Breaking News

AQShning BMTdagi elchisi: Yaqin Sharqqa yangicha qarang


Kelli Kraft, AQShning BMTdagi elchisi
Kelli Kraft, AQShning BMTdagi elchisi

AQShning BMTdagi elchisi Kelli Kraft deydiki, Yaqin Sharqdagi siyosiy dinamika o'zgargan va xalqaro hamjamiyat ham shunga mos siyosat yuritishi kerak. Elchi Prezident Donald Trampning bu boradagi fikrlarini takrorlamoqda. Tramp mintaqaga nisbatan global yondashuv eskirgan, deb keladi.

“Davlatlar bugun yangicha muloqotda va aloqada”, - deydi Kraft. “Prezident aytganidek, Yaqin Sharqda yangi sahifa ochilgan".

Amerika vositachiligida Isroil Bahrayn va Birlashgan Arab Amirligi bilan aloqalarni normallashtira boshladi. O'tgan chorak asr mobaynida mintaqada bunday murosa bo'lmagan. Iordaniya va Misr ancha avval bunday kelishuvga erishgan.

Oq uy Sudanni terrorizm homiylari ro'yxatidan olib tashlashga qaror qilgan. Evaziga Sudan terror jabrdiydalariga, xususan amerikaliklarga, tovon to'laydi va Isroil bilan murosa qiladi. Ikki davlat orasidagi aloqalar normallashishi kerak.

Kraft fikricha, Tramp ma'muriyati yangicha yondashuv samara berishini isbotladi.

“Biz BMT Xavfsizlik kengashi a'zolarini va mintaqadagi hamkorlarni Isroil va Falastin bevosita muloqot qilishi uchun yordamlashishga chaqiramiz", - deydi Amerika elchisi.

"AQShning bu boradagi rejasini quvvatlang".

Riyad al-Malikiy, Falastin Tashqi ishlar vaziri
Riyad al-Malikiy, Falastin Tashqi ishlar vaziri

Falastin rahbariyati bu rejani qoralab, Isroil bilan til topishgan davlatlarni arab manfaatlariga zid harakatda ayblaydi. Muzokaralarda Falastin ahlining haq-huquqlari hisobga olinmagan, deydi Prezident Mahmud Abbos.

Isroilning BMTdagi yangi elchisi Gilad Erdan deydiki, Falastin tinchlik yo'lidan borgan har bir mamlakatni tanqid qilishi uning niyati ezgu emasligini anglatadi.

“Xavfsizlik kengashi masalaning bu tomoniga ham qarasin", - deydi Erdan.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyad al-Malikiy tinchlik muzokaralari kelasi yl boshlanishi uchun harakatda ekanini aytadi.

“Xalqaro hamjamiyat tinchlik yo'lida hissa qo'sishi kerak, oqibatlari hammamiz uchun muhim", - deydi al-Malikiy.

Kraft nazarida BMT va boshqalar anjumanlarni bas qilib, Isroil va Falastin yuzma-yuz konstruktiv dialog boshlashi uchun ko'maklashmog'i lozim.

“Samarasiz ishlarni qayta-qayta qilavermay, real chora ko'rish lozim. Aks holda Isroil ham, Falastin ham yutqazmoqda. Muammo ko'lamini kengaytirishdan ne foyda?"

BMTning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Nikolay Mladenov Isroilni arab yerlarida uy-joy qurishni bas qilishga chaqirib, xalqaro qonunlar buzilayotgani va tinchlik yo'liga to'siq qo'yilayotgani haqida ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG