Breaking News

Turkiyada o‘zbek tili va adabiyoti qanday o‘qitilyapti?


Turkiyada o'zbek tili va adabiyoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:22 0:00

Turkiyaning Izmir shahridagi Egey universiteti o‘qituvchisi Yilmaz O‘zkaya talabalarga o‘zbek adabiyotidan saboq beradi, ana shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib boradi.

“Egey universitetidagi o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida talabalarni ma’rifatparvarlik va jadidchilik davri adabiyoti bilan tanishtiramiz. Furqat, Zavqiy, Muqimiy asarlarini o‘qitamiz. Fitratning “Munozara”sini, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”ini, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asarlarini o‘qitamiz. Ayni paytda sovet davri adabiyotidagi taniqli o‘zbek shoir va adiblarini ham tanishtiramiz. Mustaqillik davri adabiyotida yangi bosqich boshlandi, ijtimoiy mavzularga va inson mavzusiga yo‘nalish boshlandi. Milliy madaniyat va milliy qadriyatlar oldingi planga chiqarildi”, – deydi u.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek alifbosidagi kamchliklar turkiyalik talabalarga o‘zbek tilini o‘rganishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Qolaversa, O‘zkaya yaqin tarixda o‘zbek alifbosining bir necha bor almashganiga salbiy holat deb qaraydi.

Chet elliklarning o‘zbek tilini o‘rganishida bir qator muammolar borlgini Karabuk universiteti o‘qituvchisi, qadimgi turkiy tillardan dars berayotgan Saidbek Boltaboyev ham tasdiqladi.

“Birinchi o‘rinda alifbo muammosi. Boshqa turkiy tillar alifbolari bilan solishtirsa, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi fonetik jihatdan yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Unda o‘zbek tilining fonetik imkonyatlari yetarli darajada aks etmagan. Bir tovushni ifodalash uchun bir nechta belgidan foydalanishga to‘g‘ri keladi, masalan, o‘g va g‘, sh va ch kabi. Bundan tashqari, unli tovushlarning yozuvda ifoda etilishi Turkiya universitetlaridagi o‘zbek tili va adabiyoti darslarida asosiy muammolardan biri hisoblanadi”.

Shuningdek, Boltaboyev o‘zbek tilini o‘rganayotgan turkiyalik talabalar uchun manbalar yetishmasligini, o‘zbek tilining so‘z boyligini ko‘rsatib beradigan lug‘atlarning kamligini aytadi. Unga ko‘ra, Turkiyada o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan rag‘bat unchalik kuchli emas, bu esa o‘zbekchani o‘rgangan talabaning o‘z bilimini kelgusida moddiy daromad manbaiga aylantira olish imkoniyatining pastligi bilan bog‘liq.

Erzurumdagi Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda lug‘at bilan bog‘liq muammoni hal etish – yirik turkcha-o‘zbekcha lug‘at yaratish ustida ish olib borilyapti. Mazkur lug‘atni 2021-yilda, O‘zbekiston mustaqilligi bayrami arafasida chop etish rejalashtirilgan.

Saidbek Boltaboyev o‘zbek tilining tobora rivojlanishi va nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun tilga yuzaki emas, chinakamiga e’tibor berish zarur deydi:

“O‘zbek tilida dunyoning yuqori minbarlaridan turib xitob qilinishi quvonarli holat. O‘n to‘rt asrdan ziyod yozma adabiy til bo‘lish tarixiga ega tilimiz bu holati bilan bizga g‘urur bag‘ishlaydi. Bu g‘ururni biz har yilning 21-oktabrida maxsus kunga yo‘g‘irgan holda nishonlab kelamiz, ko‘tarinki ruhda. Lekin bu nishonlashda asosan ko‘ngilochar dasturlar, madaniy tadbirlar, ajdodlarimiz erishgan yutuqlar bilan g‘ururlanish, bularni namoyon qilish, ko‘z-ko‘z qilish bilan cheralanib qolayotgandekmiz. Aslida bunchalik tarixiy tilga ega bo‘lish bizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi kerak, bu tilning xalqaro arenada e’tirof etilishi ve yetarli darajada tadqiq etilishi bo‘yicha mas’uliyat yuklashi kerak”.

XS
SM
MD
LG