Breaking News

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi: Ozarbayjon xalqi nimani istaydi?


Ganjadagi raketa hujumi oqibatida Temur Halikov 10 oylik qizalog'idan ajraldi. Ozarbayjon.

Shu yilning 17-oktabriga o‘tar kechasi Ozarbayjonning Ganja va Mingachevir shaharlari raketa hujumiga uchradi.

Ozarbayjon hukumati mazkur hujumlarni Armaniston amalga oshirganini, oqibatda Ganjada kamida 13 nafar tinch aholi vakili, jumladan, bolalar halok bo‘lgani va 40 nafardan ziyod kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev Ganjaga hujumni urush jinoyati deb atab, Armanistondan jang maydonida qasos olinishini ta’kidladi.

Biroq Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan Ozarbayjon shaharlariga hujum uyushtirilganini rad etdi. “Ozarbayjonning harbiy-siyosiy rahbariyatining bayonotlariga javoban ma’lum qilamizki, na Armaniston Respublikasi hududidan, na Armaniston Quroqlli kuchlari tomonidan Ozarbayjon tomoniga o‘t ochilgan”, - deya yozdi u Tvitterda.

Ganja shahrida bir oiladan uch qurbon: Er-xotin Royal Shohnazarov va Zulayho Shohnazarova hamda ularning bir yashar farzandi Madina
Ganja shahrida bir oiladan uch qurbon: Er-xotin Royal Shohnazarov va Zulayho Shohnazarova hamda ularning bir yashar farzandi Madina

Tomonlar 10-oktabr kuni Moskvaning vositachiligida sulh tuzgan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar to‘xtagani yo‘q. Ozarbayjon va Armaniston haligacha bir-birini hujumlarda ayblab kelyapti.

Prezident Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon shu paytgacha Armanistondagi aholi punktlariga hujum qilmagan va bundan keyin ham qilmaydi. U 17-oktabr kungi xalqqa murojaatida Armanistonga chetdan harbiy yordam berilayotganini aytdi, biroq yordam ko‘rsatayotgan davlatning nomini tilga olmadi.

“Biz Armanistonning harbiy-texnik salohiyatini ishdan chiqardik. Armanistonga shuncha qurol-yarog‘ qayerdan kelgan? Armaniston – kasodga uchragan davlat. Uning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotining 60-70 foizini tashkil etadi. Bu texnika qaysi pullarga sotib olinyapti? Hozirgacha kamida 2 milliard dollarlik texnika yo‘q qilindi. Biroq ularda hali ham texnika bor. Ham bosib olingan hududlarda, ham Armanistonning o‘zida. Ularni kim qurollantiryapti? Bizga qurollanyapsizlar, qurol sotib olyapsizlar, bu vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin deb e’tiroz bildirishyapti. Armaniston qachon qurollanyapti? Bu kambag‘al, qashshoq davlatga shuncha qurol, texnika qayerdan kelgan? Bugun ularga kontrabanda yo‘li bilan qurol va texnika yetkazib berilyapti. Biz bu savollarga javob berilishini istaymiz”, – dedi prezident Aliyev.

Ozarbajonning “Ag‘” (“Oq”) partiyasi matbuot kotibi, jurnalist va tadqiqotchi Kamol Salimov mintaqa davlatlarining Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga munosabati haqida to‘xtalar ekan, Rossiyadan tashqari Eron ham zimdan Armanistonni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. Salimovga ko‘ra, Tehron Ozarbayjonning Isroil bilan harbiy sohadagi hamkorligidan va Turkiyaning Bokuga ko‘rsatayotgan qo‘llovidan bezovta.

U Armanistonning Ozarbayjondagi aholi punktlarini nishonga olish sabablarini esa quyidagicha izohladi: “Bu birinchisi emas. Ganja, Mingachevir va boshqa aholi punktlarimiz avvalgi kunlarda ham hujumga uchradi, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Vaholanki, bu hududlar Tog‘li Qorabog‘ga kirmaydi, ya’ni to‘qnashuvlar bo‘layotgan joylardan uzoqda. Armaniston Ozarbayjon hududiga atayin hujumlar uyushtirib, Bokuning asabini buzyapti.

Bu hujumlardan maqsad shuki, Ozarbayjon ham javob tariqasida Armaniston hududiga hujum qilsa, ana shunda nizoga Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti aralashib, Armanistonni himoya qilishga tushadi. Yerevan Tog‘li Qorabog‘dagi muvaffaqiyatsizliklarini shu orqali kompensatsiya qilmoqchi”.

Bokuda kadrlar masalasi bo‘yicha konsultant bo‘lib ishlaydigan Tehron Abdurahimov ozarbayjonliklar Tog‘li Qorabog‘ tezroq qaytarib olinishini istayotganini aytadi.

“Bu muammo qariyb o‘ttiz yildan beri hal bo‘lmay kelayotgan edi. Tushunishimcha, hozirga kelib mintaqada kuchlar muvozanati o‘zgardi, ayni paytda Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olish uchun eng qulay, ayni paytda oxirgi imkoniyat deb o‘ylayapmiz. Zero, Tog‘li Qorabog‘ bizning hududimiz, bu BMT rezolyutsiyalarida ham aks etgan. Biroq Armaniston Rossiyadan yordam olgan holda u yerni bosib olgan, mojaroda qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz halok bo‘ldi, birgina Xo‘jali genotsidini eslab ko‘ring. Hududdan 1 million kishi ko‘chishga majbur bo‘lgan, ular o‘z yerlariga qaytishni istaydi. Shunday ekan, Armaniston bilan sulh tuzishni istamaymiz, biz hududimizning qo‘ldan ketgan 20 foizlik qismini qaytarib olishni istaymiz”, – deydi u.

Bizni birgina Turkiya ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlayapti, qolganlar jim, holbuki, Ozarbayjonda odamlar Turon fikriga, tukiy tilli davlatlar birligiga juda ijobiy qarashadi. Hozir ko‘chalaramizda Ozarbayjon bayrog‘ining yonida Turkiya va Pokistonning bayroqlarini ham ko‘rasiz. Hatto Pokistonchalik ham qo‘llab-quvvatlashmayapti. Qolaversa, Afg‘oniston, Gruziya va Ukraina ham o‘z pozitsiyasini bildirib, bu mojaroda Ozarbayjonning haqli ekanligini aytdi-ku.

Abdurahimovning aytishicha, ozarbayjonliklar boshqa turkiy davlatlarning ayni paytdagi pozitsiyasidan xursand emas. “Bizni birgina Turkiya ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlayapti, qolganlar jim, holbuki, Ozarbayjonda odamlar Turon fikriga, tukiy tilli davlatlar birligiga juda ijobiy qarashadi, – deya tushuntiradi u. – Hozir ko‘chalaramizda Ozarbayjon bayrog‘ining yonida Turkiya va Pokistonning bayroqlarini ham ko‘rasiz. Hatto Pokistonchalik ham qo‘llab-quvvatlashmayapti. Qolaversa, Afg‘oniston, Gruziya va Ukraina ham o‘z pozitsiyasini bildirib, bu mojaroda Ozarbayjonning haqli ekanligini aytdi-ku. Mana, Rossiya Armanistonga qurol yetkazib beryapti, hatto qo‘shnimiz Eron ham Armaniston tarafida. Bizni ham qardoshlarimiz qo‘llab-quvvatlashadi, dalda berishadi, deb o‘ylagandik”.

G‘azabga uchragan adiba

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuvlar nafaqat real hayotda, balki onlayn ham davom etmoqda. Har ikki davlat buning uchun o‘z resurslarini ishga tushirgan. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy foydalanuvchilar ham vatanlarining himoyasi uchun qattiq kurash olib boryapti. Buni Turkiyalik taniqli yozuvchi Elif Shafaqning misolida ko’rish mumkin.

Adiba 13-oktabr kuni Tvitterdagi sahifasida turk parlamentining arman deputati Garo Paylan o‘z sahifasida e’lon qilgan videoni bo‘lishdi. Videoda Tog‘li Qorabog‘da vayronaga aylangan cherkovda violonchel chalayotgan arman musiqachisi aks etgan edi.

“Tinchlikka ishonganlar va tinchlikni himoya qilishdan voz kechmaydigan hamma uchun… Vayronalar aro san’at. Bo‘lishganingiz uchun rahmat, Garo Paylan”, – deya yozdi Elif Shafaq.

Ganja shahridagi raketa hujumidan so'ng
Ganja shahridagi raketa hujumidan so'ng

Ammo bu so‘zlar ozabayjonlik va Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlayotgan turkiyalik minglab foydalanuvchilarning g‘azabini qo‘zg‘adi. Ular adibani ikkiyuzlamachilikda ayblashdi. Izohlarda Xo‘jali qatliominig rasmlarini va Tog‘li Qorabog‘da cho‘chqaxonaga aylantirilgani iddao qilingan vayrona masjidning rasmlarini qoldirishdi. Ozarbayjonliklar adibaga boykot e’lon qilishganini aytishmoqda.

Qattiq tanqidlardan so‘ng Elif Shafaq yana bir tvit qoldirdi:

“Adabiyot va san’at har doim tinchlik tomonida bo‘lishi zarur, aka-ukachilik va opa-singillik tomonida bo‘lishi zarur, xalqlar va madaniyatlar orasida devorlar emas, ko‘priklar bunyod etishi zarur… Hech qachon urush bo‘lmasin, hech kim xafa bo‘lmasin, chunki urushning g‘olibi bo‘lmaydi”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG