Breaking News

Hisobot: AQSh Janubiy Xitoy dengizida harbiy faollikni oshirmoqda


AQShning "Ronald Reygan" avianosetsi Janubiy Xitoy dengizida, 2020-yil, 6-iyul

Xitoyda joylashgan tadqiqot guruhining ma’lum qilishicha, oxirgi bir yilda AQSh harbiy kuchlari Janubiy Xitoy dengizida faolligini oshirgan. Bu Vashington va Pekin o’rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir davrga to’g’ri kelmoqda.

“2020-yil mintaqada hajm, miqdor va muddat jihatidan AQSh harbiy faoliyatining kengayishi so’nggi yillarda kuzatilmagan darajaga chiqdi”, deyiladi 12-mart kuni e’lon qilingan hisobotda.

Gavayidagi AQSh Hind va Tinch okeani qo’mondonligining tasdiqlashicha, o’tgan yili mintaqaga 10 harbiy kema jo’natilgan. 2019-yil ular soni 10 ta bo’lgan. Iyul oyida esa Janubiy Xitoy dengizida o’tkazilgan mashg’ulotda ikki avinosetsga yordam berish uchun B-52 bombardimonchi samolyot safarbar etilgan.

Tahlilchilarning aytishicha, AQShning harbiy faolligi Xitoyning mintaqadagi agressiv siyosati sekinlashishiga hissa qo’shgan. Pekin 3,5 million kvadrat kilometrlik dengiz hududi uchun Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam bilan tortishib keladi. Dengizdagi orollarni talashayotgan tomonlar orasida Xitoy eng katta harbiy qudrat hisoblanadi. Ushbu mojaroda qolgan davlatlar AQSh ko’magiga ko’z tikmoqda.

Pekin tarixiy manbalarga tayanib bu hududlar o’ziga tegishli ekanini da’vo qiladi. Bahsli hududlar baliqchilik va boy suvosti resurslari bilan qimmatli hisoblanadi.

Vashingtonning bu hududda biror yerga da’vosi yo’q, ammo mojaroda Xitoyni o’zi va mintaqadagi hamkorlari uchun jiddiy xavf sifatida ko’radi.

AQSh harbiylarining mintaqadagi faolligi yangilik emas, ammo sobiq prezident Donald Tramp davrida Xitoy-AQSh ziddiyati kuchaygani bois Vashington bu yerga yanada ko’proq harbiy kemalar jo’natgan.

Ba’zi ekspertlar xavotiricha, dengizda AQSh harbiy hozirligining kuchayishi Xitoyga qarshi da’vogar davlatlarga ma’qul bo’lsa-da, bu Pekinning noroziligini kuchaytirib, Xitoyni harbiy qudratini yanada kuchaytirishga undashi mumkin.

Tokioda joylashgan Sasakava tinchlik jamg’armasi tadqiqotchisi Fabrizio Bozzatoning aytishicha, Xitoy AQShning dengizda harbiy ustunlikka ega ekanini yaxshi biladi va jiddiy to’qnashuvga kirishmaydi.

“Xullas, Xitoy shikoyat qilib, harbiy qudratini oshirib, bu yerga yangi va zamonaviy kuchlarini tashlashda davom etadi. Lekin AQSh, uning ittifoqchilari va boshqa AQShga yaqin davlatlarning dengiz amaliyotlariga qarshilik ko’rsata olmaydi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG