Breaking News

O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi yuzasidan xavotir oshib bormoqda


O'zbekistonda hibsdagi bloger Otabek Sattoriyga yangi ayblov qo’yilgan, uning faoliyatidan “jabrlangan” fuqarolar soni yana bir nechta kishiga ko’paygan.

Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti Otabek Sattoriyga nisbatan tergov harakatlari yakunlangani haqida ma’lumot tarqatdi.

Bu ma’lumotga ko’ra, Otabek Sattoriy “fuqarolarning sir saqlanishi lozim bo’lgan ma’lumotlarini oshkor qilish bilan qo’rqitib”, bundan moddiy manfaatdorlik yo’lida foydalanib kelgan.

Tergov departamenti Otabek Sattoriy 2020- yilning iyunidan 2021- yilning yanvariga qadar sakkiz fuqaroga nisbatan shunday jinoyat sodir etganini, ularning ayrimlaridan moddiy manfaat ko’rib kelganligini ta’kidlaydi.

Prokuratura tomonidan tasdiqlangan taqdirda, sudga oshirilishi kutilayotgan dastlabki tergov xulosasidan Otabek Sattoriy jinoyat kodeksining uchta moddasi bo’yicha “tovlamachilik”da, “tuhmat qilish”, “haqorat qilish”da ayblanayotgani ko’rinadi.

Bloger Otabek Sattoriy
Bloger Otabek Sattoriy

Otabek Sattoriy shu yilning 30- yanvarida, huquq tartibot idoralarining Surxondaryoda o’tkazilgan amaliyoti paytida, hibsga olindi.

Bloger Sherobod tumanidagi bozorda surishtiruv o’tkazishi davomida mahalliy ma’muriyat qarshiligiga uchragan, keyinchalik bozor rahbari tomonidan kiritilgan shikoyat arizasiga ko’ra qo’lga olingani ma’lum qilingan edi.

Tergov departamenti ma’lumotida sakkiz nafar fuqaroning ismi sharifi jabrlanuvchi sifatida keltirilgan. Avvalroq prokuratura Otabek Sattoriy ustidan 7 ta holat bo’yicha murojaat kelib tushgani, holatlar yuzasidan tergov o’tkazilayotganini bildirgan edi.

Otabek Sattoriy ishini yaqindan kuzatgan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev bozorni tasvirga olishi davomida telefoni sindirilgan bloggerga tuman hokimligi tovon tariqasida yangi telefon berishni va’da qilgani, huquq tartibot idoralari shu holatni tovlamachilik sifatida baholashayotgani, bloggerning hibsga olinishi tanqidlarga chidash bermayotgan mahalliy hokimiyat tomonidan uyushtirilayotgani haqida yozgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida mahalliy hokimiyatni, xususan Surxondaryo viloyati hokimi To’ra Bobonovni ham jiddiy tanqidga tutib kelgan Otabek Sattoriy viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yoritish bilan shug’ullanib kelgan.

Bosh qarorgohi AQShda bo’lgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) Otabek Sattoriyning hibsga olinishini so’z erkinligiga, jurnalistik faoliyatga nisbatan tahdid sifatida baholagan va O’zbekiston hukumatini zudlik bilan bloggerni hibsdan ozod etishga chaqirgan edi.

Mahalliy hokimiyatning tanqidchisi sifatida tanilgan blogerni xavfli jinoyatchi sifatida ushlab ketilishi ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy munozara qo’zg’agan, jurnalistlar uchun xavotirli ishora sifatida baholangan edi.

Bu munozaralar ortida O’zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Mlliy mass- mediani qo’llab quvvatlash jamg’armasi Sattoriyning ishi bo’yicha xolis tergov o’tkazilishi lozimligiga doir bayonot berishdi.

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi esa Otabek Sattoriy ishi bo’yicha ijtimoiy tarmoqlarda ommani chalg’ituvchi, davlat idoralari faoliyatiga ishonchsizlik uyg’otuvchi ma’lumotlar tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi haqidagi ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Blogerning advokati mahalliy nashrlarga bergan intervyusida Otabek Sattoriy o’zi nisbatan qo’yilgan ayblovlarni qat’iy inkor etganligini, ayblovni tasdiqlovchi dalillar mavjud emasligi, jinoyat ishi Otabekning blogerlik faoliyati, xususan uning tanqidiy chiqishlari bilan bog’liqligini ta’kidlaydi.

Sattoriyning o’zi hibsga olinishidan bir kun avval ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida huquq tartibot idoralari tomonidan tahdidlar kuchayib borayotgani, turli bahonalar bilan qamoqqa olishga urinishlar bo’layotganidan ogohlantirgan edi.

Ichki ishlar vazirligi tergov departamentining bloger Otabek Sattoriy ishi bo’yicha tergov xulosasi ayni paytda tasdiq uchun prokuraturaga topshirilgan. Prokuratura tergov xulosasini tasdiqlangan taqdirda ish sudga oshiriladi. Sattoriyga nisbatan surilgan ayblovlar mahkamada tasdiqlansa u 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O’zbekistonda so’ngi paytda blogerlik faoliyati, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar, tekshirilmagan va yolg’on axborot tarqatishga doir qonunchilikka o’zgartirishlar kiritilayotgani, shu qatorda javobgarlik keskinlashayotgani inobatga olinsa, so'z va matbuot erkinligi bilan bog'liq vaziyat o'zirlashayotgani kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG