Breaking News

Makkenzi: Afg'oniston kuchlari Tolibonga mag'lub bo'lishi mumkin


Afg'oniston askarlari. Kobul, 18-yanvar, 2021.

Afg’oniston zaminidan AQSh va harbiy koalitsiya kuchlarining chiqib ketishi ortidan Tolibon mutlaq ustunlikka ega bo’lishi mumkin. Muvozanatning o’zgarishi Afg’oniston hukumati kuchlarini muqarrar mag’lubiyatga eltishi tayin. AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari general Kennet Makkenzi ana shunday fikrda.

Qonunchilar huzurida so’zlar ekan, general AQSh va koalitsiya kuchlari safidagi 10 mingga yaqin harbiy Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining Tolibonga qarshi kurashida muhim dastak bo’lib kelganiga urg’u berdi. Uning ta’kidlashicha, Afg’oniston armiyasi mamlakatni mustaqil mudofaa qilishga qodir emas.

“Afg’oniston harbiylari uzoq yillar tayanib kelgan kuchlarsiz ayni damda egallab turgan pozitsiyasini saqlab qola olmaydi degan xavotirdaman”, - dedi Makkenzi Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasidagi nutqida.

AQSh va NATO kuchlarining bevosita yordami kesilgach, Afg’oniston harbiylarining ustunlikni saqlab qolishi shubhali. General Makkenzi, xususan, havodagi ustunlikning boy berilishi ehtimoli katta ekanini aytgan.

Qo’mondon tomonidan vaziyatga berilayotgan baho AQShning boshqa rasmiylari, snuningdek, “Twitter”dagi bayonotida milliy armiya qudratiga to’liq ishonch bildirgan Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’aninikidan keskin farq qilmoqda.

“Afg’onistonning mag’rur xavfsizlik va mudofaa kuchlari shu kunga qadar bo’lgani kabi mamlakat va aholini munosib himoya qilish qudratiga ega”, - deb yozdi G’ani o’tgan hafta.

Uzoq davom etgan muhokamalar ortidan AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan hafta mamlakat kuchlarini 1-maydan boshlab vatanga qaytarish jarayoniga start berilishini ma’lum qildi. Ana shu qaror ketidan Afg’oniston kuchlarining mustaqil salohiyati va mamlakat kelajagi borasida Vashingtonda bahs-munozaralar qizigan.

“Amerika xalqi bu qaror oqibatlari ijobiy bo’lmasligini tushunishi kerak. Afg’oniston kuchlari o’z pozitsiyasini boy bersa, ana shu hududlarda Tolibon qo’llagan zulmga doir xabarlar keladi”, - dedi respublikachi senator Mayk Raunds.

Afg’onistonni tark etishga hozirlik ko’rar ekan, AQSh va koalitsiya kuchlariga Tolibon tarafidan shiddatli hujumlar uyushtirilishi ham ehtimoldan holi emas.

Tolibon liderlari xorijiy kuchlar avval kelishilganidek Afg’onistonni 1-mayga qadar tark etmasa, muammolar yanada kuchayishidan ogohlantirgan edi. Ayrim qonunchilar va tahlilchilar nazdida, Tolibon AQSh kuchlarini tinchgina kuzatish payida emas.

Makkenzining aytishicha, Tolibon kamida 50 ming jangariga ega. 10 yil avvalgidan ko’ra kattaroq hudud ustidan nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’lgan. Shunday ekan, Afg’onistonning xavfsizlik kuchlari yakkama-yakka to’qnashuvlarda Tolibonga jangni boy berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG