Breaking News

Qirg'izistonda parlament va prezident saylovlari qachon bo'ladi?


Qirg'izistondagi siyosiy vaziyat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:42 0:00

Qirgʻizistonda parlament uchun qayta saylov kuni 2021-yilning 1-iyuniga qadar aniqlanadi. Bu vaqtgacha konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish belgilangan. Bu esa davlatning bosh qonuniga navbatdagi oʻzgartirishlar kiritilib, referendum oʻtkazilishini anglatadi.

Shu bilan birga Qirgʻizistonda prezidentlik saylovi ham oʻtkazilishi kerak, ammo uning vaqti hali aniqlanmadi.

Ayni paytda Qirgʻizistonning bosh vaziri va prezidentlik vazifasini Sadir Japarov bajarmoqda. Sooronbay Jeenbekov 5-oktabrda boshlangan muddatsiz mitinglar ortidan isteʼfo bergan.

Jeenbekovning isteʼfosini kimdir qoʻrqoqlik deb baholasa, kimdir unga bosim oʻtkazilgani haqida aytib kelmoqda. Jeenbekovning oʻzi esa bu qarorni xalq qoni toʻkilmasligi uchun qabul qilganini aytdi.

Siyosatshunos Nurkanbek Patiyevning aytishicha, mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatda Sooronbay Jeenbekov va uning jamoasining aybi bor.

“Mana ikki prezidentimiz chetda qochib yuribdi. Biri oʻz jinoyatlari sabab qamoqda yotibdi. Toʻrtinchi prezidenti esa muddati tugamay (yana uch bor edi) ketkazdik degan fikrlar bor. Mening shaxsiy fikrimcha, Sooronbay Jeenbekovning ham maʼnan aybi bor. Chunki Qirgʻizistondagi siyosiy vaziyat boʻyicha unda yetarli maʼlumot bor edi. Shunga qaramay bir-ikki partiyani qoʻllab, maʼmuriy resursdan foydalanish, saylovchilarni sotib olish holatlariga u koʻz yumdi deyish mumkin”, - deydi siyosatshunos.

Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosi va yangi hukumatdan xalq nima kutayotganini bilish maqsadida ayrim oʻshliklarning fikrini soʻradik. Ularning aksariyati Jeenbekovga nisbatan iliq munosabatda ekanini, lekin Sadir Japarovdan ham umid borligini aytadi.

Siyosatshunos Nurkanbek Patiyevga koʻra, dunyo jamoatchiligi va qirgʻizistonliklar mamlakatda vaziyat bundan keyin qanday shaklda oʻzgaradi degan kutish holatida turibdi. Uning fikricha, yangi hukumat juda katta muammolar bilan yuzlashadi.

“Chegara masalasi bor. Korrupsiya muammosi. Migrantlar masalasi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar toʻlib yotibdi. Mana shularning bari yangi kelgan hukumatning boʻyniga yuklandi. Albatta, jamoatchilikning bari hozircha ishonch bilan qarab turibdi”, - deydi Patiyev.

Yana bir siyosatshunos Baqit Aliqulovga koʻra, Qirgʻizistonning kelajagi uchun davlatda qonun ustuvorligi va bir mafkura atrofida birlashish zarur.

“Xalq uchun, vatan uchun halollik prinsipi bilan ishlash kerak. Qarindosh-urugʻchilik, mahalliychilik degan prinsiplardan voz kechish kerak. Shunda bari oʻz oʻrniga tushadi deb oʻylayman. Bungacha, Aqayev davrida ham, Atambayev zamonida ham siyosiy elitaning 99 foizi qorin dardi bilangina fikr qilib keldi. Shu qorin dardi atrofidagina birlashdi. Bir gʻoya atrofida jipslashish boʻlmagani oqibatida mana shunday vaziyatlar kelib chiqdi deb oʻylayman”, - deydi u.

Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmati Jogorku Kenesh deputatligi uchun qayta saylovda 25 siyosiy partiya ishtirok etmoqchi ekanini bildirdi.

Birinchi saylov joriy yilning 4-oktabrida oʻtgan edi. Ammo ertasiga natijalardan norozi boʻlgan siyosiy partiyalar va ularning tarafdorlari muddatsiz mitinglarni boshladi. Norozilar natija bekor qilinishini talab qildi va Markaziy saylov komissiyasi oʻsha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekovning tavsiyasi bilan natijalarni bekor qildi.

Miting ishtirokchilari Sadir Japarov bosh vazir etib tayinlanishini talab qildi va u bosh vazir boʻldi. Norozilar Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosini ham talab qildi. Jeenbekov lavozimdan voz kechdi. Unga sobiq prezident maqomi berildi va izzat bilan kuzatildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG