Breaking News

Qirg'iziston koronavirus epidemiyasining ikkinchi to'lqiniga hozirlanmoqda


Qish kirib kelishi bilan Qirg’iziston koronavirus epidemiyasining ikkinchi to’lqiniga hozirlik ko’rmoqda. Hozir epidemiya ko’lami yozdagiga qaraganda ancha past. Har kuni o’rtacha 335 yangi holat aniqlanmoqda. Virus yuqtirganlar soni mamlakat bo’ylab 74 mingdan oshgan.

Xalqaro hayot – 4-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:17 0:00

Iyul oxiriga qadar bir kunda mingdan ortiq odam virus yuqtirardi, har kuni o’nlab qirg’izistonlik nobud bo’lardi, jami 33 mingdan oshiq bemor qayd etilgan edi.

Sog’liqni saqlash tizimi qiyin ahvolga tushib qolgan bir paytda ko’ngillilar kadrlar yetishmovchiligini bilintirmaslikka harakat qildi. Bugun ham ular muhim rol o’ynamoqda.

2013-yilda qariyalarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan “SOS” harakati ko’ngillilari koronavirus epidemiyasi paytida butun diqqatini COVID ga qarshi kurashga qaratib, poytaxt Bishkekda mahalliy hokimiyat ajratgan binoni ta’mirladi, 4 kunda koronavirus bemorlari uchun tibbiy markazga aylantirdi. Unga “Nafas” deb nom berildi. Hokimiyat markaz uchun 60 ta shifokor va hamshira ajratdi.

“Virusning birinchi to’lqini paytida mamlakatda sog’liqni saqlash tizimi turib qoldi. Bunga hukumatning epidemiyaga qarshi o’z vaqtida chora ko’rmagani sabab bo’ldi”, - deydi mustaqil tibbiy ekspert Bermet Bariktabasova.

Mart oyida mamlakat bo’ylab karantin va komendant soati joriy etildi, viloyatlararo qatnov to’xtatildi. Bizneslar faoliyatiga chek qo’yilishi ketidan odamlar ishsiz qoldi, daromadidan ayrildi. Ularga moliyaviy yordam berishga ojizlik qilgan hukumat may boshida cheklovlarni yumshatishga majbur bo’ldi.

Ba’zilar hukumat siyosiy g’alayonlar va milliy zo’ravonliklar tarixiga ega mamlakatda tartibsizliklardan cho’chiganini aytadi.

Idoralar, bozorlar, savdo markazlari qayta ochildi, jamoat transporti qatnovi tiklandi, to’y va marakalarga ruxsat berildi.

Bermet Bariktabasovaning aytishicha, hukumat cheklovlari epidemiyaning kuchayishiga sabab bo’ldi, chunki yangi bemorlar uchun kasalxonalarda joy yetishmasdi.

“Tez yordamga ko’p marotaba qo’ng’iroq qilganman. Ba’zida go’shakni ko’tarishmasdi. Ba’zan esa uyga kelib, qaytib ketishardi. Qand kasalim bor, virusni deb ahvolim o’g’irlashdi. Uyda uzoq yotishga majbur bo’ldim. Davlatdan umuman yordam olmadim”, - deydi iyul oyida koronavirusga uchragan Gulmira Kazakova ismli bir ayol.

4-oktabr kuni o’tgan parlament saylovlari ketidan mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Bir necha kun ichida Sooronbay Jeenbekov prezidentlikdan ketdi, tarafdorlari yordamida qamoqdan chiqarilgan sobiq deputat Sadir Japarov prezidentlik va bosh vazirlikka tayinlandi, biroq yanvarga belgilangan saylovda qatnashish uchun 14-noyabr kuni u prezidentlikdan ketdi.

“Namoyish kunlari ko’plab odamlar virus yuqtirdi, kasallanganlar soni keskin oshib ketdi”, - deydi Bishkekdagi davlat kasalxonasi bosh shifokori muovini Upol Nuraliyeva.

Mamlakat virusning ikkinchi to’lqiniga hozirlik ko’rarkan, tibbiy mutaxassislar ko’ngillilar yordamida kurashga ancha tayyor ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG