Breaking News

Turkiya va Eron o'rtasida raqobat kuchaymoqda


Turkiya-Eron chegarasi

Turkiyada eronlik josuslar ekani aytilayotgan guruhning qo’lga olingani Anqara va Tehron o’rtasidagi munosabatlar sovuqlashib borayotganini ko’rsatadi.

Turkiya politsiyasi josuslarning qo’lga olinish jarayoni aks etgan tasvirlarni ommaga oshkor qildi.

Ular noyabr oyida eronlik etnik arablar yetakchisi Habib Chabning o’g’irlanishi bilan bog’liq ish bo’yicha hisbga olingan. Chab ayni paytda Eronda o’lim jazosi bilan yuzlashmoqda.

Habib Chab bir ayol bilan uchrashish uchun Shvetsiyadan Turkiyaga uchib kelganda Eronga o’g’irlab ketilgan. Ayol Eron razvedkasi uchun ishlagani aytiladi.

Turkiya rasmiylari e’lon qilgan tasvirlarda ayol va uning eronlik hamkori birgalikda Turkiyaga kirib kelgani aks etgan.

Chab va uni o’g’irlab, Eronga olib ketish uchun ishlatilgan yuk mashinasi ham tasvirga tushgan.

Bu suratlarni oshkor qilish orqali Turkiya Eronni ogohlantirmoqda, deydi tahlilchilar.

“Nafaqat Eronga, balki G’arb xavfsizlik idoralariga ham signal bu. Ya’ni, Turkiya hanuz NATO a’zosi va Yaqin Sharq hamda Eron atrofidagi vaziyat bo’yicha hanuz juda muhim o’yinchi ekanini ko’rsatib qo’ymoqchi”, - deydi Bon universiteti tadqiqotchisi Zaur Gasimov.

Xalqaro hayot - 15-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

Turkiya so’nggi paytlarda Eron rejimi bilan hamkorlik qilayotgani uchun G’arbdagi ittifoqchilari malomatiga qolayotgan edi.

Turkiya davlatiga qarashli Xalq banki Eronga qo’yilgan sanksiyalarni buzgani uchun Nyu-Yorkda sudga tortilgan.

Suriya mojarosida Turkiya, Eron va Rossiya o’zaro hamkorlik qilmoqda.

Ammo Turkiya Tog’li Qorabog’ mojarosida Ozarbayjonni himoya qilib, Kavkazda ta’sirini oshirishga urinayotganini ko’rsatdi. Bu esa mintaqada Anqara va Tehron o’rtasidagi raqobatni kuchaytiradi.

“Eronliklar har doim Kavkaz va Markaziy Osiyoda Turkiya ta’siri o’sishidan qo’rqadi. Eron turk dunyosida nufuzini oshirishga urinadi, lekin hech qachon muvaffaqiyat qozonmagan va qozonmaydi ham. Shu bois Eron arablar va turklar o’rtasida qisilib qolmoqda”, - deydi Turkiya Tashqi siyosat instituti direktori Husayn Bog’chi.

Ozarbayjon g’alabasini nishonlash munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anning millatchilik ruhida she’r o’qishi Eronning jig’iga tegdi.

Eron oliy rahnamosi Ali Xomaneiy, shuningdek, Turkiyani Isroil bilan xomtovoq bo’layotganlikda aybladi.

Anqara Isroil bilan aloqalarini yaxshilashga urinayotgani haqida xabarlar bor.

Turkiya va Eron o’rtasidagi tarixiy raqobat va o’zaro qarashlardagi tafovut saqlanib qoladi, deydi kuzatuvchilar.

“Lekin raqobatdan ko’ra hamkorlik ko’proq bo’ladi. Hatto raqobat hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin. Chunki har ikki tomon aloqani saqlab qolish uchun yangi jabhalarda birga ishlaydi”, - deydi Zaur Gasimov.

Turkiya Ozarbayjon va kengroq Kavkaz mintaqasi bilan aloqalarni chuqurlashtirib borar ekan, Tehron va Anqara o’rtasidagi ziddiyatlar davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG