Breaking News

Deputat Kusherbayev: Surxondaryoda prezident siyosatiga qarshi isyon bo'ldi


Oliy majlis deputati Rasul Kusherbayev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg’onaga safari davomida jurnalistlar bilan muloqot qildi; ularga dalda berar ekan, jurnalistlar ortida davlat rahbari turganini ta’kidladi.

Prezidentning bu uchrashuvi, chaqirig’i jamoatchilik, xususan, jurnalistlar orasida muhokama qilinmoqda.

Prezidentning 15 daqiqalik bir tomonlama o’tkazgan bu suhbatidan to’lqinlanganlar ham, jurnalistlar, shunchaki, prezidentni eshitish bilan kifoyalanganidan taassuf bildirganlar ham ko’p.

“Sizlar menga ko‘makchi hamda yelkadoshsiz. Men sizlarni yutug‘imizni ham, kamchiliklarimizni ham xalqimizga haqqoniy yetkazayotgan kuch deb bilaman. Sizlardan bir narsani iltimos qilmoqchimanki, izlanishdan erinmanglar. Adolatni xalqqa yetkazishdan to‘xtamanglar, qo‘rqmanglar. Nimaga desangiz, ortingizda prezident turibdi. U zamonlar o‘tib ketdi. Faqat adolat, adolat va haqiqat”, - deb da’vat qilgan bu uchrashuvda Prezident Mirziyoyev.

Matbuot bilan bog’liq so’nggi voqealar soyasida prezidentning bu bayonoti, xususan, “eski zamonlar o’tib ketgani” haqiqatdan bir qadar yiroq ko’rinadi.

Matbuotga, jurnalistlar va blogerlarga bosim o’tkazishlar hozirgi zamonda ham davom etayotgani kuzatiladi. Tahdidga, tazyiqqa olinayotgan jurnalistlar safi kengaymoqda.

Yaqinda Surxondaryo sudida hibsdagi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qamoq chorasini qo’llash haqida qaror chiqarildi.

Surxondaryodagi vaziyat yuzasidan keskin tanqidlari bilan tanilgan bloger Otabek Sattoriy shu yilning yanvar oyi oxirida huquq-tartibot idoralarining maxsus amaliyoti paytida hibsga olingan edi.

Hibsga olingan bloger Otabek Sattoriy
Hibsga olingan bloger Otabek Sattoriy

Fevral boshida Otabek Sattoriyga nisbatan ehtiyot chorasini qo’llashga doir mahkama bo’lib o’tdi. Yopiq tarzda o’tkazilgan mahkamada blogerni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlash haqida qaror chiqarildi.

Dastlabki ayblovga ko’ra, Otabek Sattoriy tovlamachilikda, Sherobod tuman hokimidan tovlamachilik yo’li bilan yangi telefon talab qilishda gumonlanmoqda.

Bungacha u surxondaryolik fermerlar huquqlari bo’yicha qator chiqishlar qilgan, viloyat va tuman hokimliklarini jiddiy tanqidga tutgan edi.

O’ta xavfli jinoyatchi sifatida hibsga olingan bloger ishi yuzasidan hozircha AOKA ham, Komil Allamjonov yetakchiligidagi Mass-mediani qo’llab quvvatlash jamg’armasi ham sukutda.

Ammo bloger himoyasi uchun o’zining dolzarb chiqishlari bilan jamoatchilikka yaxshi tanilgan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev kurashmoqda.

Kusherbayev Surxondaryodagi holatni, xususan, o’z tanqidlari bilan tanilgan blogerning hibsga olinishi, yopiq mahkamada qamoq chorasi qo’llanilishini Prezident Mirziyoyev siyosatiga nisbatan xiyonat sifatida baholaydi.

“Bilasizmi, bu amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli soʼz erkinligiga, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir. Biz hozir jim kuzatsak, ertaga har birimiz tanqidlar uchun tovlamachilikda ayblanishimiz mumkin”, - deb yozadi deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Kusherbayevga tayanilsa, Otabek Sattoriy hibsga olinishidan avval u bilan muloqotda bo’lgan, mahalliy hokimiyat tahdidlaridan shikoyat qilgan, shuningdek, ayblovga asos bo’lgan bozordagi surishtiruvi davomida uning telefoni sindirilgani, tuman hokimligi tovon tariqasida telefonni yangilab berishga va’da qilayotgani haqida ham axborot bergan.

Bu shikoyatlar ortidan blogerni tinchlantirgan deputat Kusherboyev “o’z vaqtida uning ogohlantirishlariga jiddiy e’tibor bermaganimdan afsusdaman. Men bunchalik pastkashlikka borilmas, degan o’yda edim. Afsus...” deb yozadi.

Jurnalistlarga, shuningdek voqea bilan yaqindan tanish deputat Kusherboyev faraziga ko’ra ham, blogerning hibsga olinishi ortida bevosita viloyat rahbariyati turibdi. Sattoriy anchadan buyon o’z tanqidiy chiqishlari bilan mahalliy hokimiyatni asabiylashtirib kelgani ta’kidlanadi.

Ayniqsa, Surxondaryoda fermerlarning noroziliklari keng tus olishi, mahalliy hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik bildirib adolat ilinjida Toshkentga yurish qilishi viloyat hokimiyatida bu jarayonni yoritib borgan bloger va jurnalistlarga nisbatan jiddiy norozilik tug’dirgani aytilmoqda.

Jurnalistlar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Sattoriyning hibsi ortida viloyat hokimi To’ra Bobonov turganini iddao qilar ekan, rasmiy matbuotda viloyat hokimining xalqparvarligi va haqparvarligi borasida axborotlar tarqatilayotgani ham kuzatiladi.

Prezident Mirziyoyevning Farg’onadagi uchrashuvda qilgan bayonoti jurnalistlar uchun yangilik emas. Mirziyoyev tomonidan avval ham jurnalistlar, blogerlar, dadillikka chaqirilgan, amaldorlar ochiq matbuot bilan ishlashga majburligi ta’kidlangan bayonotlar bir necha bor aytilgan.

Ammo bu bayonotlar ortidan mamlakatdagi so’z erkinligi, jurnalist va blogerlarga nisbatan mavjud tahdidlar muammosi keskin yaxshilangani kuzatilgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG