Breaking News

Turkiya-Eron munosabatlarida tanglik kuchaymoqda


Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar (chapda) Iroq bilan chegaradagi turk qo'shinlarini ko'zdan kechirmoqda. 19-iyun, 2020.
Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar (chapda) Iroq bilan chegaradagi turk qo'shinlarini ko'zdan kechirmoqda. 19-iyun, 2020.

Turkiya Iroqning shimoliy hududlarida kurd jangarilariga qarshi harbiy operatsiyalarni kuchaytirgan. Anqara operatsiyalar masshtabini kengaytirish payida ekan, Eron-Turkiya munosabatlarida tanglik ortmoqda. Tehron o’zi dastaklayotgan kuchlar joylashgan strategik hududga tahdid solinishidan xavotirda.

“Turkiya yoki boshqa biror davlatning harbiy aralashuvini, Iroqqa qo’shinlarini kiritishi va mamlakat bo’ylab kengayishini qabul qila olmaymiz”, - deya bayonot berdi Eronning Iroqdagi elchisi Iroj Masjidiy.

Turkiyaning Iroq bo’yicha maxsus elchisi “Twitter” sahifasida “Iroq sarhadlariga hurmat masalasida Turkiyaga ma’ruza o’qish Masjidiy qolgan ish emas”, deb yozdi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Eron elchisi Muhammad Farazmanddan terrorizmga qarshi kurashda Anqarani qo’llab-quvvatlash borasidagi chaqiriqni Tehronga yetkazishni so’ragan. Bu haqda Turkiya ommaviy axborot vositalari ma’lum qilgan.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Suleyman Soyluning 28-fevral kuni bergan bayonoti Tehron g’azabini kuchaytirgan. Vazirning ta’kidlashicha, Eron 525 nafar terrorchini xufyona dastaklab, boshpana bergan.

Natijada, Turkiyaning Erondagi elchisi Derya Ors Tehronda Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Diplomatga Tehronning Anqaraga rasmiy e’tirozi va ayblovga inkor notasi topshirilgan.

PKK nomi bilan tanish Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi Turkiya olib borayotgan kurash Anqara va Tehron o’rtasidagi bahslarning tobora kuchayishiga sabab bo’lmoqda. PKK uzoq yillardan buyon Iroq shimolida joylashgan bazalardan turib Turkiya hukumatiga qarshi hujumlarni amalga oshirib keladi. AQSh va Yevropa ittifoqi PKKni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritgan.

Ekspertlarga ko’ra, Tehron Turkiya Iroq hududiga kirish bilan mintaqadagi ta’sir doirasini kuchaytirishga urinmoqda deb hisoblaydi.

Garovda ushlab turilgan 13 nafar Turkiya fuqarolarining qatl etilishi ortidan, Anqara PKKga qarshi operatsiyalarni kuchaytirishni rejalagan.

“Bugundan boshlab hech qayerda, Qandilda ham, Sinjarda ham, Suriyada ham terrorchilarga omonlik yo’q”, - deya bayonot bergan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG