Breaking News

Faollar: Markaziy Osiyoda saylovlarning erkin va adolatli o’tishi jamoatchilikka ham bog’liq


Qozog’istonda saylov kuni namoyishga chiqqan o’nlab muxolifat faollari hibsga olindi. 10-yanvar, 2020.
Qozog’istonda saylov kuni namoyishga chiqqan o’nlab muxolifat faollari hibsga olindi. 10-yanvar, 2020.

2021-yil Markaziy Osiyoda saylovlar bilan boshlandi. Qirg’izistonda xalq prezident, Qozog’istonda esa parlament uchun ovoz berdi.

Sharhlovchilar hokimiyatdagi siyosiy kuchlar g’alabasi bilan yakunlangan bu saylovlar O’zbekiston jamoatchiligiga ham ishora berayotganini ta’kidlashmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda prezidentlikka nomzod Sadir Japarov 80 foizga yaqin, Qozog’istonda esa parlament uchun kurashayotgan qudratdagi “Nur Otan” partiyasi 70 foizdan oshiq ovoz olgan.

Shuningdek, qirg’izistonliklar referendumda prezidentlik boshqaruvini yoqlab ovoz berishdi. Qirg’izistonda Sadir Japarov vakolatlari kuchaytirilgan dastlabki prezident bo’ladi. Sobiq prezident Jeenbekov ag’darilishi ortidan hokimiyatga kelgan Japarov o’z faoliyatini konstitutsiyaviy o’zgarishlardan boshlagani Markaziy Osiyodagi “demokratik orol” boy berilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham yuzaga chiqargan.

Sadir Japarovning tarafdorlari uning g'alabasini nishonlash uchun Bishkekda shahar markaziga to'plandi. 11-yanvar, 2020.
Sadir Japarovning tarafdorlari uning g'alabasini nishonlash uchun Bishkekda shahar markaziga to'plandi. 11-yanvar, 2020.

Qozog’istondagi saylov natijalari avvaldan bildirilgan bashoratlarni tasdiqladi, parlament nazorati Elboshi Nursulton Nazarboyev raislik qilayotgan “Nur Otan” partiyasida qoldi.

Bu saylov haqida dastlabki xulosalarini bildirgan YXHT missiyasiga ko’ra, saylov raqobatsiz o’tgan.

Tashkilotning qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qilgan Kristyan Vigeninga ko’ra, Qozog’istonda hamon so’z erkinligini ta’minlash, namoyishlar va yig’ilishlar o’tkazish huquqi, siyosiy partiyalarni ro’yxatdan o’tkazish masalasi muammoligicha qolmoqda.

YXHT parlament saylovlari bo’yicha Qozog’istonda ishlagan missiyasi rahbari Yaraslav Domanskiy esa saylovda tanlov cheklanganini ta’kidlagan:

“2013- yildan buyon Qozog’istonda birorta siyosiy partiya ro’yxatga olinmagan. Natijada saylovda faqat bungacha ro’yxatga olingan siyosiy partiyalargina ishtirok etishi mumkin bo’ldi. Bundan tashqari saylovda qatnashgan partiyalarning hammasi Prezident siyosatini va hukumatdagi partiya yo’nalishini qo’llab-quvvatlashadi. Bu fuqarolarning siyosiy tanlovini cheklaydi”.

Qozog’istondagi saylovlar muxolifat ishtirokisiz o’tdi, ayrim partiyalar saylovni boykot qilishgan bo’lsa, boshqalari siyosiy partiya sifatida davlat ro’yxatidan o’tishga muvaffaq bo’lmadi.

Saylov kuni mamlakat bo’ylab namoyishga chiqqan muxolifat tarafdorlari, norozilar hibs qilindi, qamalga olindi, muxoliflar tomonidan tashkil qilingan mustaqil kuzatuvchilar guruhi ham ta’qibga uchradi, saylov uchastkalariga kirishiga to’sqinlik qilindi.

O’z atrofida yuzdan oshiq mustaqil kuzatuvchilarni birlashtirgan “Erkindiq Qanati” nodavlat tashkiloti saylovlar adolatsiz o’tganini aytmoqda. Pandemiya sharoiti, koronavirusga test natijalarini taqdim etish bahonasi bilan kuzatuvchilar ishiga to’sqinlik qilingan.

Qozog’iston Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko’ra, saylovda qatnashgan 5 ta partiyadan uchtasi parlamentga o’tgan. Hokimiyatdagi “Nur Otan” partiyasi umumiy ovozlarning 70 foizini olgan.

Nazarboyev tomonidan asos solingan “Nur Otan” partiyasi bir necha o’n yillardirki, “hokimiyatdagi partiya” maqomini bermay kelyapti. Ikki yillar avval Qosim-Jo’mart To’qayevning nomzodi ham ayni paytda Nazaboyevning o’zi raislik qilayotgan shu partiya tomonidan prezidentlikka surilgan va u saylovda katta ustunlik bilan g’alaba qozongan.

Sharhlovchi Namoz Normo’min mintaqadagi bu saylovlar raqobatsiz o’tganini ta’kidlar ekan, jamoatchilikda natijalarga nisbatan munosabat faollashayotganiga diqqat qaratadi.

“Qozog’iston o’tgan saylovlar natijasi bilan emas, qozoq jamoatchiligi tobora faollashib borayotgani bilan diqqatli. Qozog’istonliklar natijasi avvaldan aniq bo’lgan bu saylovlarga nisbatan o’z noroziligini bildirish uchun namoyishlarga chiqishdi. Mayli, hukumat bu namoyishlarni bostirishidan qat’iy nazar, o’ylashimcha, bu yog’iga qozoq jamoatchiligi yanada faollashib boraveradi. Bu prezidentlik saylovlari kutilayotgan O’zbekiston uchun ham muhim. Saylovning qanchalik adolatli o’tishi jamoatchilik faolligiga bog’liq bo’ladi. Qirg’izistonda ham nomzodlar uchun teng imkoniyat bo’lmadi, Japarov hokimiyat resurslaridan o’z hisobi uchun foydalandi. Buning ustiga saylovdagi ishtirok ham 40 foizlar atrofida, juda sust. Bu ham jamoatchilik kayfiyatini ifodalovchi ko’rsatkich. Hozir Japarov avtokratiyani kuchaytirishiga doir taxminlar bor, ammo Qirg’izistonda vaziyat odatda juda tez o’zgarishi mumkin. Shunday ekan, bu mamlakatda bahorda referendum belgilangan bo’lsa-da, voqealar teskari tomonga ham o’zgarishi mumkin. Umuman, Markaziy Osiyoda saylovlar nafaqat hukumatlarga, balki jamoatchilikning o’ziga ham bog’liq masala ekanligi ko’rinmoqda”, - deydi sharhlovchi Namoz Normo’min.

2021- yilda Markaziy Osiyoning yana ikki davlatida - O’zbekiston va Turkmanistonda ham saylovlar bo’lib o’tadi. O’zbekistonda prezidentlik uchun, Turkmanistonda esa ikki palatali parlament tashkil etilishi munosabati bilan saylovlar o’tishi rejalashtirilgan. Qirg’izistonda bahorda kutilayotgan referendum ortidan parlament uchun navbatdan tashqari saylovlar tashkil etilishi ehtimoli ham katta.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG