Breaking News

C5+1 dialogida ham Bayden davri boshlandi


C5+1 dialogi, 23-aprel, 2021

AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari 2015-yildan beri muntazam uchrashadi. Pandemiya davrida yig'inlar asosan virtual. Bugun ilk bor AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken davraga kirdi.

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Amerika bosh diplomatlari, kutilganidek, Afg'onistondagi vaziyat va tinchlik muzokaralari, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, ijtimoiy taraqqiyot, koronavirusga qarshi kurash va iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan chora ko'rish xususida gaplashdi.

Entoni Blinken, AQSh Davlat kotibi
Entoni Blinken, AQSh Davlat kotibi

Blinken Markaziy Osiyoda xotin-qizlar yuritadigan bizneslarni quvvatlash maqsadida ikki yillik loyiha boshlanayotganini e'lon qildi. Bu Davlat departamenti global miqyosda olib borayotgan dasturning bir qismi.

Vashington Markaziy Osiyo har jihatdan birdam bo'lishi, ayniqsa mintaqadagi davlatlar iqtisodiy jihatdan bir-biriga yaqindan ulangan va o'zaro hamkorlik qiladigan tizim sifatida rivojlanishi tarafdori.

Respublikalardagi hukumatlar bunday undovni olqishlaydi va rasmiylar ta'kidlaydiki, muammolar bir yoqadan bosh chiqargan holda hal etiladi, har qanday kelishmovchilik o'zaro manfaatlarga asoslanib yechilishi kerak.

AQSh bu harakatlarda hamisha oshkoralik, shaffoflik, adolat va erkinlikka urg'u berib kelgan. Blinken ham bugungi yig'inda shu omillarni eslatdi.

Toshkent, 23-aprel, 2021
Toshkent, 23-aprel, 2021

O'zbekiston qo'shnilar bilan ahillikda iqtisodiy taraqqiy etish va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash uning tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalish ekanini qayd etdi.

Toshkent, shuningdek, Orolbo'yi hududidagi og'ir ekologik ahvolga diqqat qaratib, qo'shnilari va AQShni bu mintaqada sharoitni yaxshilash uchun BMT loyihalari doirasida hamkorlik qilishga chaqirdi.

Tashqi ishlar vaziri regional energetik tizimni raqamli texnologiyaga o'tkazish, ekologik talablarga javob beradigan innovatsion mexanizmlarni ishga solish xususida ham murojaat qildi.

Yozda Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligi haqida anjuman o'tishi kutilmoqda. AQSh ham unga taklif qilingan.

Yaqin kelajakda AQShning Global iqlim bo'yicha maxsus vakili Jon Kerri mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi, Nursulton, 23-aprel, 2021
Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi, Nursulton, 23-aprel, 2021

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi Amerika sarmoyasi va texnologiyasi zarurligiga urg'u berib, uning davlati va qo'shnilar uchun bu masalalar o'ta ahamiyatli, deya tushuntirdi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev yuqorida qayd etilgan mavzular qatorida koronavirusga qarshi choralar haqida so'zladi. Bishkekka ko'ra, vaksina ta'minoti adolatli yo'lga qo'yilishi kerak. Qirg'iziston bu borada Amerika yetakchilik qiladi va yordam beradi, degan umidda.

Kazakbayev iqtisodiy yetishmovchiliklarga to'xtalar ekan, qarz o'rniga ekologiya va iqlim bo'yicha loyihalarni ishga olish mumkin, deya taklif qildi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi, Bishkek, 23-aprel, 2021
Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi, Bishkek, 23-aprel, 2021

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhiddin esa terrorizm, ekstremizm va koronavirusga qarshi kurash engi dolzarb vazifa, deya ta'kidladi. Vazir Dushanbe uchun ham iqlim bilan bog'liq muammolar real ekanini eslatdi.

Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashit Meredov uning davlati Bayden ma'muriyati va qo'shni hukumatlar bilan xavfsizlik, taraqqiyot, iqtisodiyot, iqlim ravnaqi, savdo va sarmoya borasida birga ishlashga shay ekanini aytdi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, Dushanbe, 23-aprel, 2021
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, Dushanbe, 23-aprel, 2021

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG