Breaking News

Vashingtonda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda


Kapitoliy binosi inauguratsiya marosimiga tayyorlanmoqda. 9-yanvar, 2021, Vashington shahri.

Donald Trampni dastaklayotgan ekstremistlar tomonidan Kapitoliy binosida amalga oshirilgan fojiali bosqin xavotirlarni kuchaytirgan. Jo Baydenning prezidentlikka qasamyod marosimi munosabati bilan mamlakat bo’ylab qurolli hujum va tartibsizliklar uyushtirilishi ehtimoli katta. Bu haqda Federal qidiruv byurosi bayonot bergan.

“Standartlarga ko’ra, qidiruv va tergov natijalarini oshkor eta olmaymiz. FQB o’z hamkori sanalgan shtatlar va federal huquq-tartibot organlarini qo’llab-quvvatlamoqda. Tinch namoyishchilarga qarshi hech qanday bosim o’tkazilmaydi. Bizning e’tiborimiz markazida o’zlarining va boshqalarning hayotini xavf ostiga qo’yib, tartibsizlik va buzg’unchilikni amalga oshiradigan guruhlar turibdi”, - deyiladi byuro bayonotida.

Tartibsizliklar nafaqat poytaxt Vashingtonda, balki barcha shtatlar bo’ylab kuzatilishi mumkinligidan ogohlantiriladi FQB byulletenida.

Unda ta’kidlanishicha, byuro 16-yanvar kuni Vashington shahriga yo’l olishni rejalayotgan qurolli guruhni aniqlagan. Ular Kongress Trampni prezidentlikdan ketkazishga urinsa, keskin qarshilik ko’rsatishini e’lon qilgan.

Guruh, shuningdek, 20-yanvarga belgilangan inauguratsiya marosimiga qadar prezidentni lavozimidan chetlatish tashabbusi ijobiy hal bo’lsa, shtat va shaharlardagi ma’muriy punktlar va federal binolarga hujum qilishni rejalayotgani oshkor qilingan.

Garchi konkret tahdidlar haqida aniq ma’lumot bermasa-da, ayrim davlat idoralari xavfsizlikni kuchaytirishga kirishgan.

Ichki xavfsizlik vazirligi odatda prezident xavfsizligiga mas’ul bo’lgan Maxfiy xizmatni 13-yanvardan boshlab inauguratsiya marosimi xavfsizligini ta’minlash uchun safarbar qilayotganini ma’lum qildi. Mazkur chora rejadagidan olti kun avval amalga tatbiq etilmoqda.

AQSh Milliy gvardiyasi qasamyod marosimida xavfsizlikni ta’minlash uchun 15 mingga yaqin xodimlarini jalb etganini bildirgan.

Poytaxtda besh kishining o’limiga sabab bo’lgan Kapitoliy bosqini ortidan olti shtatdan yo’llangan 6200 nafar harbiy tinchlikni nazorat qilmoqda.

Shaharda 24-yanvarga qadar favqulodda vaziyat e’lon qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG