Breaking News

Qirg'izistonda davlat to'ntarishi yuz berdimi yoki inqilob?


Bishkekdagi namoyishlar, 2020-yil, 6-oktabr
Bishkekdagi namoyishlar, 2020-yil, 6-oktabr

Qirgʻizistonda 14-oktabr kuni Bishkekdagi “Issiqkoʻl” mehmonxonasi oldida hukumatni qoʻllash maqsadida yigʻilganlarning mitingi boʻlib oʻtdi. Ular Sooronbay Jeenbekovni legitim davlat rahbari, Sadir Japarovni esa hukumat rahbari sifatida qoʻllashini aytmoqda.

Ayni vaqtda Hukumat uyi oldida ham miting oʻtib, bu yerga toʻplangan Sadir Japarov tarafdorlari Prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’foga chiqishini talab qilmoqda.

6-oktabrda tarafdorlari qamoqdan chiqarib olgan sobiq deputat Sadir Japarov 14-oktabr kuni rasman mamlakat bosh vaziri etib tayinlandi. Avvalroq u prezident bilan uchrashganini, Jeenbekov vaziyat barqarorlashsa, prezidentlikdan voz kechishga tayyor ekanini aytgan edi.

14-oktabrda Sadir Japarov jurnalistlar bilan matbuot anjumani oʻtkazib, ularning savollariga javob berar ekan,Sooronbay Jeenbekovning xizmatdan olinishi xalqning talabi ekanini va bu masala hal qilinishini aytgan.

Avvalroq prezidentning oʻzi ham video murojaat eʼlon qilib, mamlakat qonuniy yoʻlga tushgandan keyin, prezidentlik xizmatidan ketishga tayyor ekanini aytgan. Ammo ba’zi siyosatchilar prezidentni isteʼfoga chiqmaslikka chaqirib kelmoqda. Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Tokayev oʻzining “Twitter”dagi sahifasida Sooronbay Jeenbekovni qonuniy prezident deb hisoblashini va uni qoʻllashini yozgan.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Natalya German hamda AQShning Qirgʻizistondagi elchixonasi ham Jeenbekovni “qonuniy prezident” deb atagan.

Shuningdek, Britaniya hukumati 14-oktabrda Qirgʻizistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat boʻyicha bayonot qilib, saylov natijasida norozilikning kuchayishi Qirgʻizistonda qonunni saqlash zaruratini koʻrsatdi, deb aytgan.

Bundan tashqari, Britaniya hukumati ham Prezident Sooronbay Jeenbekovning, legitim hukumatning hamda jamoatchilikning vaziyatni demokratik yoʻl bilan hal qilish harakatini qoʻllashini bildirib oʻtgan.

Ammo bosh vazir Sadir Japarov 14-oktabr tunida prezidentning ketishini talab qilayotgan miting ishtirokchilari oldiga kelib, prezidentning yaqin vaqt oraligʻida ketishi haqida aytib, ulardan ertagacha tarqab turishini iltimos qilgan.

Siyosiy inqiroz

4-oktabrda oʻtgan parlament saylovi natijalaridan norozilar 5-oktabrda boshlagan norozilik mitinglari tufayli Qirgʻiziston siyosiy inqirozni boshidan kechirmoqda.

6-oktabrga oʻtar kechasi miting ishtirokchilari va xavfsizlik kuchlari oʻrtasida toʻqnashuvlar yuz berdi. Bunga qaramay,norozilar prezident apparati hamda parlament faoliyat yuritadigan “Oq uy”ni egallab oldi. Mamlakatda turli siyosiy kuchlar oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlanib ketdi. Qamoqdan Sadir Japarov doxil bir qator siyosatchilar va sobiq amaldorlar ozod qilindi. Ularning ayrimlari keyinchalik qayta hibsga olindi.

Jamoatchilikning ayrim vakillari va baʼzi bir siyosatchilar Qirgʻizistonda yuz bergan noroziliklar toʻlqinini ommaviy tartibsizliklar vaqtida halok boʻlgan 19 yoshli Umid ismli miting ishtirokchisining nomi bilan “Umid inqilobi” deb atay boshladi.

Qirgʻizistonda 2005-yilning 24-martida president Askar Akayev rejimiga qarshi mitinglar keyinchalik “Lola inqilobi” deb, 2010-yilning 7-aprelida o’sha paytdagi president Kurmanbek Bakiyevga qarshi harakatlar esa “Aprel inqilobi” deb atalgan edi.

Tarixchi Joldoshbek Botonov Qirgʻizistonda inqilob yoki toʻntarish deb atalayotgan voqealarning qayta-qayta takrorlanishiga sabablardan biri xalqning oʻz vaqtida saylovlarda notoʻgʻri tanlov qilganidan deb hisoblaydi.

“Yana bir qator sabablar ichida eng katta sabablardan birini tarixchi qatori bizning qirgʻiz eli xon koʻrmaganligi deb aytishim mumkin. Bugungi voqealar bir xonga bosh egib, u loyiqmi, loyiq emasmi, iqtidorlimi, yoʻqmi, unga bosh egib, bir odamga quloq berib yashamaganimizdan xabar beradi. Tarixdan bilasizlar, har bir urugʻning oʻz lideri boʻlgan, shu liderga quloq solishgan. Tashqi xavf paydo boʻlganda, tashqi dushmanlar kelganda millatning nomusi uchun birgalikda kurashib, ammo ular ketgandan keyin qaytadan ichki kurashlar davom etavergan. Mustaqillik olgandan beri biz 15 yil Akayevning hukumatini koʻrdik, besh yil Bakiyevning hukumatini koʻrdik, bir yil Roza Otunbayeva prezident boʻldi, olti yil Atambayevning hukumatini koʻrdik, uchinchi yil ketyapti Jeenbekovning boshqaruvini koʻrdik. Xalq ham, xalq yetakchilari ham 30 yilning ichida Qirgʻizistonning siyosiy rivojlanishidan yetarli xulosa chiqarmagani oqibati shu boʻlmoqda. Bugungi ahvolni ham koʻryapsizlar. Sadir Japarov aytganidek hamma koʻrpani oʻzi tomonga tortmoqda. Siyosatchilar amal talashayotgan paytda xalq ikkinchi, uchinchi planda qolib ketadi”, — deydi u.

Uning aytishicha, bugungi kunda Qirgʻizistonda inqilob boʻldi deyishga erta, hozir mamlakatda toʻntarish amalga oshirilgan.

“2005 va 2010-yilda ham qanday inqilob boʻldi, deb aytish mumkin? Agar inqilob boʻlganda edi, tizim almashgan boʻlar edi. Inqilob boʻlganda 5-oktabrda boshlangan voqealar boʻlmas edi. Demak, biz inqilob emas, faqat toʻntarishgina qilib kelibmiz”, - deb qoʻshimcha qildi tarixchi.

Zarar koʻrgan iqtisodiyot

BBC qirgʻiz xizmati Biznes uyushmalarning milliy alyansi bergan maʼlumotga tayanib yozishicha, Qirgʻizistonning iqtisodi 10-oktabrga qadar 8 milliard (115 million dollardan koʻproq) somdan ortiq zarar koʻrgan. Sarmoyadorlar bilan tuzilmay qolgan kelishuvlardan 210 mln. dollar mamlakatga tushmay qolgan. Qirgʻizistonning bir nechta konlari nomaʼlum shaxslar tomonidan egallab olinib, faoliyatiga toʻsqinlik qilingan. Biznes uyushmalarning maʼlumotiga koʻra,bu hali toʻliq hisob emas; iqtisodiy zarar miqdori bundan bir qancha koʻp boʻlishi ehtimol.

Iqtisod fanlari nomzodi Erlan Kamolov barqarorlik boʻlmagan mamlakat bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishni hech bir davlat istamasligini va shuning uchun Qirgʻizistonda yuz bergan siyosiy voqealar mamlakatni ortga tortayotganini aytadi.

“Bunday siyosiy beqarorlik birinchi navbatda bizning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizga juda katta zarar beradi. Siyosiy barqarorlik oʻrnatilmaguncha, makroiqtisodiy barqarorlik haqida soʻz ham boʻlishi mumkin emas”, — deydi iqtisodchi Erlan Kamolov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, kelajakda bu voqealarning, albatta, salbiy taʼsiri boʻladi.

“Bu masala tinchlik yoʻli bilan, soʻzlashuvlar yoʻli bilan davra suhbatlari darajasida hal qilinuvchi masala kattalashib, mamlakatning yaxlitligi, birligi, umumxalqning tinchligini xavf ostiga qoʻygan bir mushkul ahvolga olib kelib qoʻydi. Buning uchun birgina hukumat emas, saylov jarayonida ishtirok etgan barcha partiyalarning liderlari, aʼzolari ham toʻliq javobgar”, — deydi u.

Qirgʻiziston tashqi qarzlarni ham toʻlashi kerak. Ayni vaqtda, rasmiy maʼlumotga koʻra, mamlakatning tashqi qarzi 2020-yil pandemiya tufayli olgan qarzlari bilan birgalikda 4,3 mlrd. dollarni tashkil qiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG