Breaking News

Amerika yoshlari siyosiy ixtiloflardan norozi


Kapitoliy binosi oldida o'tkazilgan norozilik namoyishi, Vashington, AQSh, 2019-yil, 20-sentabr

O’tkazilgan tadqiqot va so’rovlarga ko’ra, AQShdagi siyosiy guruhlar orasida siyosiy ittifoq va kelishuvning yo’qligi mamlakat yoshlarining hafsalasini pir qilmoqda.

"Hech kim boshqa tomonga quloq solishni xohlamayapti va bu mamlakatni boshqarishni qanday yaxshilash hamda ko'pchilikni xursand qiladigan ishlarni qanday amalga oshirish bo’yicha har qanday taraqqiyotni to'xtatmoqda", - deydi “YouTube”dagi mashhur "The Celestials" anime kanali uchun ishlovchi 22 yoshli Kristofer Charlz Laverde.

“More in Common" tashkiloti o’tkazgan so’rovga ko’ra, Z avlodining (18 yoshdan 24 yoshgacha bo’lganlar) to'rtdan uch qismi Qo'shma Shtatlar avvalgiga qaraganda ko'proq bo'lingan, degan fikrda.

So’rovda qatnashganlarning qariyb yarmiga ko’ra, AQSh 2021-yilda ham tarqoq holatida qoladi; faqat 17 foizi mamlakat ko’proq birlashishiga ishonishini aytgan.

"Bunday suhbatlarni davom ettirish juda muhim, - deydi "More in Common" tashkilotining katta ilmiy xodimi Noelle Malvar. – Z avlodi demokratiya va adolat ustida ishlashni davom ettirishimiz kerak, degan fikrlarni yoqlaydi".

"Masalan, ular tengsizlikni hal qilish yoki adolat uchun kurashish vaqtni talab qilishini va bu haqda o'ylash kerakligini bilishadi", - deya qo’shimcha qiladi u.

Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, yoshlarning 60 foizi irqiy tenglik ular uchun eng muhim masala ekanini aytgan. Sog'liqni saqlash va ta'lim xarajatlari keyingi muhim masalalar qatoridan o’rin olgan.

Iyun oyida Fuqarolik ma'lumotlarini o'rganish markazi atrof-muhit, irqchilik va arzon tibbiy xizmat 2020-yilgi saylovlarda yoshlarni harakatga keltiradigan eng muhim uchta muammo ekanligini aniqlagan edi.

"Pandemiya va politsiya tomonidan sodir etilgan yomon muomaladan keyin normal holatga qaytish masalasi ham yuqori o'rinni egalladi", deyiladi ushbu tadqiqot bo’yicha e’lon qilingan xulosada.

Pyu tadqiqot kompaniyasining mart oyida e'lon qilgan so'roviga ko'ra, barcha yoshdagi amerikaliklar o'tgan ikki prezidentlik davriga qaraganda hozir siyosiy ixtiloflar ko’proq ekaniga ishonadi.

Yoshlar, xususan, 18 dan 29 gacha bo’lganlarning 70 foizdan ko'prog'i respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi kelishmovchiliklar juda kuchli, degan fikrda. Xuddi shu so'rovda yoshlarning 23 foizi bu ikki guruh o'rtasidagi bo’linish kuchli, 4 foizi esa tomonlar orasidagi kelishmovchilik unchalik kuchli emas, deb aytgan.

Merilend universiteti talabasi Kanika Mehra
Merilend universiteti talabasi Kanika Mehra

Merilend universiteti talabasi, ayni paytda Vashingtondagi Ikki partiyaviy siyosat markazida amaliyot o’tayotgan Kanika Mehra so'zlariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy qutblashish kuchaymoqda.

"Men respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi suhbatlar juda nosog'lom va zararli deb o'ylayman", - deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Siyosiy bo’linish yoshlar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. “Chegg and College Plus” so’roviga ko’ra, talabalarning faqat 44 foizi amerikalik ekanidan faxrlanishini aytgan.

27 yoshli Jeykob Elersning aytishicha, siyosiy kelishmovchiliklar uning oilasiga ham ta’sir ko’rsatmoqda.

"Mening respublikachi qarindoshlarim bilan aloqa Obama birinchi marta saylangandayoq yomon edi. Prezident Donald Tramp saylangach, bu chidab bo'lmas holatga keldi. Endi normal muloqot ham qila olmay qoldik", - deydi u.

Saylovga bir necha kun qolganda “Reyters” axborot agentligi siyosiy kelishmovchiliklar tufayli ajralib ketgan oilalar haqida xabar berdi. Milvokilik bir ona o'g'liga Trampga ovoz berayotganini, chunki uning immigratsiya haqidagi qarashlari bilan hamfikr ekanini aytganda, o’g’li undan voz kechishini aytgan.

"Bu bo'linish odamlarning ruhiy va jismoniy sog'lig'iga ta'sir qiladi, chunki juda ko'p qo'rquvni keltirib chiqarmoqda, - deydi Laverde. - Amerikada yana bir urush bo'ladigandek tuyulmoqda va kim g'alaba qozonishidan qat'iy nazar, barchamiz uzoq muddatda yutqazamiz".

“YouTube”dagi mashhur "The Celestials" anime kanalida ishlovchi 22 yoshli Kristofer Charlz Laverde
“YouTube”dagi mashhur "The Celestials" anime kanalida ishlovchi 22 yoshli Kristofer Charlz Laverde


Sog'lom aqllar tarmog'i tadqiqotiga ko'ra, 2019-yilda yoshlar orasida depressiya kuchaygan. 2020-yil mart va may oylari orasida talabalarning katta qismi ularning ruhiy salomatligi o'tgan yilga nisbatan akademik ko'rsatkichlariga salbiy ta'sir ko'rsatganligini aytgan.

Merilend universitetining jurnalistika fakulteti talabasi Yafey Chjao asli xitoylik, 2013-yil AQShga ko’chib kelgan. U AQShda partiyalar orasidagi jarlik qisqarishidan umidvor, ammo ishonchi u qadar yuqori emas.

"Barchamiz bir millat sifatida, butun mamlakat sifatida birlashishimiz kerak, chunki oramizdagi tafovutlar bizni yanada kuchaytiradi", - deydi u.

“Menimcha, siyosiy kelishmovchilik har qanday erkin jamiyatning tabiiy qismidir. Shunga qaramay, so'nggi yillarda partiyaviy bo'linish tobora kengayib borayapti”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti magistranti Shahriyor Xaris. Xaris Karachida tug'ilgan va Dubayda o'sgan.

"Populist oqimlarning ovozi ustun chiqyapti, bu xavfli, - deydi u. - Ammo Amerikaning siyosiy va huquqiy tizimlari o'sib borayotgan populist to'lqinlarga qarshi tiyib turish va muvozanatni ta'minlash imkonini beradi".

25 yoshli Jastin Yang kelajakdan umidini uzgani yo’q.

"Odamlar arzon gap-so’zlarga uchmasdan, kattaroq manzaraga qaraydi, degan umiddaman, - deydi u. - Biroq bu qisqa va oson jarayon bo'lmaydi. Ayniqsa, dunyo muammolari bilan. Amerikaliklarni yana birlashtirish uchun bir necha yil va birgalikda harakat qilish kerak bo'ladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG