Breaking News

AQSh prezidentlik saylovida kim g'olib bo'lgani hanuz noma'lum


Oregon shtati Portlend shahrida ovozlar sanalmoqda, 2020-yil, 4-noyabr

Saylovdan bir kun o’tib AQShning keyingi to’rt yildagi prezidenti kim bo’lishi hanuz mavhum bo’lib turibdi. Koronavirus pandemiyasi davrida pochta orqali yuborilgan byulletenlar soni ko’pligi bois bir necha shtatlarda ovozlarni sanash hali yakuniga yetmagan.

Prezident Donald Tramp va Demokratik partiyadan uning raqibi Jo Bayden saylov kollegiyasining kerakli 270 ovozini qo’lga kiritish uchun kurash olib bormoqda.

Mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Shimoliy Karolina, Jorjiya va Pensilvaniya, o’rta g’arbdagi Michigan va Viskonsin hamda janubi-g'arbiy Arizona shtatida kimning g’olib chiqqanini e’lon qilishga hali erta. Aksariyat ovozlar sanab bo’lingan, lekin erta ovoz berilgan yoki pochta orqali kelgan byulletenlar hisobga olinsa, natijalar o’zgarishi mumkinligi bois g’olib nomi hali e’lon qilinmagan.

Noaniqliklarga qaramay, Tramp chorshanba kuni erta tongda Oq Uydagi kameralar oldida paydo bo'lib, g'alaba qozonganiga ishonishini aytdi. U, shuningdek, ovozlarni sanashni to'xtatish lozimligini, aks holda Oliy sudga murojaat qilishini ta’kidladi.

"Bu millatimiz ustidan katta firibgarlik. Agar mendan so’rasangiz, men allaqachon g’olib chiqdim", - dedi Tramp.

Bayden kampaniyasiga ko’ra, prezidentning byulletenlarni sanashni to’xtatishga chaqirishi saylov kunidan oldin ovoz berishni istagan Amerika fuqarolarining demokratik huquqlarini olib qo’yishga qaratilgan shafqatsiz harakatdir.

Jo Bayden tarafdorlari davrasida, Vilmington, Delaver, 2020-yil, 4-noyabr
Jo Bayden tarafdorlari davrasida, Vilmington, Delaver, 2020-yil, 4-noyabr

Avvalroq Bayden o'zi tug’ilib o’sgan Delaver shtatining Vilmington shahrida tarafdorlariga murojaat qilib, qo’llab-quvvatlaganlari uchun ularga minnatdorlik bildirdi va g'alaba qozonishiga ishonishini aytdi.

"Umidni uzmang, biz g’alaba qozonamiz", - dedi Bayden.

Bir necha muhim shtatlarda ovozlarni sanash davom etar ekan, Bayden tarafdorlarini sabr qilishga chaqirdi.

Ovozlarni sanash davom etadi

Prezidentlik saylovi g’olibi 50 shtat va Vashington Kolumbiya okrugidagi natijalarga qarab aniqlanadi. Shtatda ko’pchilik ovozini olgan nomzod shu shtatdagi barcha elektorlarni (saylov kollegiyasi a’zolarini) qo’lga kiritadi. Elektorlar ovozi o’zaro bo’linadigan ikki shtat bundan mustasno. Elektorlar soni shtat aholisi soniga qarab taqsimlangan.

Prezident Donald Tramp saylovdan so'ng Oq uyda gapirmoqda, Vashington, 2020-yil, 4-noyabr
Prezident Donald Tramp saylovdan so'ng Oq uyda gapirmoqda, Vashington, 2020-yil, 4-noyabr

Trampning saylovdagi sherigi, Vitse-prezident Mayk Pens "ovozlarni himoya qilish" lozimligini aytdi, ammo Tramp kabi g’alaba qozonganini e’lon qilmadi.

Saylov bilan bog’liq so’nggi vaziyat

3-noyabr kuni prezidentlik saylovidan tashqari Kongress hamda mahalliy qonun chiqaruvchi va hokimiyat organlariga ham ovoz berildi.

• Demokratlar Kongressning Vakillar Palatasida ko'pchilik nazoratini saqlab qolishi kutilyapti. Ammo Senatda yana respublikachilar nazorati davom etishi ehtimoli bor. Demokratlar hozircha Senatda ustunlikni ta’minlaydigan darajada kerakli o’rinlarni qo’lga kirita olmadi. Bir necha shtatda Senat uchun ovozlarni sanash davom etmoqda.

• Senatdagi ko'pchilik yetakchisi, Kentukki shtatidan respublikachi senator Mitch Makkonell yettinchi bor olti yillik muddatga saylandi.

• Tramp demokrat Hillari Klintonni mag'lubiyatga uchratgan 2016-yilgi ko'rsatkichi bilan taqqoslaganda, oq tanli erkaklardan tashqari boshqa barcha irq va jinsdagi saylovchilar orasida mavqeini yaxshilagan.

• Federal Qidiruv Byurosi ba'zi shtatlarda odamlarni ovoz bermaslikka chaqiruvchi qo’ng’iroqlar bo’lgani haqidagi da’volarni tekshirmoqda. Mamlakat bo’ylab saylov uchastkalarida jiddiy firibgarlik yoki ovoz berish bilan bog’liq shikoyatlar kuzatilmadi.

• Ayni paytda bu yilgi saylovga xorijdan aralashuv bo’lganini tasdiqlovchi dalillar yo’q.

Saylovchilar soni har doimgidan ko’p

Saylov kuni ovoz berish uchun butun mamlakat bo'ylab kun bo'yi o'n millionlab odamlar navbatda turdi. So'nggi haftalarda 101 milliondan ortiq odam saylovgacha ovoz berib bo’lgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil barcha fuqarolarga pochta orqali yoki saylov uchastkalariga erta kelib ovoz berishga ruxsat berildi.

Bu yil erta ovoz berganlar soni 2016-yilgi jami saylovchilar miqdorining uchdan ikki qismini tashkil etgan.

Barcha saylovchilar soni esa 150 milliondan oshgani aytilmoqda.

Prezidentlik saylovi keskin va ziddiyatlarga boy siyosiy kampaniyalar ostida o’tdi. Tramp ham, Bayden ham raqibini mamlakatni boshqarishga yaroqsizlikda ayblab, bir-biriga turli ayblovlarni yog’dirdi.

Bir qator shtatlarda, xususan, poytaxt Vashingtonda ehtimoliy zo’ravon namoyishlardan qo’rqqan tadbirkorlar o’z binolarini saylov arafasida taxta to’siqlar bilan o’rab oldi.

Amerikaliklar tarixda ilk bor prezidentlik saylovida 70 yoshdan oshgan nomzodlarga ovoz berdi. Bayden 20-yanvarda bo’ladigan inauguratsiya kuniga qadar 78 yoshga to'ladi, Tramp esa 74 yoshda. Kim g'alaba qozongan taqdirda ham, u AQShning eng keksa rahbari bo'ladi.

Bundan tashqari, saylovchilar Vakillar Palatasidagi barcha 435 o'rin, Senatda esa 100 o'rindan 35 tasi uchun ovoz berdi.

Saylov arafasida o’tkazilgan ko’plab ommaviy so’rovlar Bayden saylovda Trampdan 8-10 foiz ko’proq ovoz olishini taxmin qilgan edi. Amalda esa deyarli barcha shtatlarda kurash teng kuchlar ostida kechdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG