Breaking News

Eron yadro dasturi yuzasidan muloqotning ikkinchi davrasi boshlanmoqda


Eronning uranni boyitishga mo'ljallangan Natanz yadro tadqiqotlari markazi, 2019-yil, 5-noyabr

AQSh va Eron rasmiylari shu hafta Venada yadro dasturi yuzasidan muloqotning ikkinchi davrasini o’tkazishga hozirlanmoqda. Uchrashuv 11-aprel kuni Eronning Natanz yadro inshootiga uyushtirilgan noma’lum hujum ortidan yuz bermoqda.

Oq uy so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, muzokaralar belgilangan vaqtda, 14-aprel kuni boshlanadi. Bilvosita muloqotning birinchi bosqichi 6 – 9-aprel kunlari o’tkazilgan edi. Muzokaralarda Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy va Rossiya vositachi sifatida ishtirok etmoqda.

Muloqotdan maqsad Eron yadro dasturi yuzasidan 2015-yilda erishilgan bitim shartlariga qaytish masalasini ko’rib chiqish. Shu yili AQSh, Eron va boshqa yetakchi davlatlar birgalikda, agar Eron uran boyitish miqdorini kamaytirsa, evaziga Tehronga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinishiga kelishib olgan edi.

Donald Tramp AQSh Prezidenti etib saylangach, Vashington bu kelishuvdan bir tomonlama chiqqanini e’lon qildi va Eronga yangi sanksiyalar joriy etdi. Shundan beri Eron ham bitim shartlarini buzib, uranni boyitish darajasini oshirib bormoqda.

Uranni boyitishga mo’ljallangan Natanz zavodi hujumga uchrashi ortidan Eronning Vena muloqotida qatnashish bo’yicha rejasida biror o’zgarish yuz bergani ma’lum emas. Ayni paytda Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif zavodga hujumni uyushtirishda Isroilni aybladi. Isroil bu voqeaga aloqadorligini inkor etmadi, lekin tasdiqlagani ham yo’q.

Isroil uzoq yillardan beri yadro qurolini qo’lga kiritmasligi uchun Eronga qarshi harbiy choralarga qo’l urishga tayyor ekanini aytib keladi.

Xalqaro Atom energiyasi agentligi sobiq konsultanti Behruz Bayatning aytishicha, Natanzda yuz bergan portlash uranni boyitishda ishlatiluvchi birinchi avlod sentrifugalarini ishdan chiqargan.

“Birinchi avlod sentrifugalari juda nozik bo’ladi. Kutilmaganda elektr tokining uzilishi ularning besh mingtasiga zarar yetkazgan va ularni yaroqsiz holatga keltirgan. Bu ularni ta’mirlash mumkin emas, degani emas. Lekin bu narsa bir necha oy vaqt oladi va Eronning uranni boyitish dasturi kechiktiriladi”, - dedi u.

Bayatning qo’shimcha qilishicha, Tehron Tramp davrida qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinishiga erishish uchun uranni boyitish ishlarini kengaytirish orqali Bayden ma’muriyatiga bosimni oshirmoqda. AQSh rasmiylariga ko’ra, hozirgi tezlikda Eron bir necha oy ichida atom bombasini yaratishga yetadigan darajada uran yoqilg’isini qo’lga kiritishi mumkin.

“Ammo Natanzga amalga oshirilgan hujum ko’rsatdiki, engi bunga erishishning imkoni yo’q”, - deydi Bayat.

Eron rasmiylari xuruj uchun Isroilga qarshi qasos olinishini aytmoqda.

Isroillik ekspert Sima Shaynning aytishicha, Tehron oldida Isroilga qarshi chora ko’rishning bir necha yo’li bor.

“Ilgari uringanlaridek, ular yana kiber sohada harakat qilib ko’rishlari aniq. Agar imkoniyatlari bo’lsa, Isroil fuqarolik infratuzilmasini ishdan chiqarishga urinishadi. Suv va boshqa sohalarda ham harakat qilishadi”, - deydi u.

Yana bir ekspert Eldad Shavitga ko’ra, Isroil va Eron o’rtasidagi ziddiyatning kuchayishi Bayden ma’muriyatini Tehron bilan tezroq kelishuvga erishishga undashi mumkin.

“AQSh ma’muriyati hozir eronliklar bilan tezroq kelishuvga erishish uchun yanada ko’proq bosim ostida qoladi, chunki avvalgi kelishuvga qaytish ular uchun strategik maqsad va Eron masalasida ularda muqobil boshqa siyosatning o’zi yo’q”, - deydi Shavit.

Zarifning aytishicha, Isroil xuruji ortidan Eron uranni boyitish ishlarini yanada kuchaytiradi.

Demokratiyalar mudofaasi jamg’armasi tahlilchisi Benham Ben Teleblu fikricha, Eron sanksiyalardan qutilish va AQShga bosimni oshirish maqsadida yadro dasturidan ta’sir o’tkazish vositasi sifatida foydalanishni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG