Breaking News

Eron Tolibon, Kobul va Vashington bilan aloqalarni yangilamoqchi


Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Tolibon delegatsiyasini qarshilamoqda. Tehron, 31-yanvar, 2021.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Tolibon delegatsiyasini qarshilamoqda. Tehron, 31-yanvar, 2021.

Tolibon yanvar oyida Tehronda Eronning yuqori martabali rasmiylari bilan muzokara stoliga o’tirgan edi. Ayrim ekspertlar nazdida, Tehron Tolibonga ta’sirini kuchaytirishga qaror qilgan. Xususan, harakatning Jo Bayden ma’muriyati bilan diplomatik dialogini osonlashtirish, tinchlik sulhini tuzishda rasmiy Kobul va Tolibon o’rtasida “elchilik” qilishni rejalagan.

Tehron Tolibon delegatsiyasi bilan bir hafta mobaynida muzokara olib borgan. Rasmiylar buni Tolibon va Kobulning siyosiy kelishuviga erishish yo’lidagi muhim qadam sifatida e’lon qilgan.

Zotan, so’nggi yillarda Tehron Tolibon bilan yaqinroq aloqa o’rnatishga erishgan edi.

Global siyosat markazi vakili Kamron Buxoriyning ta’kidlashicha, Tehron Tolibon bilan til topishish, AQShning yangi rahbariyati bilan murosaga erishish istagida jiddiy harakatga kirishgan.

“Tolibon Bayden ma’muriyati bilan nisabatan “yumshoq” muloqot qilishga tayyor. Vashington uchun ta’sir doirasini oshirishga qulay fursat bu”, - deydi Buxoriy.

Ekspertga ko’ra, Eron o’z ta’sirini kuchaytirish uchun AQSh kuchlarini vatanga qaytarish-qaytarmaslik masalasi ko’ndalang turgan Afg’onistonda Kobul bilan ham yaqin aloqaga kirishgan.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Eron uranni boyitish darajasini 2015-yilda imzolangan bitimga muvofiq darajada qisqartirsa, sanksiyalar bekor qilinishini aytgan.

AQShning bir qator ommaviy axborot vositalariga ko’ra, Vashington shartlari Eronning yadroviy dasturi bilan chegaralanmaydi. Tehronning mintaqadagi siyosati va pozitsiyasi ham muhim ahamiyatga ega.

Biroq Eron AQSh sanksiyalarni bekor qilganidan so’ng bitimga amal qilishini ma’lum qilib, xavfsizlikka doir kengroq masshtabli muzokaralarni rad etgan.

Eron yadroviy dasturini to’xtatish va uning mintaqadagi agressiyasini cheklash borasida biror siljish bo’lmadi deb hisoblagan Donald Tramp ma’muriyati 2018-yilda Yadroviy bitimdan chiqib ketgan edi.

AQSh va Afg’oniston hukumati Eronni Tolibonga moliyaviy ko’mak berib, qurol-aslaha va portlovchi vositalar yetkazib berganlikda ayblab keladi. Tehron esa buni inkor etgan.

Eron rasmiylariga ko’ra, “hozirgi Tolibon ziyrak”, “u 1990-yillardagi harakatdan mutlaqo farq qiladi”. Tinchlik sulhiga erishish uchun fursat yetilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG