Breaking News

Tayvan bo'yicha AQSh-Xitoy ziddiyati davom etadi


Gonkongda Tayvan milliy kuni munosabati bilan o'tkazilgan namoyish, 2019-yil, 10-oktabr

AQShning BMTdagi elchisi Kelli Kraft Tayvan Prezidenti Say Inven bilan video orqali muloqot qilib, AQSh o’zini mustaqil boshqaruvchi bu demokrat mamlakatni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

“Shu imkoniyatdan foydalanib,Tayvanning xalqaro hamjamiyatdagi ishtirokini va Tayvan-AQSh aloqalarini mustahkamlash yo’lida ko’rsatgan yordamingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Eng muhim paytlarda Tayvan uchun gapira olganingiz uchun rahmat”, - dedi Tayvan prezidenti.

Tayvan bilan aloqalarni kuchaytirgani uchun Xitoy AQShni jazolashi haqida ogohlantirgan. Pekin Tayvanni Xitoyning bir qismi deb biladi.

“Xitoy o’zining suveren, hududiy va xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish uchun barcha kerakli choralarni ko’rishda davom etadi. Ayrim AQSh siyosatchilari noto’g’ri so’z va amallari uchun og’ir badal to’laydi”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Chjao Litzyan.

Ko’p yillar davomida Amerika rasmiylari Xitoyning jig’iga tegmaslik uchun Tayvanga safar qilmagan. Davlat departamenti yaqinda safarlarga qo’yilgan bu taqiqni bekor qildi. Yangi prezident Jo Bayden oldida bir nechta yo’l bor, deydi kuzatuvchilar.

“Bayden ma’muriyati ham bu masalani qayta ko’rib chiqishi kutilayotgan edi. Endi yangi ma’muriyat Tayvan bilan aloqalarning yangi, o’ziga xos yo’llarini topish haqida o’ylaydi. Vashingtondagi Tayvan elchisi va AQSh rasmiylari, xususan, yetakchi rasmiylar ishtirokida omma oldida uchrashuv o’tkazilishi ham mumkin”, - deydi ekspert Derek Grosmen.

AQSh-Tayvan munosabatlari Tayvan bilan aloqalar nomli qonun asosida boshqariladi. Unga ko’ra, Vashington Tayvanga mudofaa qurollari yetkazib beradi.

Ba’zi tahlilchilar fikricha, Xitoyning mintaqada harbiy qudrati kuchayib borayotgan bir paytda Vashington Tayvanga harbiy yordamni davom ettirishi kerak.

“Bayden ma’muriyati qilishi mumkin bo’lgan ishlardan biri trening bo’yicha mavjud qoidalarni o’zgartirish. Tayvanga qurol sotish bitta narsa, lekin AQSh-Tayvan harbiy hamkorligini kuchaytirish, ularni treningdan o’tkazish ham shunday muhim”, - deydi Amerika Ishbilarmonlik instituti tahlilchisi Erik Seyers.

Tayvan va Xitoy 1949-yilgi fuqarolar urushidan beri bir-biridan mustaqil davlatlar hisoblanadi. Pekin bu hudud o’ziga tegishli ekanini da’vo qiladi.

Vashington ham “Yagona Xitoy” siyosatini qabul qilgan, ammo qarashlari Pekin olg’a suradigan siyosatdan farqli ekanini aytadi. AQSh Tayvan ustidan Xitoy suvereniteti masalasida o’z siyosiy qarashini e’lon qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG