Breaking News

NATO rahbari: Afg’onistonni erta tark etishning oqibatlari yaxshi bo’lmaydi


NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning ta’kidlashicha, xalqaro koalitsiya Afg’onistondan munosib vaziyat yuzaga kelgandagina chiqib ketadi. 2020-yilda Vashington bilan imzolangan Tinchlik bitimi shartlariga to’liq amal qilishi uchun Tolibondan jiddiy iroda talab etiladi. Aks holda, xalqaro kuchlarning Afg’onistonni bitimga muvofiq may oyida tark etishi ham kechikaveradi.

Bryusselda jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, Stoltenberg joriy hafta yakunida ittifoqchi mamlakatlarning mudofaa vazirlari Afg’oniston masalasida muzokara o’tkazishini aytdi. Xususan, Vashington va Tolibon imzolagan bitim, Afg’onistonni may oyida tark etish yoki etmaslik masalasi muhokama qilinadi.

NATO rahbariga ko’ra, xalqaro kuchlarning Afg’onistonni birdaniga tark etishi bu zaminni yana xalqaro terrorizm o’chog’iga aylantirishi mumkin.

“Tolibon Tinchlik bitimi shartlarini bajarish uchun ko’p ish qilishi kerak. Xususan, boshqa terrorchi tashkilotlarni qo’llab-quvvatlashni bas qilib, aloqalarini uzishi talab etiladi”, - deydi Stoltenberg.

Rasmiyning ta’kidlashicha, ittifoqchi mamlakatlarning birortasi ham Afg’onistonda keragidan ortiq qolishni istamaydi. Shunday ekan, mamlakatdan chiqib ketish masalasi barcha tomonlar o’rtasida muvozanat va murosa yuzaga kelishi bilan hal etiladi. Biroq Afg’onistonni erta tark etishning oqibatlari yaxshi bo’lmaydi.

AQShning sobiq rahbari Donald Tramp ma’muriyati va Tolibon o’rtasida Tinchlik bitimining imzolanishi muhim o’zgarish yasadi. Kobul va Tolibon o’tgan yilning sentabrida ilk bor to’g’ridan-to’g’ri muzokaralarga kirishdi. 2019-yilda Afg’onistonda AQShning 13 ming askari xizmatda edi. Ayni damda Amerika qo’shini 2500 nafar harbiyni tashkil etmoqda.

Biroq so’nggi oylarda Afg’onistonda qon to’kilishlari, qurolli hujumlar va zulm kuchaydi. Jo Bayden ma’muriyati Tinchlik bitimini qayta ko’rib chiqish kerak deb hisoblamoqda. Vashington AQSh tarixida xorijda eng uzoq muddat kurashgan qo’shinini bu urush maydonidan olib chiqish masalasini muhokama qilish taraddudida.

Afg’onistonda AQShning 2400 dan ziyod harbiylari halok bo’ldi. Urush Vashingtonga qariyb 1 trillion dollarga tushdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG