Breaking News

Xalilzod: Afg'on kuchlari Tolibonga qarshi tura oladi


AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod qonunchilar oldida hisobot bermoqda, Vashington, AQSh, 2021-yil, 27-aprel.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodning aytishicha, AQSh kuchlari Afg’onistonni tark etsa, Tolibon mamlakatni yana qayta egallab olishi mumkinligi haqidagi xavotirlarda asos yo’q. Bu haqda u AQSh Senatida kechgan tinglovda gapirdi.

“Hukumat qulab, Tolibon yana hokimiyatni egallashiga ishonmayman”, - dedi Xalilzod.

“Afg’on xavfsizlik kuchlari yanada qiyin vaziyat bilan yuzlashadi, ammo ularni yaxshi natija ko’rsata oladigan kuch deb bilmaslik xato bo’ladi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Askarlarni olib chiqish yuzasidan xavotirlar

Shu oy boshida Prezident Jo Bayden 1-maydan boshlab AQSh kuchlarini Afg’onistondan olib chiqish jarayoni boshlanishini e’lon qilgach, ba’zilar bu Afg’oniston kelajagini savol ostiga qo’yishi mumkinligi haqida xavotir bildira boshladi.

Qonunchilarning 27-aprel kuni Senatda o’tgan tinglovda aytishicha, 20 yildan beri AQSh yordamiga tayangan Afg’onistonda, agar xalqaro kuchlar mamlakatni tark etsa, Tolibonning qudrati yanada oshishi hamda ayollar huquqlari qayta cheklanishi mumkin.

Respublikachi senator Ron Jonson
Respublikachi senator Ron Jonson

“Biz jim o’tirib kuzatamizmi? Qo’limizni qovushtirib, attang, shuncha muvaffaqiyatga erishgan edik, deymizmi?” – deya savol berdi respublikachi senator Ron Jonson.

Xalilzodning aytishicha, bunday xavotirlarda jon bor, ammo Afg’onistonda AQSh kuchlarini yanada ko’proq ushlab turishdan biror foyda yo’q.

“Tolibon bilan biz tuzgan kelishuv hozirgi sharoitda eng yaxshi yechim”, - dedi u.

“Agar biz yana bir-ikki yil yoki uzoq muddat qolsak, urush holatiga qaytamiz”, - deya qo’shimcha qildi Xalilzod.

Unga ko’ra, Afg’onistonda AQSh askarlari hozir son jihatidan Tolibonga bas kela olmasligi mumkin.

“Hozirgi ustunlikni saqlab qolish, ya’ni qo’shimcha hududni boy bermaslik uchun ko’proq askarlarni olib kelishga ehtiyoj tug’ilishi mumkin. Hatto AQSh-Tolibon bitimi imzolanishidan oldin ham hududlar bo’yicha harbiy muvozanat so’nggi yillarda salbiy tomonga o’zgarayotgan edi”, - dedi Xalilzod.

AQSh maxsus vakilining qayd etishicha, Tolibon ayni paytda kelishuv shartlariga to’liq rioya qilmaslik hamda hozirgi Afg’oniston hukumati bilan muloqot olib borishni rad etishning oqibatlari haqida ogohlantirilgan.

“Agar ular muzokara orqali erishilgan kelishuvga to’sqinlik qilsa va harbiy yo’l bilan hokimiyatni egallash yo’lini tanlasa, ular Afg’oniston kuchlari emas, balki AQSh va ittifoqchilarimiz qarshiligiga uchraydi”, - deya qo’shimcha qildi Xalilzod.

AQSh diplomatlari uyga qaytmoda

Bu orada AQSh Davlat departamenti zo’ravonlik kuchayishi ehtimoli borligi uchun Kobuldagi AQSh elchixonasining bir qator xodimlariga AQShga qaytishni buyurdi.

Elchixonaning aytishicha, xodimlarning kamayishi zarur ishlarni amalga oshirishga xalal bermaydi.

“Boshqa joydan turib ham ishini bajarishi mumkin bo’lgan ishchilar soni kamaytirilmoqda. AQSh kuchlarini olib chiqish va Afg’oniston xalqini qo’llab-quvvatlash bo’yicha qilinadigan muhim ishlar bilan band xodimlar o’z o’rnida qoladi. Ishlarimizda biror o’zgarish bo’lishini kutmayapmiz”, - dedi Kobuldagi diplomatik missiya yetakchilaridan biri Ros Uilson.

AQSh harbiylari ayni paytda askarlarni olib chiqish paytida Tolibon tomonidan yuz berishi mumkin bo’lgan ehtimoliy hujumga qarshi choralar ustida ishlamoqda.

Shu maqsadda Qatardagi AQSh harbiy bazasiga to’rtta B-52 bombardimonchi samolyoti jo’natilgan. Ular Afg’onistondagi 10 ming AQSh va NATO askarlariga havodan mudofaa ko’magini beradi.

Shuningdek, “Duayt Eyzenxauer” avianosetsi mintaqaga yaqin joyda saqlanadi. Askarlarning chiqishiga ko’maklashish va ularni himoya qilish uchun Afg’onistonga qo’shimcha kuchlar kiritilishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG