Breaking News

O'zbekiston prezidentining xorijlik maslahatchisi nima ish bilan band?


O'zbekiston prezidentining maslahatchisi Suma Chakrabarti

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligida Prezident Shavkat Mirziyoyevning maslahatchisi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki sobiq rahbari Suma Chakrabarti bilan iqtisodiyotga doir vaziyat muhokama qilingan.

Uchrashuv O’zbekistonda kambag’allik darajasi bo’yicha munozaralar avj olishi ortidan kuzatilmoqda.

Bu ancha yillar YTTB prezidenti lavozimida ishlagan, shu yil sentabr oyida O’zbekiston prezidentining iqtisodiy masalalar bo’yicha maslahatchisi maqomida faoliyat boshlagan Suma Chakrabartining mamlakatdagi dastlabki uchrashuvlaridan biri.

Avvalroq, oktabr oyida u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan, bu uchrashuvda O’zbekistonni iqtisodiy rivojlanish strategiyasi muhokama qilingan edi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kamabg’allikni qisqartirish vazirligining mazkur uchrashuv yuzasidan tarqatgan axborotiga ko’ra, Suma Chakrabarti pandemiya davridagi og’ir sharoitga qaramasdan O’zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarni, ijobiy iqtisodiy ko’rsatkichlarni yuqori baholagan.

Vazirlik Chakrabartining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo’yicha O’zbekiston prezidenti maslahatchisi maqomidagi vazifasi nimalardan iborat bo’lishini ham izohlab o’tgan.

“Xususan, u o‘z rolini islohotlar samaradorligini ta'minlashda (boshqaruv tuzilmasi, vazirliklar va idoralar salohiyatini oshirish, qarorlarni qabul qilishni soddalashtirish), fuqarolik jamiyatini jalb qilish (yoshlar bilan ishlash, o‘zaro fikrlash madaniyatini oshirish), xalqaro mamlakat qiyofasi (rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribalari va ularni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘rganish) kabi sohalarda yordam berishda ko‘rishini aytdi”, deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi xabarida.

Kambag’allikni qisqartirishga ixtisoslashgan vazirlikdagi bu uchrashuv O’zbekiston jamoatchiligida kambag’allik darajasiga doir munozaralar avj olishi ortidan kuzatilmoqda.

Munozaralarga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning kunlik daromadi 5600 so’m bo’lgan aholi kambag’al toifaga kirmasligi haqidagi fikrlari sabab bo’ldi. Aholining kunlik ehtiyojini qoplamaydigan 5600 so’m (3,2 AQSh dollari) kambag’allik darajasini belgilashda mezon qilingani jamoatchilikda, ijtimoiy tarmoqlarda kuchli norozilikka sabab bo’ldi. Aksariyat fuqarolar iqtisodchini real hayotdan uzoqlikda aybladi.

Iqtisodchining bu bayonoti turlicha sharhlanganiga qaramasdan, masalaga bevosita doxil idora Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi tomonidan rasman biror munosabat bildirilgani kuzatilmadi. Ammo vazirlik bir muncha avval O’zbekistondagi kam ta’minlangan oilalar soni 4-5 million atrofida ekanligiga doir bayonotini ochiqlagan edi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo’chqorov va prezident maslahatchisi Suma Chakrabarti uchrashuvida iqtsoddagi tarmoqlar modernizatsiyasi, raqobatbardoshlikni oshirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, investitsiya muhitini yaxshilash kabi umumiy yo’nalishlar muhokama qilingan.

Suma Chakrabarti bilan aynan kambag’allikni qisqartirish masalasi qanchalik muhokama qilingani noma’lum, ammo ekspertlar yirik moliyaviy tashkilotga uzoq yillar rahbarlik qilgan mutaxassisning O’zbekistondagi faoliyati iqtisodiyot rivojiga turki berishi mumkinligidan umid qilishmoqda.

Suma Chakrabarti iqtisodiy rivojlanish masalasida nafaqat O’zbekiston prezidentiga, balki Qozog’istonda ham shu kabi maqomda Prezident Qosim-Jo’mart Tokayevning iqtisodiy islohotlar bo’yicha maslahatchisi ham hisoblanadi.

O’zbekistonlik iqtisodchi Saparboy Jubayev ayni paytda Qozog’istonda iqtisod fanidan dars beradi.

Uning aytishicha, Suma Chakrabartining har ikki davlatda ham maslahatchi maqomida faoliyat yuritishi mintaqa iqtisodiyotini yaxshi bilishi bilan bog’liq va xalqaro miqyosdagi tajribali mutaxassisni jalb etish O’zbekiston va Qozog’iston iqtisodiyotiga foydali bo’ladi.

“Albatta, xalqaro miqyosdagi mutaxassisni jalb etish, ayniqsa, islohotlar o’tkazayotgan davlatlar uchun muhim. Suma Chakrabarti YTTB prezidenti sifatidagi faoliyati davomida mintaqa iqtisodini yaxshi, yaqindan bilishni namoyon etgan. Ammo bu darajadagi mutaxassisni jalb etish masalaning bir tomoni, ikkinchi muhim tomoni esa bu mutaxassis berayotgan tavsiyalarni hukumatlar qanchalik qabul qilishiga bog’liq. YTTBning mintaqaga nisbatan siyosati hamisha umumiy bozorni shakllantirish, davlatlar o’rtasida savdo-sotiqni kuchaytirish, chegaralardagi to’siqlarni bartaraf qilish, iqtisodiyotni erkinlashtirishdan iborat bo’lgan. Suma Chakrabarti maslahatchi maqomidagi faoliyatida iqtisodiy rivojlanishning shu usuliga diqqat qaratadi”, - deydi ekspert.

Iqtisodiy islohotlar bo’yicha Qozog’istondagi vaziyat O’zbekistondagiga nisbatan ancha oldinda, Qozog’iston iqtisodni erkinlashtirish siyosatini ancha avval, hali O’zbekistonda turg’unlik hukmron davrlarda boshlagan. Shuningdek, Qozog’iston xalqaro miqyosdagi moliyachilar, ekspertlar bilan ishlashda ham tajribaga ega. Yaqingacha Britaniyani sobiq bosh vaziri Toni Bleyer ham qozoq hukumati jalb qilgan xalqaro maslahatchilar qatorida edi.

“Qozog’iston iqtisodiy boshqaruvda nafaqat ekspertlar, balki yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar, jumladan, YTTB bilan ham yaqin hamkorlik qildi. Ya’ni hamkorlik deyilganda men, albatta, samarani nazarda tutayapman. Chunki O’zbekiston ham ancha yillardan buyon YTTB bilan ishlab keladi. Ammo bank O’zbekistonda ishlab turgan yillarda ham uning asosiy faoliyati faqat qancha sarmoya berilganini hisob-kitob qilish bilan cheklanib qolgan edi, xolos. Mana hokimiyat almashib, hamkorlik qayta yo’lga qo‘yildi, hukumat iqtisodiy islohotlarga tayyorligini aytmoqda. Ya’ni xalqaro miqyosdagi ekspertlarning jalb qilinishi shunday muhitda, mamlakat islohotlarga tayyor bir paytda o’z natijasini berishi mumkin. Shunday ekan, Suma Chakrabarti faoliyatidan qanday samara bo’lishi ko’proq hukumatga, ya’ni uning tajribasidan, tavsiyalaridan qanchalik foydalanishiga bog’liq bo’ladi”, - deydi Jubayev.

Hindistonda tug’ilgan, keyinchalik Britaniya fuqaroligini qabul qilgan Suma Chakrabarti dastlab 2012-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentligiga saylangan edi. 2016-yilda u bu lavozimga qayta saylandi, shu yilning iyul oyida prezidentlik vakolati yakunlandi. Sentabr oyida u O’zbekiston prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo’yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG