Breaking News

Nyu-Yorkda Navalniy ozodligi uchun namoyishlar o'tkazildi


AQShda Navalniy himoyasi uchun namoyishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:54 0:00

23-yanvar kuni AQShning Nyu-York shahrida Rossiya konsulligi oldida va Tayms maydonida Rossiya hukumatiga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi.

“Biz bu yerga “Navalniyga va barcha siyosiy mahbuslarga ozodlik” degan shiorlarni ko’tarib chiqdik. Biz so’z erkinligini istaymiz. Biz [Aleksey] Navalniyning zudlik bilan ozod etilishini so’raymiz. Shu sababli butun jahon bo’ylab tinch namoyishlar o’tayotganidan mamnunmiz” - deydi norozilik namoyishi ishtirokchisi Yekaterina.

“Biz hammamiz Navalniyni qo’llashimiz uchun ham men bugun bu yerga chiqdim. U biz uchun kurashayotgan edi, endi uni qo’llab chiqish uchun navbat bizga keldi. Uni qo’llovchilar ko’pchilik ekanligini ham ko’rsatib qo’yishimiz zarur. U qo’rqmayaptimi, demak, biz ham qo’rqmasligimiz kerak” - deydi asli sankt-peterburglik 25 yoshli Daniil.

Nyu-Yorkda Aleksey Navalniyni qo’llash uchun uyushtirilgan namoyishda minglab odam qatnashdi.

“Men shuncha odam keladi, deb o’ylamagandim. Ana shuncha odam kelganidan, befarq qarab turmaganidan va vaziyatni tushunganidan xursandman. Moskvada bizning hamyurtlar hozir murakkab kunlarni boshlaridan o’tkazishmoqda. Bu yurishimiz esa ularga ma’naviy yordam bo’ldi” – deb tushuntiradi Tixon.

“AQShdagi yurtdoshlarimga aytmoqchimanki, biz bu yerda nimalardir qila olamiz. Biz vaziyatga o’z ta’sirimizni ko’rsata olamiz. Biz u yerdagi targ’ibotchilarga aslida ular kimligini yoza olamiz. Chunki ular o’zlari haqida haqiqatni bilishmaydi. Agarda siz Rossiyadan turib “Vkontakte”, “Facebook”da o’z qarashlaringizni yozsangiz, Rossiyada siz jinoiy javobgarlikka tortilib qamalasiz. Internetda yozganingiz, shunchaki, bor faktlarni sanab o’tganingiz uchun” - deydi namoyish ishtirokchisi Tixon.

Namoyishda banner ko’tarib chiqqanlar orasida yoshlar ko’p.

Ular Rossiyaning amaldagi hukumati va prezidenti yuritayotgan siyosatdan bezgan. Vladimir Putinning davlat tepasida yana uzoq vaqt qolishga intilayotganidan yoshlar norozi.

“Men nega bu yerga keldim, chunki Rossiyada bo’layotgan voqealar o’ta destruktiv. Putin Rossiyani qo’rqinchli tomonga yetaklayabdi. U o’z hokimiyatini endi saqlab qololmaydi, chunki u effektiv emas. Shuning hisobidan u bundan keyin ham qamoqxonalarni qurishda davom etaveradi. U soxta vatanparvarlikni dastaklash uchun urushlar boshlayveradi. Bu nimaga olib kelishini biz ko’rishni istamaymiz. Biz ozodlikni istaymiz, biz o’z mamlakatimizda odamlarda o’zlari istagan kishiga ovoz berish imkoniyati bo’lishini istaymiz, odamlarda saylanish huquqi bo’lsin. Bizning mamlakat, Rossiyada shunchaki Konstitutsiyaga amal qilinsin. Yaqinda uni buzib qayta yozishgan bo’lishsa-da, unda hamon odamlarning yig’ilib tinch namoyishlar o’tkazish huquqlari saqlangan va ana shu huquqlar hozir toptalmoqda. Hozir Moskvada odamlarni shunchaki o’z fikrlarini bayon qilishni istaganlari, yangi prezidentni saylashni istaganlari uchun ushlashyapti, qamashayapti. Prezidentni almashtirish bu normal hodisa. Bu demokratiya, ozodlik, iqtisodiy va ilmiy rivojlanish sari yagona yo’ldir. Aks holda hech narsaga erishib bo’lmaydi” - deya mitingga nega chiqqanini tushuntiradi Tixon.

Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan norozilik namoyishida Markaziy Osiyo respublikalaridan chiqqan immigrantlar ham qatnashdi.

Qozog’istonlik Ahmadyor Rossiyada o’zgarish yuz bersa, uning, albatta, Qozog’istonga ta’siri bo’ladi deydi.

“Qozog’iston Rossiyaga juda ham tobe bo’lib qolgan. Rossiyada vaziyat yaxshilansa, umid qilamanki, bizdagi jarayonlar ham yaxshi tomonga o’zgaradi.

Iqtisodiyot jihatdan ham ta’siri bor, agarda Rossiyaga sanksiyalar joriy qilinsa, u bizga ham ta’sir qiladi. Inson huquqlari tomonidan ham ta’siri bor, mumkin shunda Rossiya ham bizlarning huquqlarimiz hurmat qilinishini Qozog’istondan talab qilar. Bundan tashqari Qozog’istonda ayrim qonunlar aynan Rossiyadan ko’chirib olinadi” - deydi Ahmadyor.

“Biz bugun Taym skverda Aleksey Navalniyni qo’llash uchun yig’ildik. U Germaniyada davolanib kelganidan so’ng Rossiyada qamoqqa olingandi. Ungacha uni zaharlashgandi. Biz Navalniyga ozodlik berilishini istaymiz va uni qamash uchun Rossiyaning haqqi yo’q deb hisoblaymiz. Navalniyni uzoq yillarga qamashlari mumkinligidan rossiyaliklar xavotirda ekan uni tezroq ozod qilishlarini so’raymiz. Men Rossiya va Markaziy Osiyodagidan farqli o’laroq, o’z fikrimni bayon qila olishim mumkinligi uchun ham bu yerga keldim. Afsuski bu kabi tadbirlar hamma joyda ham xush ko’rilmaydi, xususan, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida” - deya nega namoyishga chiqqanini tushuntiradi o’zini tanishtirishni istamagan turkmanistonlik muhojir.

“Biz bugun Nyu-Yorkda Rossiyaning demokratik kuchlarini Qozog’iston xalqi va tashkilotimiz nomidan dastaklash uchun keldik. Biz ishonamizki, agarda Rossiyaning demokratik harakati va xalqi ozodlik, adolat, qonunchilik uchun Putinga qarshi kurashsa, Rossiyada pozitiv o’zgarishlar, albatta, yuz beradi. Ana shu o’zgarishlar butun Markaziy Osiyoga ham ijobiy ta’sir qiladi. Chunki Markaziy Osiyodagi barcha diktatorlar ortida Putin turibdi. Va u o’z hokimiyati bilan ularni qo’llab turibdi” - deydi “Erkin qozoqlar” harakati rahbari Gani Stambekov.

Namoyishda o’zbekistonlik mashhur bloger Otabek Mahkamov ham qatnashdi.

“Menimcha, befarqlik har qanday millatni va odamni yo’q qilib tashlashi mumkin deb o’ylayman. Bunday vaziyatlarga odam befarq bo’lmasligi kerak”- deydi Otabek Mahkamov.

Namoyishga nimaga kelganini batafsilroq tushuntirar ekan, u nemis jamoat va diniy arbobi, antifashistchi pastor Martin Nimeller so’zlarini keltirdi.

“Bir kuni natsistlar kelib sotsial demokratlarni olib ketishganda men indamagandim, chunki men hech qachon sotsial demokrat bo’lmagandim, keyin natsistlar yahudiylarni qamashdi, o’sha paytda ham indamadim, chunki men hech qachon yahudiy bo’lmaganman. Boshqa kuni kelib profsoyuz xodimlarini kelib qamashdi, shunda ham indamadim. Lekin navbat menga yetib kelganda gapiradigan odamning o’zi qolmadi. Nima uchun? Chunki befarqlik hammamizni o’ldiradi. Bilingki, ular boshqalarni olib ketishgan bo’lsa, bir kuni kelib albatta sizni ham olib ketishadi. Mana shunaqangi befarqlik bo’lmasligi uchun men ushbu mitingga keldim. Bu miting haqida o’zimnning kanalimda ham maxsus reportaj qilyapman. Va odamlarning fikrini bilmoqchiman. Nima uchun ular aynan chiqishdi? Navalniyni qo’llab-quvvatlashgami yoki Rossiyadagi rejimga qarshimi? Bu narsa men uchun juda qiziq, chunki Rossiya O’zbekistonning strategik hamkorlaridan biri. Bu mavzu men uchun juda qiziq, shuning uchun ham men bu yerdaman” – deb tushuntiradi o’zbek blogeri Otabek Mahkamov.

Aleksey Navalniy ozodligi, Putin iste’fosi, Rossiyada o’zgarishlarni istab o’tkazilgan norozilik namoyishi 2021-yil boshida Nyu-Yorkda MDHdan chiqqan xalqlar jamiyatlari vakillari ishtirokidagi eng katta yig’in bo’ldi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG