Breaking News

Qirg’izistonliklar bir yillik pandemiya davridan so’ng qanday ahvolda?


Qirgʻizistonda ijtimoiy masofani saqlash zaruratini aholining 40 foizigina his qiladi. Bu haqda UNICEF tashkilotining Qirgʻiziston xalqining COVID-19 ga aloqador tajribasi va kasallikni idrok qilishga doir tadqiqotida aytildi.

Shuningdek, 2020-yilning noyabr oyida telefon orqali soʻrovnoma o’tkazilgan ushbu maʼlumotlarda yozilishicha, aholining 82 foizi qoʻlni tez-tez yuvib turish muhim himoya chorasi ekanini biladi. Respondentlarning 77 foizi esa tibbiy niqobni taqish zarur ekanidan xabardor. Tadqiqot xulosalarida virusning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik choralari boʻyicha aholining savodxonligini oshirish lozimligi taʼkidlangan.

Dunyoning bir qator davlatlarida koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Qirgʻizistonda ham koronavirusga qarshi emlashning birinchi bosqichi mart oyidan boshlanishi xabar qilingan edi. Ammo mamlakatga hozircha birorta ham vaksina kirgani yo’q.

Qirg’iziston Sog’liqni saqlash vazirining o’rinbosari Nurbo’lat Usonbayevning aytishicha, vaksinani olish uchun uni saqlashga kerak bo’lgan -70 darajali muzlatgichlar yo’q. Shu sabab taklif qilingan vaksinadan hozircha bosh tortilmoqda.

Prezident Sadir Japarov esa Rossiyaga qilgan safari vaqtida “RIA Novosti” nashriga bergan intervyusida qirgʻizistonliklarni Rossiyaning yordami bilan emlash yo’lga qo’yilishi haqida aytib oʻtgan.

Qirgʻizistonda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat qayd etilganiga qariyb bir yil boʻldi. 2020-yilning mart oyida mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilinib, bir qator jiddiy cheklovlar kiritildi.

Psixolog Aqsach Jo’ldosheva Oʻsh davlat universitetining psixologiya kafedrasini boshqaradi. U Qirgʻizistonda pandemiya boshlanganida oʻz hamkasblari bilan birga telefon orqali aholiga koʻngilli tarzda psixologik koʻmak bera boshladi.

“Pandemiya vaqtida zoʻravonlik holatlari koʻpayib ketdi. Turmush oʻrtogʻi bilan janjallashganlar, jahl ustida farzandini qattiq urib qoʻyganlar oʻz hollaridan arz qilib bizga qoʻngʻiroqlar qilishdi. Biz qoʻldan kelganicha psixologik yordam koʻrsatib kelmoqdamiz”, — deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Aksariyat davlatlarda bo’lgani kabi Qirg’izistonda ham yoz oylariga kelib vaziyat jiddiylashib, dori-darmon va shifokorlarning yetishmovchiligi yuzaga keldi. Kasalxonalar virus yuqtirib olgan bemorlar bilan toʻldi. Ammo bugunga kelib, cheklovlarning aksariyati bekor qilingan. Ayrim istisnolar xorij barcha koʻngilochar maskanlar, jamoat ovqatlanish joylari, aholiga xizmat koʻrsatish maskanlari, maktab, universitetlar yana oʻz faoliyatini qayta boshlagan.

Garchi Qirgʻizistonda koronavirus yuqtirish holatlari yana davom etayotgan boʻlishiga qaramay, fuqarolar himoyalanish choralarini unutgandek koʻrinadi.

Talaba Hilola Mamajonovaning aytishicha, bir yillik onlayn tartibdagi o’qishdan so’ng, yana O’sh shahriga kelishdan avval ota-onasi unga doimo tibbiy niqobda bo’lish va qo’lqop bilan yurishni uqtirgan.

“Juda havotir bilan qishloqdan kelgandim. Lekin O’shda deyarli niqob taqilmayapti ekan. Jamoat transportlarida yo’lovchilar bir-biriga yaqin turishga majbur. Masofa saqlanmayapti. Biz ham shunga ko’nikib qoldik”, - deydi talaba.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi Qirgʻiziston iqtisodiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Mamlakatda oziq-ovqat narxlari qimmatladi. Mutaxassislarning aytishicha, oʻtgan yilga nisbatan oziq-ovqat narxi 18,5 foizga oʻsgan. Qirgʻiziston Milliy bankining fevral oyida tarqatgan maʼlumotiga koʻra, oziq-ovqat bozorida yaqin orada narxlarning yana koʻtarilishi kutilmoqda.

Qirg’iziston sog’liqni saqlash vazirligining bergan ma’lumotiga ko’ra, koronavirus pandemiyasi boshlangan mart oyidan beri kasallikdan 1466 nafar bemor vafot etgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG