Breaking News

G'arb Erdog'anga qanday baho bermoqda?


Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an va Fransiya rahbari Emmanuel Makron. Istanbul, 27-oktabr, 2018.
Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an va Fransiya rahbari Emmanuel Makron. Istanbul, 27-oktabr, 2018.

Prezident Rajab Toyyib Erdog’anga ko’ra, xalqaro maydonda Turkiyaga qarshi fitna boshlangan. Ayrim mamlakatlar Turkiyaning tashqi ta’siri va mintaqadagi yetakchiligini zaiflashtirishga urinmoqda.

Mahalliy va xalqaro tanqidchilar nazdida, amalda hech qanday fitna uyushtirilayotgani yo’q. Biroq kelajakda shunday urinish yuz bersa ham, bu faqat Turkiya rahbarining qo’shni mamlakatlar va NATO doirasidagi ittifoqchilariga o’tkazayotgan bosimiga javoban amalga oshadi. Xususan, Erdog’anning chegarani ochib, migrantlarni Yevropa tomon yo’llashga doir tahdidi ko’plab mamlakatlar xavotirini kuchaytirgan.

Turkiya iqtisodida og’ir davr davom etar ekan, Erdog’an so’nggi oylarda tashqi dushmanlarni bir necha bor aybladi. Joriy yil mobaynida xorijiy investorlar Turkiyaga e’tibor qaratmadi. Shundoq ham qadrsizlangan turk lirasining yevro va dollarga nisbatan kursi rekord darajada tushib ketdi. G’arb tanqidchilariga ko’ra, Turkiyada yuzaga kelgan inqiroz hukumatning iqtisodni noto’g’ri boshqarayotgani bilan bog’liq.

Erdog’an va uning ma’muriyati Yevropa mamlakatlarini Turkiyaga geosiyosiy bosim o’tkazayotganlikda ayblamoqda. Xususan, O’rta yer dengizining sharqiy hududida tabiiy gaz va neftni burg’ulash huquqi yuzasidan Gretsiya hamda Kipr bilan yuzaga kelgan ixtilof borasida Yevropa Anqarani tanqid qilmoqda.

O’rta yer dengizining energetik boyligi Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi yetakchi mamlakatlarni joriy nizoga e’tiborsiz qoldirmayapti. G’arbiy Yevropa va Turkiyaning mintaqadagi boshqa qo’shnilariga ko’ra, dengiz sarhadlari bo’yicha qonun Gretsiya va Kipr tarafida. Turkiya esa harbiy kemalar to’qnashuviga start berish darajasidagi qaltis vaziyatni yuzaga keltirgan.

“Biz o’zimizni Yevropaning ajralmas qismi deb bilamiz. Biroq bu yurtimiz va xalqimizga adolatsizlarcha qilinayotgan hujumlar qarshisida tiz cho’kamiz degani emas”, - deya ta’kidladi Erdog’an noyabr oyida o’z partiyadoshlari qarshisida so’zlar ekan.

“Fitna nazariyasi”, ayniqsa, Usmonlilar imperiyasi qulagan davrdan boshlab, Turkiya madaniy va siyosiy hayotining muhim elementi bo’lgan. Tanqidchilarga ko’ra, 17 yillik boshqaruvi davomida Erdog’an aholida mamlakatni parokanda qilishga qodir tashqi yovuz kuchlardan hadiksirash hissini uyg’otdi.

Ayrim G’arb tahlilchilari va diplomatlari nazdida, xorijiy tahdid va fitnalarga urg’u berish bilan Erdog’an mamlakat ichidagi mavqeini ko’tarishga urinmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG