Breaking News

Faollar: Turkmanistonda norozilik kayfiyati kuchaymoqda


Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov yangi sport majmuasining ochilish marosimida, 2017-yil, 7-aprel
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov yangi sport majmuasining ochilish marosimida, 2017-yil, 7-aprel

Turkmaniston hukumati mamlakatda norozilik aksiyalari boshlanishi ehtimolidan xavotirda. Poytaxt Ashxobodga qo’shimcha politsiya kuchlari jalb qilinayotgani haqida ma’lumotlar bor.

“Memorial” inson huquqlari tashkiloti mamlakatda bir kishi norozilik aksiyalari o’tkazishda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar bermoqda.

Turkmanistonda 25-sentabrda rejalangan Xalq maslahati yig’inida Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov tashabbusi bilan mamlakat konstitutsiyasiga o’zgarishlar kiritilishi kutilmoqda.

Ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra, asosiy o’zgarish mamlakatda ikki palatali parlament tashkil etilishidan iborat bo’lishi mumkin.

Xorijdagi turkman faollarining konstitutsiyaga o’zgartirish kiritilishiga qarshi mamlakatda tinch norozilik aksiyalari tashkil etishga doir chaqiriqlari ortidan politsiya, maxsus xizmatlar nazorat choralarini keskin kuchaytirgan.

“Memorial” tashkiloti turkman huquq himoyachisi Tojigul Begmedovaga tayanib xabar berishicha, maktablarda o’quvchilar bilan turli noqonuniy aksiyalarda ishtirok etmaslikka doir tushuntirish ishlari o’tkazilgan, aks holda o’quvchilarga maktabdan haydash bilan tahdid qilingan.

Norozilik aksiyasiga chaqirayotgan xorijdagi turkman faollarining mamlakatdagi qarindoshlari ham bosim ostiga olinayotgani, maxsus xizmatlar suhbatidan o‘tkazilayotgani ta’kidlanadi.

“Memorial” manbalariga ko’ra, 7-sentabr kuni mahalliy faollardan biri Pigamberdi Allaberdiyev norozilik aksiyalari tashkilotchilari bilan aloqa qilishda gumonlanib hibsga olingan, ayni paytda Allaberdiyevga nisbatan “terrorizm”ga doir jinoyat ishi ochilgani aytiladi.

Turkmanistonda noroziliklar boshlanishi ehtimoli xorijdagi turkman faollari tomonidan o’tkazilgan norozilik chiqishlari, bu kabi aksiyalarni mamlakatda ham o’tkazishga doir chaqiriqlar ortidan kuzatilmoqda.

“Amerika Ovozi” avvalroq turkman faollarining AQShda o’tkazgan norozilik aksiyalari haqida xabar bergan edi.

Ayrim turkman faollariga ko’ra, bunday aksiyalarning mamlakat ichida yuz berishi qiyin, ammo so’nggi paytda aholi o’rtasida ijtimoiy faollik kuzatilayotgani qayd etilmoqda.

Moskvada uzoq yillardan buyon advokatlik qilib kelayotgan etnik turkman Chari Kuliyev yaqinda Turkmanistondagi diktaturaga qarshi kurashuvchi faollar qatoriga qo’shilgan.

Kuliyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, turkman diktaturasini ochiq tanqidga oluvchi faollar xorijda, mamlakat ichkarisida bo’lsin, kamchilik edi, oxirgi paytda vaziyat bir qadar o’zgarmoqda, mamlakatdagi rejimga qarshi o’z noroziligini ochiq aytayotganlar ko’paygan.

“Bu nafaqat xorijda, jumladan, AQShda, turkman muxolifati o’z faoliyatini jonlantirgani, shuningdek, Turkmanistondagi vaziyatning borgan sari izdan chiqayotgani bilan ham bog’liq. Iqtisodiy sharoit jiddiy og’irlashgan, oddiy kundalik ehtiyojlar, oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi surunkali ko’rinish oldi, aholi charchagan. Buni turkman hukumati juda yaxshi anglab turibdi. Shuning uchun politsiya, maxsus xizmatlar ta’qib, nazoratni jiddiy kuchaytirmoqda. Turkmanistonning besh milliondan oshiq aholisi bor, ayni paytda kelib shundan 2 millionga yaqini xorijga chiqib ketgan, mamlakatda munosib ish yo’q. Iqtisod, biznes Prezident Berdimuhammedov va uning ko’p sonli qarindoshlari ixtiyorida. Xalqning sabr kosasi to’lmoqda”, - deydi Kuliev.

Marhum prezident Saparmurod Niyozov davrida mamlakatga kirishi taqiqlangan shaxslardan bo’lgan Chari Kuliyev Beridimuhammedov hokimiyatga kelishi ortidan bir muddat Turkmanistonga kiritilgan, ammo keyinchalik yana taqiqqa tushgan.

“Buning sababi sobiq prezident davrida tazyiqqa olingan, qamoqqa hukm qilingan hukumat amaldorlari bilan yaqin aloqada bo’lganim. Vaholanki, men hukumat siyosatiga mutlaqo aralashmaganman, chetda bo’lib kelganman. Ammo yaqindan bu qarorimni o’zgartirdim, xorijdagi turkmanlar o’z faoliyatini jonlantirayotgani meni ham ruhlantirdi. Men ham ijtimoiy tarmoqlar orqali rejimni fosh etishdan, turkman diktaturasiga qarshi kurashdan chetda turmaslikka qaror qildim. Hozirga kelib xorijdagi turkmanlar, ayniqsa, Turkiyadagi, Yevropa va AQShdagi turkmanlar jamoasi yaxshi faoliyat boshlagan. Bu jamoatchilikka, aholiga ham yetib bormoqda. Mayli, hozircha norozilik aksiyalarini mamlakat ichida o’tkazilishi mutlaqo imkonsiz bo’lsa-da, ammo rejimga, diktaturaga qarshi munosabatida o’zgarishlar bo’layotganining o’zi katta gap. Men bu faollikni mutlaqo qo’llab-quvvatlayman”, - deydi Moskvada advokatlik qilayotgan Chari Kuliev.

Qurbonguli Berdimuhammedov Turkmanistonning ikkinchi prezidenti. U hokimiyatga 2006-yilda, marhum prezident Saparmurod Niyozivning o’limi ortidan kelgan edi.

Hokimiyatga kelishining dastlabki yillarida xalqqa demokratiya va ochiq jamiyat va’dasini bergan prezident Berdimuhammedov haqiqatda Turkmanistonda marhum Niyozov tomonidan asos solingan diktatura rejimini davom ettirdi.

Turkmaniston hozirga kelib mintaqadagi eng yopiq rejimdagi davlat hisoblanadi. Konstitutsiyaviy o’zgarishlarni jiddiy tanqidga tutayotgan faollar prezident Berdimuhammedov qonunchilikdagi navbatdagi o’zgarishlardan ham o’z hokimiyatini mustahkamlash yo’lida foydalanishidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG