Breaking News

Qozog'iston Suriyadan jangarilarni olib chiqish bo'yicha dunyoga namuna bo'lishi mumkin


IShIDning hibsga olingan xorijlik jangarilari, Hasaka, Suriya, 2020-yil, 7-yanvar

Qozog’iston anchadan beri Suriyada qolgan vatandoshlarini yurtiga qaytarish ishlari bilan shug’ullanmoqda. Ba’zi ekspertlarga ko’ra, uning ishlari boshqa davlatlar uchun namuna bo’lishi kerak.

Aholi orasida Suriyadan qaytganlarning ajratib qo’yilmasligi va ularning jamiyatga qo’shilishini osonlashtirish uchun maxsus reabilitatsiya dasturlari yo’lga qo’yilgan, kelganlarga yangi hujjat va pasportlar berilmoqda.

2019-yil mart oyida “Islomiy davlat” to’dasi mag’lubiyatga uchragandan keyin minglab xorijlik jangarilar hozir kurdlar nazoratidagi hududlarda hibsxonalarda saqlanmoqda.

Kurdlarning AQSh qo’llab-quvvatlagan Suriya demokratik kuchlari ixtiyorida ikki ming jangari va ularning 13 ming oila a’zolari borligi aytiladi.

Qancha qozog’istonlik hanuz Suriyada qolayotgani aniq emas. Kuzatuvchilarga ko’ra, 2012-yilda IShIDga qo’shilish uchun mingtacha qozog’istonlik Suriyaga kelgan.

Qozog’iston rasmiylariga ko’ra, shu paytgacha 700 dan ortiq odam olib kelingan. Ularning 33 tasi janglarda qatnashganlar, 187 tasi ayollar va 490 tasi bolalar.

AQSh Qozog’istonning repatriatsiya va reabilitatsiya ishlarini olqishladi.

AQSh Davlat departamenti vakili Kris Harnishning aytishicha, AQSh dunyo mamlakatlarini Suriyadan o’z fuqarolarini olib chiqib ketishga chaqirganda, Qozog’iston birinchi bo’lib shu ishni boshlagan.

Markaziy Osiyo davlati insonparvarlik asosida imkon qadar ko’p vatandoshlarini Suriyadan olib kelish niyatida ekanini aytadi.

“Ayollar va bolalar ko’pligini hisobga olsak, bu insonparvarlik amaliyoti bo’ladi”, - deydi Qozog’iston tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Yerjan Ashikbayev.

Amaliyot qanchalik muvaffaqiyatli chiqdi?

Bu haqda ekspertlar qarashi bo’lingan.

Atlantika kengashi tadqiqotchisi Noa Takerning aytishicha, insonparvarlik asosida odamlarni repatriatsiya qilish Qozog’istonda kelajakda zo’ravon ekstremizmning oldini olish uchun tashlangan muhim qadam.

Boshqa kuzatuvchilarga ko’ra esa, olib kelinganlarning ayrimlariga yengil jazo qo’llangani va qaytganlar orasida radikalizm yana yuz berishining oldini olish bo’yicha yetarli choralar ko’rilmayotgani uzoq muddatda Qozog’iston uchun muammo bo’lishi mumkin.

AQSh rasmiylarining aytishicha, reabilitatsiya dasturlarini yo’lga qo’yishda Vashington Qozog’istonga yordam ko’rsatmoqda.

Nyu-Yorkda joylashgan Soufan markazi ma’lumotiga ko’ra, IShIDga qo’shilish uchun Suriya va Iroqqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar soni 5000 dan oshadi.

Qozog’istonga qo’shni O’zbekiston ham Suriyada qolib ketgan fuqarolarini vatanga qaytarish amaliyotlarini o’tkazmoqda. Shu kungacha bir necha maxsus reys orqali 300 dan ortiq ayollar va bolalar Suriyadan O’zbekistonga olib kelingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG