Breaking News

AQSh NATO bilan munosabatlarni mustahkamlamoqchi


NATO va AQSh bayroqlari. Belgiya, 31-mart, 2017.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin NATO doirasidagi ittifoqchilar bilan aloqalarni tiklashni ahamiyatli deb hisoblaydi. Rasmiy sobiq rahbar Donald Tramp prezidentligi davrida munosabatlar jiddiy darz ketganini ta’kidlamoqda.

AQSh rasmiylarining izohlashicha, NATO mamlakatlari qator nozik masalalar yuzasidan bir to’xtamga kelishi kutilayotgan bir pallada birdamlik, hamjihatlik va o’zaro murosa jiddiy ahamiyatga ega. Xususan, Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqish, xalqaro normalarni o’z manfaatlariga mos ravishda og’dirayotgan Rossiya va Xitoy kabi raqiblarga qarshi turish, NATO byudjetidagi ulushlarga doir bahsli savollarga aniq javob topilishi lozim.

Pentagon rahbarining ta’kidlashicha, ittifoqchilar o’rtasida mustahkam aloqa o’rnatilsa, barcha masalalarga yechim topish mumkin bo’ladi.

“Ittifoqda har bir tomon ishonch va ehtromga ega bo’lishi lozim. Afsuski, ittifoqchilarimiz hamisha ham buni his eta olmagan. Biz bamaslahat ish tutib, hamjihatlikda qaror chiqarib, yelkama-yelka harakat qilishimiz kerak”, - deb yozadi Lloyd “The Washington Post” nashrining 16-fevral sonida.

NATO rahbari Yens Stoltenberg va boshqa ittifoqchilar AQShning avvalgi ma’muriyati bilan munosabatlar bir qadar sovuganini ta’kidlagan edi.

Pentagon rahbari ittifoqchi mamlakatlarning mudofaa vazirlari darajasidagi ikki kunlik virtual uchrashuv boshlanishidan avval muxbirlar bilan suhbatlashdi. Rasmiy so’nggi to’rt yillikda AQShning NATO bilan aloqalari taranglashganini aytgan.

NATO Bosh kotibi ham joriy oy avvalida AQSh bilan aloqalarni yangilash zarurligiga urg’u bergan edi.

Tomonlar aloqalarni yaxshilashga intilar ekan, ittifoq oldida turgan ilk dolzarb masala Afg’oniston. Xususan, Vashington va Tolibon 2020-yilda imzolagan Tinchlik bitimiga muvofiq AQSh kuchlari may oyida Afg’onistonni tark etadimi-yo’qmi, joriy vaziyatdan kelib chiqib qanday yo’l tutish to’g’ri bo’ladi degan savollarga javob topilishi lozim.

AQSh mudofaa vaziri Vashington Afg’oniston borasida yakuniy qarorga kelmagani, bu qaror ittifoqchilar bilan birga berilishini aytgan.

Ayni damda Afg’onistonda AQShning 2500 harbiysi, ittifoqchilarning 7 minglik qo’shini xizmatda.

“AQSh va NATO Afg’onistonga birgalikda kirgan. Demak, qaror ham birga beriladi. Lozim topilsa, u yerni birga tark etamiz”, - dedi Stoltenberg.

NATO rahbariga ko’ra, xalqaro kuchlarning Afg’onistonni birdaniga tark etishi bu zaminni yana xalqaro terrorizm o’chog’iga aylantirishi mumkin.

“Tolibon Tinchlik bitimi shartlarini bajarish uchun ko’p ish qilishi kerak. Xususan, boshqa terrorchi tashkilotlarni qo’llab-quvvatlashni bas qilib, aloqalarini uzishi talab etiladi”, - deydi Stoltenberg.

Rasmiyning ta’kidlashicha, ittifoqchi mamlakatlarning birortasi ham Afg’onistonda keragidan ortiq qolishni istamaydi. Shunday ekan, mamlakatdan chiqib ketish masalasi barcha tomonlar o’rtasida muvozanat va murosa yuzaga kelishi bilan hal etiladi. Biroq Afg’onistonni erta tark etishning oqibatlari yaxshi bo’lmaydi.

Afsuski, so’nggi oylarda Afg’onistonda qon to’kilishlari, qurolli hujumlar va zulm kuchaydi. Jo Bayden ma’muriyati Tinchlik bitimini qayta ko’rib chiqish kerak deb hisoblamoqda.

Yangi rahbariyat, xususan, AQShning Yevropadagi kuchlari taqsimotiga ham aniqlik kiritishi lozim.

Tramp ma’muriyatidan Bayden ma’muriyatiga meros bo’lib qolayotgan yagona pozitsiya mudofaa xarajatlari bilan bog’liq.

16-fevral kuni Pentagon rasmiylari NATO doirasidagi ittifoqchi mamlakatlar o’z yalpi ichki mahsulotining ikki foizi miqdorida belgilangan ulushni to’liq qoplab kelayotganidan minnatdor ekanini bildirgan. Biroq rasmiylarga ko’ra, bu yetarli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG