Breaking News

Turkmaniston koronavirus haqida ma'lumot berganlarga tazyiq o'tkazmoqda


Turkman ayollari, Ashgabat, Turkmaniston, 2020-yil, 13-iyul

Noyabr oyida Turkmanistonda yangi kasalxonaning ochilish marosimida Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov profilaktika choralari tufayli mamlakatda COVID-19 kasalligi qayd etilmaganligini aytdi.

Bu fikrni shubha ostiga olgan jurnalistlar va faollar tazyiq ostiga olinmoqda, deydi kuzatuvchilar.

“Human Rights Watch” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'limi direktori o'rinbosari Reychel Denberning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Turkmaniston asosiy erkinliklarga cheklovlar qo'yishda davom etmoqda.

"Bu repressiyaga hukumatning beparvolik bilan COVID-19 holatlarini inkor etishi, sog'liqni saqlash xodimlarini muhim himoya vositalari bilan ta'minlamasligi va COVID-19 kasallarini davolash uchun dori-darmon, asbob-uskunalar va shunga o'xshash narsalar berilmasligi qo’shilsa, jamoat salomatligi xavf ostida qoladi", - deydi Denber.

Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov

Global miqyosda koronavirusga chalinganlar soni 63 milliondan ortgan. Turkmaniston pandemiya o'z chegaralariga yetganini inkor qilar ekan, ayni paytda niqobda yurish, sayohat va chakana savdoni cheklash kabi choralarni yo’lga qo’ydi, deydi ismini oshkor qilmaslikni so'ragan Turkmaniston fuqarosi "Amerika Ovozi"ga.

“Ular bozorlarni yopib, mamlakat mintaqalari o'rtasida sayohat qilishni chekladi. Temir yo'l aloqasi ham to'xtatildi, ammo samolyotlar viloyat markazlari o'rtasida parvoz qilishni davom ettirmoqda “, - dedi chet elda yashaydigan, ammo vataniga tashrif buyurgan turkmanistonlik.

Pandemiya haqidagi munozaralar

Hukumat pandemiya haqida jamoat joylarida gapirishni taqiqlagan. Shu jumladan, COVID-19 haqida ommaviy ravishda gapiradiganlarni hibsga olish yo’lidan bormoqda. Shu yil boshida Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi AQSh elchixonasining "mahalliy fuqarolarda COVID-19 ga mos keladigan alomatlar borligi to'g'risida" bayonot bergani ustidan norozilik bildirib, AQSh elchixonasini faktlarni buzib ko'rsatayotganlikda aybladi.

"Amerika Ovozi" izoh olish uchun Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog'lanishga urindi, ammo elektron pochta orqali qilingan murojaat javobsiz qoldi. Vazirlikka veb-portal orqali qilingan izohga ham javob berilmadi. Shuningdek, Turkmanistonning Vashingtondagi elchixonasidan munosabat olishning imkoni bo’lmadi.

Niqob taqib olgan turkmanistonliklar avtobusda, Ashgabat, Turkmaniston, 2020-yil, 13-iyul
Niqob taqib olgan turkmanistonliklar avtobusda, Ashgabat, Turkmaniston, 2020-yil, 13-iyul

Turkmaniston allaqachon so'z erkinligi uchun repressiv mintaqa sifatida tanilgan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti uni global matbuot erkinligi indeksida ikkinchi darajali davlat sifatida qayd etgan.

Belgiyaning Bryussel shahrida joylashgan Inson huquqlari bo'yicha mustaqil xalqaro hamkorlik (IPHR) tashkiloti direktori Brijit Dyuforning aytishicha, hukumat pandemiya paytida davlat siyosatini savol ostiga olganlarni tazyiq qilishni yanada kuchaytirgan.

Unga ko’ra, hukumatning pandemiyaga nisbatan tutgan yo’li aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda nozoriliklarga sabab bo’lmoqda. Bunga javoban esa hukumat tanqidiy ovozlarni o’chirishga urinmoqda.

"So'nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda norozilik izohlari kuchaymoqda, mamlakat ichkarisida bir nechta kutilmagan norozilik namoyishlari yuz berdi. Chet eldagi diaspora jamoalari tomonidan o'tkazilgan hukumatga qarshi mitinglar to'lqini ham ko’paygan", - dedi Dyufor.

“Bularga javoban Turkmaniston milliy xavfsizlik xizmatlari to'g'ridan-to'g'ri va Turkmanistondagi qarindoshlari orqali chet eldagi faollarni nishonga olmoqda”, - deya qo’shimcha qildi u.

Shu yil boshidan beri Turkiyada istiqomat qilayotgan mehnat muhojiri va faol Dursoltan Taganovaning aytishicha, Turkmaniston prezidentini iste'foga chiqishga chaqirgan Istanbuldagi mitingda qatnashgani uchun politsiya uni hibsga olgan. U deportatsiya qilinishi uchun migratsiya markaziga joylashtirilgan.

Taganova huquq himoyasi tashkilotlari bosimidan so'ng oktabr oyida ozod qilindi. Ammo uning Turkmanistondagi oilasi tazyiqqa uchragan va Taganova vataniga qaytsa, hibsga olinishi haqida xabar olgan.

Inson huquqlari bo'yicha turkman tashabbusi (TIHR) rahbari Farid Tuxbatullinning aytishicha, hukumat ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy chiqish qilganlarni ham nishonga olmoqda.

“Turkmaniston maxsus xizmatlari ma'lumot, foto va videofilmlarni chet elga uzatmoqchi bo'lganlarni aniqlamoqda. May oyida 70 ga yaqin odam ushlanib, Turkmanobod shahridagi politsiya bo'limlariga olib ketilgan. Keyinchalik hibsga olingan ayollarning kamida ikkitasi sudlangan. Boshqalarning taqdiri haqida hech narsa ma'lum emas”, - dedi Tuxbatullin.

Turkmaniston ayollari, Ashgabat, Turkmaniston 2020-yil, 15-iyul
Turkmaniston ayollari, Ashgabat, Turkmaniston 2020-yil, 15-iyul

Turkmanistonning ikkinchi yirik shahri bo'lgan Turkmanobodda 100 dan ortiq tibbiyot xodimi iyul oyida hukumatdan ko'proq shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlashni so’raganda, rasmiylar ularning murojaatlari "prezident siyosatiga zid" ekanligi va bu talablari uchun jazolanishlari mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Yangilik saytlari bloklangan

Turkmaniston va uning pandemiya bilan bog'liq yangiliklarini yoritadigan chet eldagi veb-saytlar va ommaviy axborot vositalari muttasil kiberhujumlar yoki kirishni blokirovka qilishga urinishlarga duch keladi.

Xabarlari turkman, rus va ingliz tillarida chop etiladigan "Turkmaniston xronikalari" nashri 2011-yildan beri kiberhujumlarni boshdan kechirmoqda; so'nggi oylarda hujumlar yanada kuchaygan.

Surgundagi jurnalist Ak Velsapar “YouTube” saytida "Erkin Turkmaniston radiosi" kanaliga asos solgan. 33 mingdan ziyod izdoshi va 18 milliondan ortiq tomoshasi bor bu kanal sentabr oyida mualiflik huquqi buzilgani da’vosi bilan “YouTube” tomonidan yopildi. Jurnalist bu ish ortida Turkmaniston hukumati turganini aytadi.

"Bizning radio 2020-yil 8-fevraldan boshlab turkman xalqiga koronavirus to'g'risida birinchi bo'lib xabar berdi va muntazam ravishda COVID-19 va uning Turkmanistonda keng tarqalishi to'g'risida jurnalistik materiallarni nashr etdi", - dedi Shvetsiyada yashovchi Velsapar "Amerika Ovozi"ga.

Jurnalistning ta'kidlashicha, mualliflik huquqi bo'yicha da'vo uning rasmiy milliy televizion kadrlardan foydalangani bilan bog'liq va Turkmaniston rasmiylari shikoyat berish uchun G'arbda ishonchli shaxslarni yollagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda mustaqil yangiliklar yoki tanqidiy ovozlarga kirish huquqini rad etish bilan Turkmaniston o'z fuqarolarini qorong'ulikda qoldirmoqda, deydi faollar.

"Afsuski, Turkmanistondagi biron bir ommaviy axborot vositasi hozirgi muhim bir pallada COVID-19 haqida jamoatchilikni ogohlantiruvchi xabarlar bera olmadi", - deydi Velsapar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG