linmaga ega. Kreml ayni damdagi vaziyatdan xavotir bildirgan.

5-oktabr kuni respublikani saylovlar o'tgani bilan qutlab, jarayondagi adolatsizlik va xatolarni to'g'rilashga undagan G'arb elchixonalari hozircha jim. Xususan AQShda Qirg'izistondagi beqarorlik yuzasidan biror bayonot yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG