Breaking News

Komil Allamjonov liberal islohotchimi yoki korrupsiyaga moyil amaldor?


Komil Allamjonov ayni damda hukumatda emas. O'z chiqishlarida islohotlarga ishonishini aytib, Prezident Mirziyoyevning matbuot erkinligi va oshkoralik haqidagi bayonotlarini olqishlab keladi
Komil Allamjonov ayni damda hukumatda emas. O'z chiqishlarida islohotlarga ishonishini aytib, Prezident Mirziyoyevning matbuot erkinligi va oshkoralik haqidagi bayonotlarini olqishlab keladi

O'zbekistonda Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash jamoatchilik fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov haqida Germaniyada asoslangan Inson huquqlari uchun O'zbek forumi va Britaniyadagi Ulster universiteti hamkorlikda chiqargan material sobiq rasmiyning biznes faoliyatiga nazar tashlaydi. Islohotlarni quvvatlab, targ'ib qilib kelayotgan Allamjonov oshkoralik va erkinlik tarafdorimi yoki hukumatda yuqori lavozimlarda ishlab, ulkan manfaat ko'rgan ishbilarmon? Allamjonovga ko'ra, maqolada yangilik yo'q va uning bizneslari qonun doirasida ishlagan.

O’zbekistonda korrupsiya darajasi haqidagi izlanishlari bilan tanilgan ekspert Kristian Lasslet va uning respublikadagi hamkori Dilmira Matyaqubova yozgan maqolada Allamjonovning korrupsiyaga aloqadorligiga doir aniq dalillar yo’q.

Ammo ular to'plagan faktlar Alamjonovning boyishi, unga tegishli firmalarning muvaffaqiyati hukumatda yuqori lavozimlarni egallash barobarida amalga oshganini ko’rsatadi.

Lasslet urg'u berishicha, Alamjonovning biznes faoliyati 2005-yildan, ya'ni u Davlat soliq qo’mitasi matbuot kotibligiga tayinlangach boshlangan.

Allamjonov soliq tizimiga kelgandan keyingi uning dastlabki tijoriy loyihasi “Soliq-info” gazetasi bo'lgan va maqolada ta’kidlanishicha, bu xususiy gazeta obunasi soliqchilar va hisobchilar uchun majburiy qilib belgilangan.

Buning ortidan Allamjonov muallifligida buxgalterlar uchun mo’ljallangan “BEM system” dasturi yaratiladi. Avtomatik hisoblash tizimiga ixtisoslashgan bu programma ham tashkilotlar va soha xodimlariga majburan sotilgan. Maqolada bu dasturni xarid qilmagan tashkilotlar Soliq qo’mitasi tomonidan bosimga olinganiga doir ma’lumotlar keltiriladi.

2012-yilda Allamjonov ishtirokida elektron dasturlar ishlab chiqaruvchi "EREPORT SERVICE” shirkati tuziladi. Firma soliq hisob-kitoblari, buxgalterlarga onlayn xizmat ko’rsatishga ixtisoslashgan E-Report dasturini ishlab chiqadi.

Bu dastur ham hukumat darajasida qo’llab-quvvatlanadi. Tadqiqotga ko'ra, bu programma ham tadbirkorlik subyektlari orasida ommalashtiriladi va davlat idoralari vakillari uchun qo'shma majlislar o'tkazilib, buyurtma ishlari rag’batlantiriladi.

Keyinchalik Allamjonov media bo’yicha loyihalar bilan shug'ullana boshlaydi. 2014-yilda u “Milliy” telekanaliga asos soladi, ammo u 2017-yilga kelib respublika bo’ylab efirga chiqa boshlaydi.

2014-yilda eng munozaralari shirkatlardan biri “Avtotest Report” tasis qilinadi Allamjonovga tegishli deb ko’rilgan "Avtotest" bilan bog’liq mojaro o'z vaqtida jamoatchilik orasida ancha muhokama qilingan. Bu firma hukumat qarori bilan haydovchilarni o’qitish va malakasini oshirish bilan shug'ullangan monopol tashkilot deya qoralangan.

Surishtiruvda asosiy da'vo shuki, Allamjonov o'z bizneslarini davlat organlarida ishlab dastaklagan, lavozim bilan kelgan imkoniyatlardan xususiy manfaat ko'rgan. Oddiy qilib aytganda, Allamjonov hukumat ko’magida u raqobatsiz mahsulot ishlab chiqargan va sotgan.

“Avtotest” misolida bunday qo’llov Bosh vazir darajasidagi hukumat qarori bilan muhofazalangan.

Allamjonov o’z biznes manfaatini olg’a surishda hukumat miqyosida rasmiy qaror chiqarilishiga qanday yo’llar orqali erishgani noma’lum, surishtiruvda bu haqda aniq faktlar yo’q.

Ilk qaror 2015-yilda, ya'ni Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlik paytida imzolangan. Miriziyoyev prezidentlikka kelgach Bosh vazir Abdulla Aripov haydovchilarni o’qitish va malakasini oshiruvchi yagona tashkilot sifatida “Avtotest”ni monopol maqomga ko’targani inobatga olinsa, Allamjonovning imkoniyatlari yangi rahbariyat davrida yanada kuchaygani ko’zga tashlanadi.

Allamjonov keyin prezidentning matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritdi. Bir yilga ham yetmay lavozimdan olindi. Bunda uning bizneslari qanday omil bo'lgani noma’lum.

Lasslet Allamjonovga tegishli firma mahsulotlari deyarli majburiy tarzda sotilganidan uning o’zi qanchalik xabardor bo’lgani yuzasidan dalillarga ega emas. Allamjonovga qilingan murojaatlarga ekspert aniq javob olmaganini ta’kidlaydi.

Ammo maqola chop etilgach Allamjonov ijtimoiy tarmoq orqali munosabat bildirgan. Unga ko'ra, surishtiruvda hech qanday yangilik yo’q; hammasi internetda bor ma’lumotlar va u O’zbekiston qonunlarini buzmagan.

Allamjonov prezident matbuot kotibi lavozimidan ketganidan sal o'tmay Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga rahbar etib tayinlandi. Agentlik O'zbekistonda matbuot erkinligi va OAV bo'yicha islohotlar uchun mas'ul organ deya tanishtirildi. Prezident qizi Saida Mirziyoyeva uning muovini bo'ldi.

Oradan bir yilcha o'tib, 2020-yilning ilk kunlarida Allamjonov bu lavozimni tark etdi va Mirziyoyeva bilan Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash jamoat fondiga asos soldi.

Allamjonov ayni damda hukumatda ishlamasa-da, Mirziyoyev ma'muriyatining muhim kadrlaridan biri deb sanaladi. O’zbekistonning xorijdagi imijini yaxshilash va islohotlarni xalqaro maydonda targ'ib qilishda yetakchi. Lasslet maqolasida qayd etilishicha, Allamjonovning fondi Vashingtondagi Bridgeway Advocacy LLC shirkati bilan oyiga 30 ming dollarlik piar shartnoma imzolagan. Bu esa o’zini nodavlat tashkilot sifatida taqdim etayotgan fond faoliyati va maqsadiga nisbatan shubhalarni kuchaytirgan.

Lasslet surishtiruvi O’zbekiston matbuotida deyarli yoritilmadi. Odatda faol blogerlar ham bu borada mulohaza bildirmagan. Gazeta.uz va Daryo.uz maqolalar bergan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG