Breaking News

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O'zbekiston va Tojikistonda faoliyatini kengaytiradi


Jon Barsa, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) muvaqqat rahbari

Bugun Vashingtonda AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) muvaqqat rahbari Jon Barsa O'zbekiston va Tojikistonda faoliyat kengayayotganini e'lon qildi.

AQSh fevral oyida Markaziy Osiyoga nisbatan 2019-2025 yillar uchun strategiyasini taqdim etgan edi.

"USAIDning mintaqadagi yangi missiyalari AQSh dunyoning bu qismiga jiddiy qarab, hamkorlik va yordamni oshirayotganini anglatadi", - deydi Barsa.

Amerikaning tashqi dunyoga gumanitar ko'magi shu agentlik tomonidan ko'rsatiladi. USAID O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonda o'tgan qariyb 30 yilda yuzlab million dollar sarflagan.

Yangi kelishuvlar xususidagi virtual tadbirga Vashingtondagi aql markazlaridan biri, The Heritage Foundation, mezbonlik qildi.

Bu markazda yetakchi tahlilchi Luk Kofi ta’kidlashicha, Vashington Markaziy Osiyoga yo biz bilan yo bizga qarshi tarafda deb qaramasligi lozim. Mintaqa tashqi siyosatda muvozanatga intilishga haqli, deydi ekspert.

Markaziy Osiyo o’zi uchun yangi imkoniyatlar ocha oladi va potential bag’oyat yuqori, deydi Barsa.

Mintaqa tranzit yo’ligina emas, deydi USAID rahbari. Bu mamlakatning har biri AQShning muhim sheriklari. Gap faqat siyosiy sheriklik haqida ketmayapti. Rasmiy deydiki, Amerika xalqi va bu davlatlar ahli madaniy, ijtimoiy va ilmiy sohalarda yaqinlashib bormoqda. Xotin-qizlar rolini oshirish va ularni quvvatlashdan tortib, yosh avlodga zarur bilim berib, ularni global maydonga olib chiqish uchun birga ter to’kilmoqda.

Mintaqa – Yevrosiyo yuragi, deydi Kofi. Shunday ekan, bu davlatlarning manfaatlarini tushunish kerak. Amerika uchun ularning xavfsizligini va mustaqilligini quvvatlash eng ustuvor maqsad bo’lib qolaverishi kerak, deydi ekspert.

Mintaqaning Vashingtondagi bosh diplomatlari buni eshitib, mamnun.

O'zbekiston elchisi Javlon Vahobov va Tojikiston elchisi Farhod Salom e'tirof etishicha, USAID ayniqsa koronavirus pandemiyasi davrida madad berib, hukumatlar bilan yaqindan ishlab kelmoqda. Har ikki davlat e'tibor oshayotganidan xursand va rahbariyatlar buni quvvatlaydi.

Elchi Salimga ko’ra, uning mamlakati uchun sog’liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi va ta’minoti, barqarorlik hamda energetik mustaqillik eng dolzarb masalalar. USAD shu yo’nalishlarda ishlaydi.

Elchi Vahobovga ko’ra, Vashingtonning bugungi maqsadlari O’zbekistonnikiga mos. Respublika har tomonlama rivojlanishni, kuchli siyosiy tizim va barkamol jamiyatga aylanishni istaydi. Sarmoya jalb etishdan tortib ish o’rinlari yaratishgacha, qishloq xo’jaligi, biznes va tijorat, ko’zlangan islohotlarni amalga oshirishgacha, sudlar mustaqilliga erishishdan tortib huquq himoyasigacha, suvdan to’g’ri foydalanishdan tortib Orolbo’yi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilashgacha, Toshkent barcha yo’nalishlarda USAIDdan umidvor. Vahobov, ayniqsa, ta’lim sifatini oshirish va yoshlar bilan ishlashga urg’u berib, respublikaga tanqidiy-tahliliy fikrlaydigan va ingliz tilini biladigan avlod zarur, deydi.

“Oldimizdagi maqsadlarga erishish oson kechmaydi, lekin to’g’ri yo’ldamiz. Umid qilamizki, bu murakkab jarayonlarda Amerikaga tayana olamiz”, - deydi Vahobov.

Amerikaning Toshkent va Dushanbedagi elchixonalarida USAID bo'limlari azaldan bor. O'zgarish shuki, ular endi kengaymoqda. 2021-yildan yangicha ko'lamda ishlay boshlaydi.

Barsa bayonotiga ko'ra, bu vakolatxonalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: iqtisodiy taraqqiyot, qonun ustuvorligi, tabiiy boyliklar boshqaruvi, savdo va biznes hamda energetika bozori bilan bog'liq infrastrukturani rivojlantirishda ko'maklashish.

O'zbekistonda ko'p-yo'nalishli islohotlar samara berishi uchun hissa qo'shish ham, AQSh rasmiylarining qayd etishicha, USAID uchun ustuvor maqsadlardan biri.

Amerika strategiyasi nafaqat hukumatlar, balki xususiy sektor va fuqaro jamiyati bilan ishlashni ham nazarda tutadi. Erkinlik va adolat targ'iboti, matbuot erkinligi, ta'lim, salomatlik, inson kapitali, ekologiya, inson savdosiga qarshi kurash, ekstremizmning oldini olish singari yo'nalishlarga mablag' ajratilib, dasturlarga homiylik qilinadi.

Barqarorlik va suverenitetni mustahkamlash uchun yaqin va uzoq muddatda nima qilmoq zarurligi borasida Vashington bu davlatlarga maslahat berishda davom etadi. Vashington mintaqa xavfsizligi, iqtisodiy rivoj hamda siyosiy taraqqiyotni quvvatlaydi, chunki uning farovon va tinch yashashidan Amerika har tomonlama manfaatdor, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG