Breaking News

Xorijlik elchilar AQSh saylovini qanday kuzatdi?


Nyu-Gempshir shtatidagi saylov uchastkasi, 2020-yil, 3-noyabr
Nyu-Gempshir shtatidagi saylov uchastkasi, 2020-yil, 3-noyabr

Dunyo bo’ylab ko’plab odamlar Amerikadagi saylovni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. AQShda hokimiyat o’zgarishi global siyosiy muhitga ham ta’sir qilishi aytiladi.

Poytaxt Vashingtonda joylashgan xorijiy mamlakatlar elchixonalari har to’rt yilda bir bo’ladigan bu siyosiy jarayonni ko’tarinki va bayramona ruhda kuzatishga odatlangan. Ammo bu yil pandemiya sharoitida saylovni kuzatish cheklangan sharoitlarda bo’lib o’tmoqda.

"Men tashqariga chiqmay turib iloji boricha vaziyat haqida yaxshiroq tasavvur olishga harakat qilyapman", - deydi Irlandiyaning AQShdagi elchisi Daniel Mulxoll "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

U jurnalistlar, tahlil markazlari tahlilchilari va ikki partiya bilan yaxshi aloqaga ega odamlar berayotgan ma’lumotlarga tayanayotganini aytadi.

Irlandiyaning AQShdagi elchisi Daniel Mulxoll
Irlandiyaning AQShdagi elchisi Daniel Mulxoll

"Irlandiyada va Yevropada odamlar Amerika siyosatiga qattiq qiziqishadi, - deydi u. - Irlandiyaliklar bilan telefon orqali suhbatlashsam, ular bu yerda nima bo'layotgani haqida ko'p narsalarni bilishini tushunaman. Odamlar nihoyatda yaxshi ma'lumotga ega, bu mening ishimni osonlashtiradi. U yerdagi odamlarga hamma narsani tushuntirishim shart emas. Ular allaqachon yaxshi, asosiy bilimlarga ega".

Chexiya elchixonasi boshlig'i o'rinbosari Zdenek Beranakning aytishicha, uning ish kuni seshanba kuni erta tongdan boshlangan va yarim tundan o’tguncha davom etgan. Ovozlarni hisoblash keyingi kun va undan keyin ham davom etishi aniq bo'lguncha kuzatdim, deydi u.

“Orada biroz tanaffus oldim. O'zim yoqtirgan podkastni tinglab, 6 km. yugurdim, keyin o'g'limni maktabdan oldim. Shuningdek, Oq uyning yonida, shaharda ahvoli qanday ekanini bilish uchun soat 15:00 atrofida mashinamda shahar aylandim. Merilenddagi bir saylov uchastkasiga bordim. Hayajonli kun - haqiqiy demokratiya festivali!" – deydi Beranak.

O'tgan yillarda bo’lgani kabi bu yil elchixonalar mehmonlar uchun saylov kechasi tomosha va yig’inlar tashkil etmadi. Beranakning aytishicha, asosiy xodimlar seshanba kuni televizor tomosha qilgan va bir nechta onlayn manbalardan ma’lumotlarni tekshirib turgan. Elchi Xaynek Kmonich esa kunning ko'p qismini ommaviy axborot vositalariga intervyu berib o'tkazgan.

Saylovdan bir necha kun oldin Beranak ba'zi hamkasblari bilan saylov taqdirini hal qiluvchi muhim shtatlardan biri sifatida ko’rilgan Pensilvaniyaga bordi.

Boshqa diplomatlar qizg'in bahsli saylovni kuzatib olgan taassurotlarini “Twitter” ijtimoiy tarmog’ida baham ko’rdi.

Daniya elchisi Lone Denker Vis o'zining “Twitter” sahifasida 3-noyabr kuni AQShda jismonan bo'lish “ajoyib holat” bo’lganini yozdi. U Daniyaning turli ommaviy axborot vositalariga intervyular berganini aytdi.

Germaniya elchisi Emili Xaber chorshanba kuni “Twitter”da yozishicha, saylov kuni shtatlardan kelayotgan ovozlarni diqqat bilan kuzatgan va yangi kun avvalgi kechaning davomi bo’lishini aytgan.

Bir necha elchixonalarning “Twitter”dagi sahifalari Amerikaning har to'rt yilda takrorlanadigan demokratiya mashqi haqida sukut saqlashni lozim topdi.

Rossiya sahifasida saylov haqida hech qanday ma’lumot berilmadi. Aksincha, Rossiyaning fashistlarni mag'lub etishdagi roli, Vashington bilan ballistik raketaga qarshi (ABM) shartnomasi bo'yicha muzokaralar hamda kosmik tadqiqotlar bo'yicha AQSh-Rossiya hamkorligi haqida lavhalar joylashtirildi.

Shu bilan birga, Xitoy elchixonasi sahifasida Prezident Si Zinpinning nutqi, Pekinning Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bilan aloqalarini tanqid qiluvchi “Nyu-York Tayms” nashri maqolasiga hamda Xitoy Shinjondagi uyg'ur xalqi diniy erkinligini bo’g’ayotgani haqidagi da’volarga raddiya chop etildi.

Irlandiyada saylovga qiziqish shu qadar balandki, uning Irlandiyadagi saylov emasligini aytish qiyin, deya hazillashdi Mulxoll. U o'z vatandoshlariga Amerikadagi saylov tizimini tanishtirishga harakat qildi.

"Bizning tizim shundayki, hamma bir kun ichida ovoz beradi, oldindan ovoz berilmaydi. Barcha ovozlar ertasi kuni, saylov o'tkazilgandan keyin hisoblab chiqiladi va yakuniy natija ma'lum bo'lishi uchun besh yoki olti kun kerak bo'lishi mumkin", - deydi u.

Uning so'zlariga ko'ra, irlandiyaliklar orasidagi qiziqishning yuqoriligi sabablaridan biri shuki, nomzodlardan biri, sobiq vitse-prezident Jo Baydenning asli kelib chiqishi irlandiyalk va u o’zining katolik ekanini aytadi.

Prezident Donald Trampning ajdodlari ham asli irlandiyalik ekani haqida ma’lumotlar bor.

Mulxollning aytishicha, Baydenning Irlandiyaga tashrifi, agar u saylansa, ikki tomonlama aloqalarga katta turtki berishi mumkin.

"Bolaligimda (asli irlandiyalik Amerikaning sobiq prezidenti) Jon Kennedi Irlandiyaga tashrif buyurganida, bu qanday katta voqea bo'lganini eslayman", - deydi u.

Ammo, deydi Mulxoll, Irlandiya ham respublikachilar, ham demokratlar bilan aloqalarini qadrlaydi. Prezident Trampning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Robert Obrayen ham irland-amerikalik hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG