Breaking News

Mirziyoyev: Xalq ishonch bildirsa, chetdan oppozitsiyani qo'ymayman


Saylovlardan keyingi ilk Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi majlisida so'zlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament, jurnalistlar, muxolifatga doir qator bayonotlar qildi.

Parlament saylovlari natijasi Oliy Majlis boshqaruvida o’zgarish yasamadi. Qonunchilik palatasi raisligiga avvalgidek XDP vakili Nurdinjon Ismoilov saylangan.

Qonunchilik palatasi raisining birinchi o’rinbosari lavozimi ta’sis etilgan. Bu lavozimga Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov loyiq ko’rilgan.

Qonunchilik palatasining saylov ortidan o’tkazgan birinchi majlisi Prezident Mirziyoyev ishtiroki, uning siyosiy, ijtimoiy sohaga doir qilgan qator bayonotlari bilan jamoatchilik diqqatini tortgan.

Prezident o’z ma’ruzasida parlament deputatlarini uyg’oqlikka chaqirgan. Bir qator dolzarb masalalarga oid bayonotlari bilan tanilgan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kursherbayevni o’rnak sifatida keltirgan.

"Kusherbayev mulohazalari ko’pchilikka yoqmasa-da, shaxsan menga yoqadi", - dedi prezident.

Davlat rahbari o’z fikrini oppozitsiyaga doir mulohazalar bilan davom ettirgan:

“Menga xalqim ishonch bildirsa, men hech qachon tashqaridan oppozitsiyani qo’ymayman. Biz ichkaridan tayyor bo’lishimiz kerak. O’zimizning milliy urf-odatlarimiz, xalqimiz manfaati bilan tayyor bo’lishimiz kerak”, - deb iqtibos keltiradi matbuot Prezident Mirziyoyevning Oliy Majlisdagi chiqishidan.

Prezidentning deputat Rasul Kusherbayev misolidagi chiqishi muxolifat mamlakat ichkarisidan chiqishi zarurligiga doir muqaddam aytilgan da’volarga misol tariqasida keltirilayotgandek.

Bu Mirziyoyevning Qonunchilik palatasi majlisida muxolifatga doir qilingan yagona bayonoti emas. Prezident parlamentdagi partiyalarga o’zaro sog’lom raqobatda bo’lish tavsiyasini ham bergan.

“Jahondagi ilg‘or tajribalar orqali partiyalar o‘z siyosiy manfaatlari, elektorati manfaatlarini ifoda etadigan qonunlar qabul qilish uchun parlamentda qizg‘in bahs olib borishlari kerak. Buning uchun parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadigan partiya va unga muxolifatda bo‘lgan partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi ham shart. Agar u narsa bo‘lmasa, raqobat ham bo‘lmaydi. Qo‘rqmanglar, o‘rganinglar shuni. Kimdir taklifini aytsa, undan qo‘rqib, oyog‘i yerdan uzilibdi, deb... Yo‘q, xato qilgan bo‘lsa ham o‘zining fikrini aytadi. Sizlar to‘g‘rilanglar, chiqib qonuniy asoslab beringlar", - degan Mirziyoyev.

So’nggi paytda, parlament saylovlari muxolifatsiz o’tgani tanqid qilinishi, bir qator rasmiylarning siyosiy muxolifatga doir bayonotlari ortidan mamlakatda, xususan, parlamentga o’tgan siyosiy partiyalar o’rtasida muxolifat shakllantirilishiga doir mulohazalar ko’paydi.

Prezident Mirziyoyevning parlamentda sog’lom muxolifatni shakllantirishga doir tavsiyasi rasmiy partiyalardan birortasi o’zini muxolifat sifatida e’lon qilishi mumkinligiga doir farazlarni yanada kuchaytirgan.

Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasini dastlabki majlisidagi chiqishida jurnalistlar va matbuotni ham chetlab o’tmagan. Saylovni yoritishda faollik ko’rsatgan xalqaro matbuotga o’z minnatdorchiligini bildirgan O’zbekiston prezidenti jurnalistlar ba'zilarga yoqmasa-da, "menga yoqadi", deya ta’kidlab o’tgan.

O’z vakolatini bajarishga kirishgan deputatlar oldidagi chiqishida Mirziyoyev O’zbekiston parlamentining 1989-yillardagi faoliyatidan ham misol keltirgan.

Prezident o’sha paytda O’zbekistonning bugungi tizimini yo’q qilishga harakatlar bo’lganini, faqat bir kishi, marhum Karimovning sharofati bilan tizim saqlab qolingani, uning o’zi esa birinchi prezident Islom Karimov yonida bo’lganini eslab o’tgan. Iqtidordagi prezident mustaqillik davrida qiyin, mashaqqatli yo’l bosilgani, xatolar ham bo’lganini, endi bu xatolarni takrorlamaslik muhimligini aytgan.

Mirziyoyev parlamentda O’zbekistonning bugungi tizimini yo‘qotishga bo’lgan harakatlar deganda nimani nazarda tutgani noaniq. Ammo katta ehtimol bilan o’sha yillarda hukumatdagi va muxolifatdagi deputatlardan shakllangan O’zbekiston Oliy Kengashida birinchi prezident, marhum Karimovga nisbatan ishonchsizlik bildirishga bo’lgan urinishlarni nazarda tutgan bo’lishi mumkin.

Siyosiy partiyalar liderlari, deputatlar, jumladan, prezident Mirziyoyev maqtovlari ortidan so’zga chiqqan Rasul Kusherbayev chiqishlarida ham ijtimoiy, siyosiy ahamiyatga molik bayonotlar bilan ko’zga tashlanmagan.

Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan Kusherbayev o’z chiqishida Prezidentning e’tirofi, ma’ruzasi deputatlarni keyingi besh yilga yetarli energiya bilan ta’minlagani, ijtimoiy muammolarni ko’tarishdagi jur’at va shiddatda prezidentdan ilhomlanayotgani haqida gapirgan.

O’zbekiston parlamenti uchun o’tgan saylovlar ortidan Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Mamlakatdagi besh siyosiy partiya vakillaridan iborat deputatlar guruhi dastlabki majlis ortidan o’z faoliyatini bajarishga kirishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG