Breaking News

Pandemiya mamlakatlarni qarz sirtmog'iga tushirmoqda


AQSh va Zimbabve dollarlari

Koronavirus 2020-yilning birinchi yarmida dunyo bo’ylab tarqalishni boshlaganda, xalqaro yordam tashkilotlari virusning qashshoq mamlakatlarga, xususan, yillik byudjetining katta miqdorini qarzlarini qoplash uchun ajratishga majbur bo'lgan davlatlarga jiddiy ta'sir ko'rsatishi to'g'risida ogohlantira boshladi.

Pandemiya boshlanganidan qariyb bir yil o’tib ushbu ogohlantirishlar o’z tasdig’ini topmoqda.

Xalqaro moliya instituti (IIF) o'tgan oy dunyo iqtisodiyoti "qarz to’foni" bilan yuzlashayotganini e’lon qildi. Hukumatlar va xususiy biznes yilning birinchi 10 oyida 15 trillion dollardan ortiq qo'shimcha majburiyatlarni o'z zimmasiga olgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda qarz yuki 26 foizga oshgan, soliq tushumlari esa keskin kamaygan.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi ma'lumotlarining ko’rsatishicha, hozirda kamida 35 mamlakat "og’ir qarzdorlik" bilan yashamoqda. Bular Gana, Keniya, Afg'oniston, Tojikiston, Gaiti, Dominika, Tonga va Tuvalu kabi davlatlarni o'z ichiga oladi. Muammo, ayniqsa, Afrika Saxarasi janubida juda dolzarb bo'lib, XVJ ma'lumotlariga ko’ra, o'rtacha qarz yalpi ichki mahsulotning 65,6 foizini tashkil etadi va qarzni to'lash bo'yicha majburiyatlar o'rtacha yillik daromadning 32,3 foiziga teng.

Natijada rivojlanayotgan mamlakatlar rahbarlari oldida murakkab muammolar o’z yechimini kutib turibdi. Daromadlar kamayganligi sababli, mavjud qarzlar bo'yicha to'lovlar yillik sarf-xarajatlarning yanada katta qismini egallamoqda va bu sog'liqni saqlash tizimiga zarur sarmoya kiritilishiga to’siq bo’lmoqda. Ko'pgina mamlakatlar qarzlarini qayta moliyalashga imkon beradigan dasturlardan foydalanishni istamayapti, chunki bu mamlakatlarning kredit reytingiga salbiy ta’sir o’tkazib, kelajakda yana qarz olishni qiyinlashtiradi.

Zambiya bu vaziyatga yaxshi misol bo’la oladi. Afrika davlati o'tgan oy 42,5 million dollarlik yevrobond to'lovini amalga oshira olmadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, koronavirus keltirib chiqargan og’ir iqtisodiy tanglik davrida bunday holatlar yana ko’plab yuz berishi mumkin.

Joriy yilning boshida “Katta yigirmalik”ka kiradigan sanoatlashgan mamlakatlar guruhi Xalqaro valyuta jamg’armasi kabi yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qarzdor 70 dan ortiq davlatga to’lovlarni yil oxirigacha kechiktirishga ruxsat beradigan rejani tasdiqladi. O’tgan oy bu muddat 2021-yil iyungacha uzaytirildi.

Faollar bu choraning yetarli darajada yordam bo’la olmasligini ta’kidlamoqda. Chunki qarzlarni talab qilishni kechiktirish sharti xususiy bank va jamg’armalarga taalluqli emas.

Yuqoridagi tashabbusdan tashqari, xalqaro kreditorlar qarzlarni qayta moliyalash va ko’rib chiqish masalasida ham qarzdorlarga yordam berish bo’yicha kelishib olgan. Shu maqsadda mamlakatlarning qarz majburiyatlari va moliyaviy holati o’rganiladigan axborot kliring markazi yaratiladi. Bu qarzlarni qayta ko’rib chiqish bo'yicha mamlakatlar bilan ishlaydigan kreditorlar uchun misli ko'rilmagan shaffoflikni ta'minlaydi.

Ammo hanuz xususiy kreditorlarda qarzdor mamlakatlarga yengillik berish bo’yicha biror majburiyat yo’q.

Mamlakatlarning xalqaro qarzdorlik shartnomalari Britaniya yoki Amerika qonunlari asosida qabul qilingan. Ekspertlarning aytishicha, xususiy kreditorlarni qarzlarni qayta ko’rib chiqish dasturiga jalb qilish uchun Britaniya va AQShda qonunchilikka o’zgartirish kiritilishi lozim.

Ayni paytda AQSh va Buyuk Britaniyaning har ikkisi koronavirus pandemiyasidan eng ko’p aziyat chekayotganlar mamlakatlar qatorida. Yaqinda bahsli prezidentlik saylovini boshdan kechirgan Vashingtonda yoki Yevropa Ittifoqini tark etish shartlari bo’yicha Bryussel bilan kelisha olmayotgan Londonda uchinchi dunyo mamlakatlari muammolarini ko’rib chiqish uchun siyosiy kayfiyat bo’lishi qiyin, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG