Breaking News

Ukraina-Rossiya-AQSh: Tanglik nimadan iborat?


AQSh rahbari Jo Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy. Fotokollaj.

1-aprel kuni Prezident Vladimir Zelenskiy Moskva Ukraina chegaralari bo’ylab qo’shinlarini joylashtirganini ma’lum qilgan edi. Tanglik kuchayib borar ekan, Vashington Moskvani ogohlantirib, Kiyevga bosim o’tkazmaslikka chaqirgan.

AQSh Prezidenti Jo Bayden joriy vaziyatni Ukraina rahbari bilan telefon muloqotida muhokama qildi. Dolzarb masalalar qatorida Rossiya tahdidiga alohida e’tibor qaratildi. Bayden Ukraina suvereniteti, hududiy daxlsizligi va xavfsizligini dastklash, mamlakatlar o’rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash ahdida qat’iy ekanini ta’kidladi.

Ukraina hukumati 2014-yildan buyon Rossiya dastaklab kelayotgan separatistlarga qarshi kurashmoqda. Kiyevning ma’lum qilishicha, Rossiya joriy haftada o’z harbiy kuchlarini Qrimga va Moskva quvvatlovi bilan kurashayotgan separatistlar egallab olgan hududlar yaqiniga safarbar qilgan.

Rasmiy Kiyev xavfsizlik bilan bog’liq tanglikni G’arbdagi ittifoqchi mamlakatlar, shuningdek, AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan ham muhokama qilgan.

“Ukraina chegarasi yaqinida harbiy mashg’ulot o’tkazish va provokatsion tadbirlarni uyushtirish Rossiyaning an’anaviy o’yinlaridan”, - deya bayonot berdi Zelenskiy.

Kiyev o’tgan yili qurolli to’qnashuvlar va qon to’kilishini bas qilishga doir imzolgangan bitimni yangilashga urinayotgan bir pallada Moskva Ukrainaga qarshi tahdidlarni kuchaytirmoqda.

AQSh Davlat departamenti ham “Rossiyaning Ukraina sharqidagi agressiv va provokatsion harakatlarni kuchaytirishidan jiddiy xavotirda” ekanini ma’lum qilgan.

Ayrim tahlilchilar nazdida, Rossiya bunday qadam tashlash bilan AQShning yangi ma’muriyati pozitsiyasini tekshirib ko’rishga urinmoqda.

Ukraina kuchlari va Kreml dastaklayotgan separatistlar o’rtasida qurolli to’qnashuvlar ortib bormoqda. Joriy haftada Moskva va Kiyev bir-birini o’t ochishni to’xtatishga doir bitim shartlarini buzganlikda aybladi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, joriy yilda 20 nafar Ukraina harbiysi halok bo’lgan. 57 nafari yaralangan.

Pentagon rahbari Lloyd Ostin 1-aprel kuni Ukraina Mudofaa vaziri Andrey Taran bilan telefon orqali muloqotda bo’lgan. Rossiya agressiyani kuchaytirgan taqdirda, Vashington Ukrainani yolg’iz qoldirmasligini ma’lum qilgan.

Ukraina harbiy razvedkasi Rossiyani separatistlar nazorat qilayotgan Donetsk va Lugansk hududlariga qo’shin kiritishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Moskva separatistlarni dastaklash maqsadida qurol-aslaha va qo’shin safarbar qilinganiga oid ayblovlarni muntazam inkor etib keladi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o’z hududi doirasida qo’shinlarini istagan yerga joylashtirish huquqiga ega ekanini ta’kidlagan. Bundan hech kim xavotirga tushmasligi kerak. Ichki operatsiyalar hech kimga tahdid uyg’otmaydi, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG