Breaking News

G'amxo'rlik - o’zbekistonlik immigrant boshlagan yangi biznes


AQShdagi o'zbeklar: Immigrant immigrant uchun
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:18 0:00

AQShdagi o'zbeklar: Immigrant immigrant uchun

“Maqsadim ko’pchilikning manfaatiga xizmat qilib boylik orttirish”, - deydi Amerikadagi vatandoshlarining O’zbekistonda qolgan yaqinlariga g’amxo’rlik ko’rsatish istagini startapga aylantirgan bruklinlik Baxtiyor Oripov.

Shinam restoran va oshxonalarda mazali taomlarni tanavvul qilganida ham, katta supermarketlarda aravachani to’ldirib xarid qilganida ham, Qo’shma Shtatlarda yashaydigan aksariyat o’zbekistonlik immigrantlarning ichlarini bir kemtiklik tirnaydi.

U ham bo’lsa olis vatanda qolgan yaqinlariga ham ana shu to’kinlikni ravo ko’rish bilan bog’liq. Qo’shma Shtatlarda yashaydigan qator o’zbekistonlik tadbirkor immigrantlar bu muammoga O’zbekistonda AQShdagi kabi mahsulotlarni yetkazib berish onlayn xizmatini jonlashtirish orqali yechim topishmoqda. Nyu-Yorkning Bruklin tumanida yashaydigan Baxtiyor Oripov shulardan biri. U - Shoxona.com sayti asoschisi.

“Saytning vazifasi shundaki, u o’zimizning davlatdan chetda bo’lgan vatandoshlarimiz dunyoning qaysi burchagida bo’lishlaridan qat’i nazar, endilikda Samarqanddagi va Toshkentdagi yaqinlarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan, qolaversa, issiq taomlar, sovg’a-salomlar bilan bizlarning saytimiz orqali buyurtma bergan holda xursand qilishlari mumkin”, - deya tushuntiradi tadbirkor.

Nyu-York
Nyu-York

Baxtiyor asli samarqandlik, shuning uchun bu biznesni ochayotganda avvalo o’zi tug’ilgan shaharga diqqatini qaratgan. So’ngra Toshkentga.

“Bu loyihaning kelib chiqishi hozir emas, 7 oy oldin boshlangandi. O’sha payt karantin edi. Samarqandda uydan chiqishga ruxsat yo’q edi. Bunaqa paytda onlayn xizmatlarga talab kuchaygani sababli boshladik. Hozirgi kunda odamlar, 21-asr, Amerikada bilasiz hamma narsani eshigingiz oldigacha olib kelishadi. Kamdan- kam borib bozorlik qilamiz. 2-3 haftada bir borib bozorlik qilamiz. Qolgan vaqt nimani istasangiz telefonda buyurtma bersangiz, 1-2 soatda olib kelib beradi. Yaqin kelajakda bizda ham shunaqa bo’ladi. Zamon shunaqa. Talabdan kelib chiqqan holda boshladik”, - deydi u.

Chetdan turib O’zbekistonda qolgan yaqinlariga g’amxo’rlik ko’rsatishga asoslangan bunday onlayn platformalar mijozlari nafaqat Amerikada topilishiga ishonadi biznes maslahatchi Suhrob Ismoilov.

“Dunyo globallashib boryapti va O’zbekiston ham bu jarayonlardan xolimas. Sayohat qilish osonlashyapti, masofalar qisqaryapti. Shuning uchun odamzotga xos bo’lgan narsa, biz o’zimizga ma’qul bo’lgan shart-sharoitlarga, yaxshiroq imkoniyatlar bor joylarga chiqishga va muqimroq yashashga harakat qilamiz. Shundan kelib chiqib ko’plab o’zbekistonliklarimiz ham yillar o’tgan sayin O’zbekistondan chetga chiqib boshqa mamlakatlarda, xususan, AQShda, Yevropa davlatlarida, Janubiy Osiyo davlatlarida, qolaversa o’zimizga yaqin bo’lgan Rossiya va Qozog’iston kabi joylarda mehnat muhojiri sifatida muqim yashashga odatlanishyapti".

Baxtiyor Oripov yangi biznesni karantin paytida boshlagan
Baxtiyor Oripov yangi biznesni karantin paytida boshlagan

Rossiyada shu kecha-kunduzda rasmiy statistikaga ko'ra, qariyb 2 millionga yaqin o’zbekistonlik doimiy ravishda yashaydi. Anchagina o’zbekistonliklar Qozog’istonda yashashadi, deya urg'u beradi Ismoilov.

"O’zbekistonliklar g’arbiy va sharqiy Osiyo mamlakatlarida, Yevropa mamlakatlarida ham talaygina. AQShning o’ziga qaraydigan bo’lsak, masalan rasmiy statistikaning o’zi o’zbekistonliklar sonini 60-70 ming deb ko’rsatadi. Lekin faqat grin karta bilan AQShga kelayotganlarning soni har yili 4-5 mingni tashkil etadi. Oilaviy kelishadi ko’pchilik. Bundan tashqari, vaqtinchalik vizalar bilan kelib viza muddati o’tgandan keyin ham qolib ketib o’zlarining huquqiy maqomlarini doimiyga o’tkazishga harakat qilayotgan yana 10 minglab vatandoshlarimiz bu mamlakatda bor. Shuning uchun men o’ylayman o’zbekistonliklar sonini AQShning o’zida ham bemalol 200-250 ming atrofida deb olsak xato bo’lmaydi".

Shuning uchun, deydi Ismoilov, yangi platformalarning istiqboli porloq. Chunki chetda yurib mehnat qilayotgan har bir o’zbekistonlikning vatanda yaqinlari va oilalari bor va u ularning og’irini yengil qilishni istaydi

10 yildirki Qo’shma Shtatlarda yashayotgan o’zbekistonlik Amira vatandoshi ushbu biznesni ochganidan mamnun.

“Xizmatga juda ham katta ehtiyojim bor edi. Chunki ota-onamga bozorlik qilib yetkazib berishga doim odam qidirardim. Biror kimga aytardim. Lekin mana shu saytni topganimdan beri har oy bir marta, 1,5 oyda ikki marta undan foydalanaman”, - deydi muhojir.

“Saytimiz ochilganiga 6-7 oy bo’lgan bo’lsa, oxirgi 4-5 oy xudoga shukr ancha mijozlar orttirishga muvaffaq bo’ldik. Asosan o’zlarining ota-onalariga, o’zlari chetda bo’lgan holda farzandlari vatanda qolgan vatandoshlarimiz, musofir yurtdoshlarimiz bizlarni saytimizdan foydalanadi”, - deydi Oripov.

Onlayn xizmatning buyurtmachilari orasida hozir ayollar ko’p.

“Asosan ayollar. 60 ga 40 foizga desak to’g’ri bo’ladi. Bilmadim, lekin ayollar ko’p buyurtma beradi. Lekin ayollarda qattiqlik bor. Ayollar 10 so’mlik narsa buyurtma qilsa, erkak kishini buyurtmasiga ko’z tashlasangiz 20-30 so’mlik narsa buyurtirgan bo’lib chiqadi. Lekin ayol mijozlarimiz ko’p. Ayollar ko’proq buyurtma berishadi”, - deydi Oripov.

Mijozlari orasida pandemiya sabab O’zbekistonga bordi-keldi yana uzoq vaqt murakkab bo’lib turishini anglagan, yaqinlarini gavjum joylardan saqlab turishni istagan vatandoshlari ko’pligini aytadi tadbirkor. Alohida e’tiborini tortgan mijozlari esa ayriliqda yurgan, ammo ota-ona duosini olishni unutmayotganlari ekan.

“Shunaqa bir mijozim bor, men u insonga havas qilaman. Eng asosiysi, har kuni otasiga, onasiga jo’natadi. Ismini aytmayman, shunaqa odam bor. “Aka, ular g’animat, duosini olay, deydi".

Har kuni issiq non va qaymoq... Ertalab yoki tushlikka ikkita non va issiq taomlarni yo’llaydi. Arzimagan pul bo’ladi bu yerda, 5-10 dollar. Lekin u ko’rsatayotgan mehr, bilasizmi qancha duo keltiryapti. Yoki bitta mijozim bor onasiga har ikki kunda uch dona atirgul yuboradi. Ko’rsangiz havas qilasiz. Bunday odamlarga faqat havas qilasiz. Chetda bo’lsa ham o’zining yo’qligini, onasini sog’inchini shu sovg’alar bilan, arzimagan pul bo’ladi, 5-10 dollar bo’ladi. Bu yerda 5-10 dollar hech qancha pul emas, bilasiz, lekin g’amxo’rlik, mehr, oqibat shu orqali tashkil qilyapti. Shunaqa odamlarga men havas qilaman. Chunki men 1,5 oy Samarqanda bo’lib keldim, o’rtacha 150 xonadonga “dostavka” qildim. 150 xonadonga yetkazib berdim, ishoning onalar falonchi o’g’lingiz yoki qizingiz yubordi mana shu oziq-ovqatlarni, yoki sovg’alarni desak ko’zlariga quvonch yoshi bilan farzandlarini duo qildilar. Shunaqa ota-onasiga, farzandlariga mehribon mijozlarimiz ko’paysin bizlar ularning quvonchiga sababchi bo’lib savobda qolaylik”, - deydi Baxtiyor Oripov.

Boshlagan yangi biznesi orqali hali katta foyda olmagan bo’lsa-da, Baxtiyor istiqboldan umidvor. U Amerikada orttirgan tajribasi asosida harakat qilmoqda, ya’ni ko’pchilik manfaatiga xizmat qilish orqali foyda ko’rishni ko’zlagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG