Breaking News

Turkiyaning Suriyadagi kuchlariga hujum qilindi


Idlibda Turkiya askarlari. 26-may, 2020.

Suriyaning shimoli-g’arbida joylashgan Turkiya kuchlariga islomiy jangarilar hujum qildi.

16-yanvar kuni Idlib viloyatining shimoliy hududida turk askarlari postiga uyushtirilgan qurolli hujum ortida Abu Bakr al-Siddiq otryadi turganini ma’lum qildi.

“Abu Bakr al-Siddiq otryadining snayperlar guruhi Turkiyaning Batbo shahri yaqinida joylashgan muhim bazasini nishonga oldi”, deyiladi ekstremist guruhning ijtimoiy tarmoqlardagi xabarida.

Mahalliy matbuot uch nafar turk askari yaralanganini ma’lum qilgan. Turkiya hukumati biror bayonot bermagan.

Idlib Suriya Prezidenti Bashar Assad hukumatiga qarshi kuchlar joylashgan so’nggi viloyat.

“Hay’at Tahrir al-Shom” Idlibda eng qudratli kuchga ega islomiy guruh sanaladi. “Al-Qoida”ga aloqador kichik guruhlar ham shu hududdan qo’nim topgan. Shuningdek, Turkiya quvvatloviga ega guruhlar ham bor.

Avval “Al-Nusra fronti” nomi bilan tanilgan “Hay’at Tahrir al-Shom” AQSh hukumati tomonidan terroristik tashkilot deb e’lon qilingan.

Rossiya bilan imzolangan murosa bitimiga ko’ra, Turkiya o’z kuchlarini Idlibga safarbar qilib, bir necha nazorat postlarini tashkil etgan edi.

Moskva Assad rejimini qo’llab quvvatlaydi. Turkiya esa uning tuzumiga qarshi kurashayotgan bir necha guruhni dastaklaydi.

2020-yilning avgustida tashkil etilgan Abu Bakr al-Siddiq otryadi Idlibda Turkiya kuchlariga qarshi uyushtirilgan kamida uch hujum uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan.

Ekspertlarga ko’ra, otryad “Hay’at Tahrir al-Shom” va Turkiya harbiylariga oshkora jihod e’lon qilgan.

“Ular Turkiya harbiylari musulmonlar yerini egallab olgan deb hisoblaydi. Ularga qarshi faol kurashish kerak degan maqsadga ega”, - deydi Britaniya universiteti tadqiqotchisi Ayman Javod al-Tamimiy.

Abu Bakr al-Siddiq otryadining “Al-Qoida” yoki “Islomiy davlat” bilan aloqasi yo’q. Otryad liderlari Suriyada mustahkam islom davlatini qurishni maqsad qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG